Metakognitsiya - fikrlash haqida fikrlash (yohud juft bilan suhbat)
Metakognitsiya - bu odam o'z fikrlash jarayonini kuzatishi, baholashi va ongli ravishda o'z fikrlarini boshqarish qobiliyati.
Osonroq aytadigan bo'lsak - qanday fikrlayotganimiz haqida fikrlash.
Aytaylik kimdir kitob tavsiya qildi. Uni o'qidik. Tushungandek bo'ldik. Ammo negadir tadbiq qila olmaymiz. Bu yerda o'sha eski "o'qish bilan uqish boshqa-boshqa" degan gapni eslaymiz.
O'qish bu tanishish, uqish esa anglab yetish degani. Metakognitsiya bu biror mavzuni anglab yetishimizga yordam beradi.
Inson biror narsani o'rgansa o'ziga ishonchi ortadi,
men buni bilaman degan xulosaga keladi. Metakognitsiya esa
men haq ekanligimni qayerdan bilaman degan savol berishga undaydi.
Shu sabab ko'p insonlar o'z fikrlariga qarshi fikrlar, tanqidlar qidirib yurishadi. Maqsad o'z fikrlarini yaxshilab taftish qilish. Chunki odam o'z miyasiga ishonsa u o'z-o'ziga qarsak chalishga usta.
Shuning uchun atroflicha fikrlash muhim. O'z fikrlarimizni kuzatishimiz juda muhim.
O'z fikrlarimizni kuzatishdagi muammo bu fikrlarimiz juda tezligi. Bir soniyada bir nechta fikrlar keladi, aralashib ketadi va emotsional holatimizdan kelib chiqib tez xulosaga borib qolamiz.
Fikrlarni kuzatishimiz uchun yozish foydali deymiz. Bir usuli bu bloknot yozish. Yozish haqiqatdan ham odam o'z fikrini turli tomondan ko'rishga yordam beradi. Bu uchun uzun-uzun insholar yozish shart emas. Qisqa bo'lsada "balki bunday emasdir" degan yondashuv bilan qarab ko'rish va fikrlarni shunchaki yozib qo'yish ham yordam beradi.
Bloknot albatta yaxshi. Ammo undanda yaxshiroq usul bor.
Bloknot yozishdagi muammo shuki biz fikrga qanchalik atroflicha qarashga harakat qilmaylik, baribir o'z aql-idrokimizdan tashqariga chiqib fikrlay olmaymiz. O'sha avvalgi bilimlarimiz atrofida aylanib fikrlayveramiz. Yozuvchi ham o'zimiz, o'quvchi ham.
Metakognitsiya rivojlantirishda bloknotdan yaxshiroq usul bu o'z jufti bilan suhbatlashish.
Nega unday? Chunki bloknotdagi gaplar bizga juftimiz beradigan savollarni bermaydi. Juft bilan suhbat biror fikr bildirganimizda mantiqdagi bo'shliqlarni, ko'r nuqtalarni (blindspots) yaqqolroq yuzaga kelishiga yordam beradi.
Undan tashqari inson suhbat davomida fikrini teranroq tushuntirishga harakat qiladi. Sababi suhbat davomida yuz ifodalari, hissiyotlar qorishgan bo'ladi.
Yana bir foydali tomoni "birgalikda fikrlash" imkonini beradi. Bitta kalladan, ikkita kalla yaxshi...
Bloknot bu yolg'izlikdagi tafakkur bo'lsa, juft bilan suhbat birgalikda bo'ladi. Feedback olishimiz uchun yozganimizni qayta o'qishimiz kerak, juft bilan esa feedback o'sha zahoti bo'ladi.
Juft bo'lishi shartmi? Bo'lmasa nima ham qilar edik.
Bo'ydoqlarga bloknot ham yaxshi albatta.
Do'st bo'lsa ham bo'ladimi? Ha, bo'ladi albatta. Ammo o'zga jins vakilida fikrlarga biz ko'rmaydigan tomondan qarash xislati berilgan. Do'stimiz gormonlari biznikiga o'xshash bo'lgani uchun, miyasi ham biznikiga yaqinroq bo'ladi.
Endi farq faqat gormon bilangina o'lchanmasligi aniq. Undan tashqari rostgo'ylik, adolat, hammaqsadlilik, tanqidni qabul qila olish kabi ijobiy xislatlar bo'lishi ham muhim. Boshqa yana bir qator ijobiy xislatlar bilan birgalikda.
Shunday ekan azizlar, juft tanlashda bizni fikrlashimizni challenge qila oladigan, bizni "yo'lga soladigani" bo'lishiga e'tibor beramiz? 😁 Shu bilan birga o'zimiz ham shunday bo'lishga harakat qilamiz.
Juda qiyin qivordima?! 😁
Bek Olimjon
24.10.26
Norvegiya