uz
Feedback
Fikriyat.

Fikriyat.

Kanalga Telegram’da o‘tish
469
Obunachilar
-124 soatlar
-17 kunlar
-130 kunlar
Postlar arxiv
Repost from Golden Books
🗳Oldindan buyurtma “Atom odatlari” kitobining akasi "Ultrabilim" kitobiga oldindan buyurtma qabul qilamiz. Kitob 24-iyunda d
🗳Oldindan buyurtma
“Atom odatlari” kitobining akasi "Ultrabilim" kitobiga oldindan buyurtma qabul qilamiz. Kitob 24-iyunda doʻkonimizda boʻladi. Talab yuqoriligi va tez tugashini inobatga olib kitobga oldindan toʻlovni e'lon qilamiz. ✅ 60.000 soʻm oldindan buyurtma berganlar uchun. ❇️ 70.000 soʻm sotuvga kelganidan keyin. Viloyatlardan buyurtma beradigan kitobxonlar uchun 24-iyundan pochtaga topshiriladi. O'zbekiston bo'ylab uyingizgacha yetkazib berish: 25.000 so'm.
“Atom odatlari” inson hayotini mayda, lekin doimiy odatlar orqali o‘zgartirishni tushuntiradi: qanday qilib yaxshi odat hosil qilish, yomon odatdan voz kechish va intizomli hayot qurish mumkin. “Ultrabilim” esa shu intizomni bilimga aylantirish uchun kerak bo‘ladigan kitob. U faqat ko‘proq o‘qish haqida emas, balki o‘qigan narsani tushunish, eslab qolish, fikrlash va hayotda qo‘llash haqida gapiradi. Bugun ko‘pchilik ma’lumot ko‘p bo‘lgan zamonda yashayapti, lekin hamma ham uni bilimga aylantira olmaydi. “Ultrabilim” aynan shu joyda kerak bo‘ladi: u miyani tartibga solishga, o‘rganish jarayonini yengillashtirishga va insonni yanada ongliroq harakat qilishga undaydi. Agar “Atom odatlari” sizga qanday yashashni tartibga solishni o‘rgatsa, “Ultrabilim” sizga qanday o‘rganish, qanday fikrlash va qanday o‘sishni ko‘rsatadi.
✊ Bu kitob o‘z ustida ishlayotgan, vaqtini bekorga sarflamaslikni istaydigan va bilimini haqiqiy natijaga aylantirmoqchi bo‘lgan har bir kitobxon uchun foydali tanlovdir. Ingliz tilidan: Muhammad Dovud Asadov Hajmi: 352 bet Muqova: qattiq
Buyurtma: @goldenbooks_admin Bosh raqam: +998994759755 Guliston raqam: +998994459755
📍Manzil: Guliston shahar, Alisher Navoiy xiyoboni. Ish vaqti: 8:00-21:00. 📚 @goldenbooks_uz — Biz baxt ulashamiz

Savoddan bebahra jamiyat – bu odamlari bir-birini tushunmaydigan jamiyatdir. Bu esa ularni bir-biriga nisbatan dushmanroq qilib qo‘yadi va boshqarishni ham osonlashtiradi. Buyuk adabiyotlarni o‘qish shunchaki maqomni ko‘z-ko‘z qiladigan ermak emas. Yaxshi tarbiya ko‘rgan va yetuk zehn sohibining asarini o‘qiganingizda, ongingizning fikrlash qobiliyati kengayganini chinakamiga his etasiz. Buyuk asar – bu shunchaki buyuk tafakkur mahsulidir. Agar biz jamiyat sifatida buyuk tafakkur ustida mulohaza yuritishni ixtiyoriy bir mashg‘ulot deb bilsak, o‘zi va atrofidagilar uchun xavf tug‘diradigan johillar qurshovida qolamiz.

Qashshoq mamlakatlarda hamma narsa pul bilan oʻlchanadi. Kishilarning birlamchi ehtiyoji hisoblanmish moddiyat ijtimoiy tarzda yoxud davlat yordami bilan taʼminlab qoʻyilgan jamiyatlarda esa eʼtibor boshqacha, farqliroq, qiymatliroq narsalarga qaratiladi. Diqqat eʼtibori, ustuvorlikning bunday farqlanishi sabab emas, balki oqibatdir. Birlamchi ehtiyojlarning yetishmasligi ayrim odamlarda ularning mavjudligini yuksak statusga/mavqega/ustunlikka aylantiradi. Birlamchi ehtiyoji toʻkis insonlar shu tariqa qashshoq jamiyatlarda e'tibor markazini band etadi va maqsadlar/umidlar/orzular nishoniga aylanadi. Bu koʻpincha jamiyatning oldga yurishiga toʻsiq boʻlib xizmat qiladi, xuddi atrofi baland devor bilan oʻrab qoʻyilgan qishloq ahli tashqariga chiqmaguncha uni koʻra olmaganidek, qashshoqlar moddiy ehtiyojlardan narisini koʻrishga ojizlik qiladi. Tashqariga moʻralaganlar yoxud hatto chiqqanlar yo eʼtibordan chetda qoldiriladi yoki notoʻgʻri tushunilib aybdorga chiqariladi. Bunday holatda insonlarning real salohiyat/qobiliyatlari toʻlaqonli, toʻkis baholanmaydi, munosib qiymat kasb etmaydi. Butun jamiyatning ogʻishi moddiy richagning harakatlanishiga koʻra kechadi. Birlamchi ehtiyojlarga boʻlgan aqlbovar qilmas eʼtibor uni magnitga aylantiradi va u ramziy maʼnoda sigʻinish obyekti boʻlib xizmat qiladi. Bu holatda jamiyat oldinga harakat qilish oʻrniga oʻzida borini bezatish, unga jilo berish, uni koʻz-koʻz qilish bilan andarmon-u ovora boʻladi. Shu tariqa aslida inson yaratilishida ortidagi maqsadlar hisoblanmish ijodkorlik, yaratuvchanlik, ma’no bunyodkorligi va madaniy asllik koʻzdan gʻoyib boʻla boshlaydi. Buning oqibati jamiyat uchun katastrofikdir. Ammo sekin-sekin, koʻz oʻngida va sezilmas tarzda sodir boʻlgani uchun diqqatga olinmaydi.

O'zbekistonda har qanday zamonaviylik eskining ustiga bosim bo'lib qo'shilyapti. Eskini olib tashlamayapti, aksincha ikkalasi birga yashayman deb kengayib, shishib, aholi ustisa og'ir tosh kabi bosim yaratmoqda. 2000-yillarda ota-ona qayg'usi bolalarini yeb-ichirib, o'qimishli qilib, uylab qo'yish bo'lgan bo'lsa, endi ularning ustiga bir qancha "zamonaviy" unsurlar qo'shildi. Hozir bolani o'qimishli qilishning o'zigina yetarli emas. 2000-yillarda oila bittagina bo'lsa ham moshin olishni orzu qilsa, hozir bitta moshina yetarli emas. Otaga, o'g'ilga moshin bo'lishi shart. Endi esa onaga va ayolga moshin olish moda bo'lmoqda. Yoki trend orqasidan kelgan majburiyat. Mashina markalari ham tez-tez eskirmoqda, yangisini, qimmatrog'ini olmasa, odamlar ko'zini bechorahol ko'rinib qolishmoqda. Avval tug'ilgan kun sharoitga qarab qilinadigan marosim bo'lsa, endi har tug'ilgan kunga ayiqchalar, yana nimalardir chaqiriladi. "Bu mening onam", "Bu mening otam" bo'lishi kerak har tug'ilgan kunda. Faqat kelin to'yi dabdali bo'lsa, mayli, endi yosh to'yi va sunnat to'yi ham mislsiz dabdali. Oilada har tug'ilgan bolaga yosh to'yi qilinadi katta artist chaqirib. Sayohat qilish yangi vos-vos kasaliga aylandi. To'ylarni qisqartiraylik, undan ko'ra odamlar sayohat qilsin dedik. Shukrki, to'y ham qisqarmadi, yiliga 2 marta sayohat qilish gardanimizga majburiyat bo'lib tushdi. Kreditga bo'lsa ham bormasak, bo'lmayapti. Ishqilib, zamondan ham, odamlardan ham chetda qolib ketmayapmiz. Avvalgi ayollarning tillaparastligidan noligan bugungi yosh ayollar erlari bo'yniga tilla emas, sayohat majburiyatini yuklab qo'yishdi. Go'yoki tillaparastlikdan yaxshi, lekin mazmunan bir narsa. Haj, umrani aytmasa ham bo'ladi. Albatta yaqinlarga umra sovg'a qilish yangi zarurat va majburiyat. Undan keyingi haj oshi-yu, umra oshilarni qo'yavering. Bolalarga 2000-yillarda har mavsum kiyishga kiyim bo'lishi orzu edi. Endi kiyim chikora. Bolalarga kamida 2 mlnlik o'yinchoqlar olinyapti. Boylarni bilmadim, o'rtaholgina oilalarda. Buyam yangi majburiyat bo'lib qo'shildi. Avval bolalarga velik olish orzu edi. Bugun uning yoshiga qarab veligi har yilda almashishi kerak. Kamiga elektr skuter chiqdi. Maktabga shunda bormasa bo'lmayapti. 4-5 mlnga kredit olib, ota-ona kredit to'lash bilan umri o'tyapti. Eng qizig"i, bu matohlar endi faqat o'g"ilga emas, qizga ham, o'g'ilga ham qilinishi kerak. Endi ularni o'qish puli, katta bo'lganda to"yi, uyi, sarpo suruvini ayting. Gentra, Lacettilar urfdan qoldi. Albatta uni ByD yo Kia ga almashtirish kerak. Bo'lmasa davralarda "bundoqroq", bechorahol ko'rinasan. Uy ko'p qurilyapti, bir amallab qo'shimcha uy olish albatta shart. Ijaraga bersan. Buyam obro' va pul. Bu O'zbekistondagi o'rta yoki o'rta ko'rinmoqchi bo'lgan oilalar ehtiyoji. Tasavvur qiling, bularning hammasiga qancha pul kerak? Shunaqa sharoitda kim uxlay oladi? 2000-yillarda imkoniyatsizlik chorasizligidan ezilgan bo"lsa odamlar, hozir imkoniyat ko"pligi vasvasasidan ezilyapti. Natijada oilaning hamma a'zosi ishga yaroqlimi, tinmaslikka, pul topishga, uyga har kun qanchadir belgilangan summani topib kirishga majbur. Bu yugur-yugur chop-chop bilan tunda ham uxlamayapti odamlar. Boshqalardan qolmaslik uchun uxlashni ham unitivoryapmiz. Ehtiyojning chegarasi bormi? O'zi milliontasi keraksiz bo'lgan urf-odatning ustiga qo'shilayotgan trillionta zamonaviylik va trend degan musorning chegarasi bormi? Bugun ziyoli deganda ehtiyojlari kam qatlamni tushinib qoldim. Ammo ziyolining o'zi shu musor trendning boshida turibdi. Qolib ketmaslik vasvasasiga chalingan. Demak, ehtiyoji biroz kamroq odam mutlaqo qirilib ketyapti, bo'lsa ham u boshqalar ko'zida qashshoq va dangasa ko'rinadi. Ehh. Iching kuyadi. Hech bo'lmasa, tug"ilgan kunlaringizda kun bo'yi yotib uxlanglar. Sayohatga boradigan muddatingizni eringiz yo xotiningiz uchun hech narsa qilmasdan uyda yotib uxlash uchun sovg'a qilinglar. Bir pas haqiqiy dam olinglar, odamlar. Bo'lmasa, bu qo'rqinchli bosimdan yorilib ketasizlar.

Ushbu postni oldingisiga aloqador hamda bugungi kun uchun dolzarb boʻlgani uchun ulashyapman.

Biz inflyuyenserlar asrida yashayapmiz. Inflyuyenser esa, ta’rifiga ko‘ra, madaniyatdagi eng nufuzli shaxsdir. Ular odamlarning nima haqida o‘ylashi, nima sotib olishi, nimaga intilishi, qanday so‘zlashishi, qanday kiyinishi, o‘zini va dunyoni qanday tushunishini shakllantiradi. Inflyuyenser, ayni ma’noda, zamonamizning faylasuf-hukmdoridir. Platon iyerarxiyasining cho‘qqisida turuvchi shaxs. Aql-idroki va donoligi jamiyatning qolgan qismini boshqarishi kerak bo‘lgan kishi. Ammo ularning aksariyatida na aql-idrok, na donolik bor. Ko‘pchiligida ko‘zga ko‘rinarli iste’dodning o‘zi yo‘q. Intellektual hissa yo‘q. Badiiy qarash yo‘q. Biror sohada tayinli bir mutaxassislik yo‘q. Bugungi ommabop madaniyatning eng mashhur kishilari o‘tmishdagi ziyolilar, hatto o‘z kamchiliklariga qaramay, aqalli nimadir yaratayotgan san’atkorlar va ijodkorlar ham emas. Ular shunchaki tomosha qilsa bo‘ladigan odamlardir. Hech bir foydasi boʻlmagan ishlarni katta bardavomlik bilan bajaradigan odamlar. Kamera qarshisida yashash san’atini mukammal egallagan odamlar. Xususan, yangi avlodga nazar tashlasak, manzara yanada xavotirli tus oladi. Yosh yigitlar orasida eng ommabop shaxslar strimerlardir. Ular asosan iste’dodsiz va bilimsiz shaxslar bo‘lib, o‘z kunlarini behuda va samarasiz mashg‘ulotlar bilan to‘ldirayotganini kameraga yozib oladi: videoo‘yinlar o‘ynash, dunyoqarashi va ma’lumoti cheklanganini fosh etuvchi monologlar yoki suhbatlar ulashishdan tortib, bir-biriga bachkana hazillar qilish yoki beadab aysh-ishrat bilan shug‘ullanishgacha. Bu esa ularning osongina ta’sirga beriladigan auditoriyasining asosiy qismini tashkil etuvchi, yengiltak va shubhali xulq-atvorli yosh ayollar bilan birga bo‘lgan gormonlari jo‘sh urgan o‘smir muxlislarini xushnud etadi. Yosh ayollar orasida esa moliyaviy jihatdan eng ko‘p daromad topadigan va eng ko‘zga ko‘ringanlari borgan sari Instagram modellari va OnlyFans ijodkorlari bo‘lib bormoqda. Ular shuhrati estetik jihatdan chiroyli (va ko‘pincha qattiq tahrirlangan) suratga tushish, turli kiyimlarni kiyib ko‘rish va o‘zlarining ko‘pincha zerikarli kundalik hayoti toʻgʻrisida gapirib berish qobiliyatidan boʻlak faqatgina tashqi ko‘rinishi va jinsiy jozibasiga asoslangan, insoniyat madaniyatiga qo‘shgan biror ko‘zga ko‘rinarli iste’dodi yoki intellektual hissasi bo‘lmagan ayollardir. Madaniyatimizning ilgarigi davrlarida bunday ayollar ijtimoiy narvonning eng quyi pog‘onasida, eng yomon holatda fohishaxonalarda, eng yaxshi holatda esa haramlarda yoki xususiy ijaraga olingan xonadonlarda ma’shuqa sifatida yashaydi, deb hisoblangan bo‘lardi. Bir paytlar obro‘li jamiyatdan chetda saqlangan odamlar endi uning eng ko‘p muhokama qilinadigan, eng ko‘p tomosha qilinadigan va eng ko‘p daromad topadigan a’zolariga aylandi. Bu arzimas kuzatuv emas. Sog‘lom jamiyatda moddiy muvaffaqiyat va madaniy ta’sir umumiy farovonlikka eng salmoqli hissa qo‘shadiganlar: ziyolilar, san’atkorlar, bunyodkorlar va yetakchilar tomon yo‘naladi. Bu oqim teskarisiga o‘zgarganda esa, ya'ni eng ko‘p e’tibor va eng katta mukofotlarni mutafakkir emas, balki ko‘ngilochar inson qo‘lga kirita boshlaganda, buning oqibatlari shunchaki madaniy bo‘lib qolmaydi. Ta’sirlar sivilizatsiyaviy miqyosga koʻchadi. Zero kelgusi avlod kimlar e’tirof etilib, mukofotlanayotganiga qaraydi va o‘zicha mantiqiy xulosa qilib, men ham shunday bo‘lishga intilishim kerak, deb qaror qiladi. G‘azzoliy bizni aynan shundan ogohlantirgan edi. Nafs odamzod qalbida aql-idrokdan ustun kelsa, buning oqibati buzuqlik bo‘ladi. Ayni shu hol butun bir sivilizatsiya miqyosida yuz bersa, ya’ni xazinachi taxtni egallab, vazir e’tiborsiz qoldirilsa, bunday jamiyat o‘zining nima uchun mavjudligini anglamay qoladi. (C)

Boyagina instagramda yoshlarga motivatsiya berish va yaxshi yashash boʻyicha falsafa so'qishda ilgarilagan fitnes influenserlardan biriga savol berilganini koʻrdim. U shunday debdi: "Zoʻr soqqa va pik testosteronda yashash". Eng oliy maqsad soʻralganda esa "ikki dunyo saodati" deb qoʻyibdi. Ochigʻi, bu gaplarni eshitib na kulishni, na yigʻlashni bilasan kishi. Odamlarda saviyaning pastligidanmi yoki johillik tufaylimi, mana shunday tafakkur tarzi egalari ijtimoiy etapning yuqorisiga osongina koʻtarilib olishadi. Yuqoridagi post esa shundaylarning hayot tarziga ham taalluqli boʻlishi mumkin. "Red pill"cha erkaklik, soxta masculinity jismoniy sogʻlomlik va moddiyatning ustunlashishi fonida ancha ilgarilashda davom etmoqda.

Qadimda bilimning eng oliy va eng e’zozlanadigan shakli erkin san’atlar, ya’ni grammatika, mantiq, ritorika va boshqa shu kabi fanlar bo‘lgan. Ular aynan erkin insonlar san’ati deb atalgan, boisi bu bilimlar insonni u qodir bo‘lgan eng yuksak darajaga ko‘taradi, uni yetakchilikka tayyorlaydi, deb hisoblangan. Oddiy jismoniy mehnatga aloqador har qanday narsa, shunchaki tirikchilik uchun qilinadigan har qanday ish jamiyatning eng quyi pog‘onasiga tushirilgan. U paytlarda bilimdan murod ish topish emas, balki komil inson bo‘lish edi. So‘ngra esa sanoat inqilobi yuz berdi va u bilan birga ta’limning vazifasi butkul qayta qurildi. Aksariyatimiz voyaga yetgan zamonaviy ta’lim tizimi XIX asr boshlarida Prussiyada paydo bo‘lib, butun sanoatlashgan dunyoga tarqalgan fabrika maktablaridan andoza olgan. Uning maqsadi aniq edi: sanoat ishlab chiqarishi mexanizmini “oziqlantira oladigan” intizomli, punktual, itoatkor ishchilarni yetishtirish. Biz bolalarni o‘zlarining eng yuksak timsoliga aylanishi yoki ruhini yuksaltirish uchun bilim olishga yubormaymiz. Biz ularni ishchiga aylantirish uchun qayta ishlashga jo‘natamiz. Bola maktab ostonasiga qadam qo‘yishidan boshlab unga o‘sha mash’um savol beriladi: “Katta bo‘lsang, kim bo‘lmoqchisan?” “Kim bo‘lishni xohlaysan?” deb emas, “Qanday ish qilmoqchisan?” deb so‘raladi. Har bir fan zimdan muayyan bir kasb yo‘liga yo‘naltiriladi, boladan esa o‘qishni bitirgach, o‘sha yo‘ldan ketishi va umrining keyingi qirq yilini shunga bag‘ishlab, nafaqaga chiqishga izn berilgunicha ipoteka qarzini to‘lashi kutiladi. Bugungi manosfera esa yoshlarning bu tizim tuzogʻiga tushib qolganini sezgani uchun ularga "bilimni" qutulish yo‘li sifatida taklif etmoqda. “Buni o‘rgan, mening kursimni sotib ol, shunda yollanma qullikdan xalos bo‘lib, moliyaviy erkinlikka erishasan”. Lekin e’tibor bering: hatto shu yerda, tizimga qarshi go‘yoki isyon qilayotganda ham, manosfera tizimning asosiy g‘oyasini – bilimning maqsadi iqtisodiy ekanligini to‘liq qabul qilgan. U hech qachon bilimni sizning borlig‘ingizni yuksaltirish va o‘z-o‘zidan bir inson oʻlaroq o‘zingizni namoyon etish usuli sifatida taklif qilmaydi. Bu influenserlarning yosh yigitlarni tarixni o‘rganishga, notiqlik san’atini egallashga, falsafani tushunishga, madaniyat va sivilizatsiyaning eng yuksak cho‘qqilariga koʻtarilishga undayotganini hech qachon eshitmaysiz. Taklif doim bitta: “mening universitetimga qo‘shil”, “kursimga yozil”, “qanday qilib boy bo‘lishni o‘rgan”. Ular shunchaki zavod ekspluatatsiyasini o‘zlariniki bilan almashtirib qo‘yishgan, xolos. Manosfera bilimni boylikka eltuvchi pulli qisqa yo‘l sifatida sotmayotgan paytlarida esa, ko‘pincha bilimni ochiqdan ochiq kamsitadi. Masalan, harakatning, ehtimol, eng nufuzli ovozi bo‘lgan Endryu Teytni olaylik. U bir podkastda keyinchalik butun dunyoga tarqalib ketgan quyidagi so‘zlarni aytgan edi: “Men kitob o‘qimayman. Umuman kitob o‘qimayman. Kitob o‘qishdan bosh tortishimning sababi shuki, men kitob o‘qishning o‘rnini bosadigan ish bilan shug‘ullanaman va bu “hayotni yashash” deb ataladi”. U hatto kitob o‘qishni “vaqtichog‘likning juda arzon usuli” deb atadi va miyasi “haddan tashqari rivojlangan”ligini, o‘z so‘zlari bilan aytganda, “o‘qish uchun haddan ziyod aqlli” ekanligini qo‘shimcha qildi. Bunday gʻalati holatlar birgina emas. Bu butun madaniyatga singib ketgan. “Universitetga borma”, – deyishadi ular. “Diplom uchun vaqtingni zoye ketkizma. Rasmiy ta’lim – bu firibgarlik, tuzoq, seni itoatkor holda ushlab turish uchun yaratilgan qarz mashinasi”. Ochig‘ini aytganda, yuqorida ta’kidlaganimdek, bu tanqidda jon bor: zamonaviy ta’lim tizimi haqiqatan ham ishchi tayyorlaydigan zavodga aylanib qolgan, qolaversa, mehnat bozorida biror kasb egasi bo‘la olsangiz ham, diplom endi avvalgidek kafolatlangan narvon emas. Ammo manosfera buning evaziga nimani taklif qilayotganiga bir qarang. Haqiqiy bilimga intilishni emas, tarix yoki falsafa yoxud insoniyat tafakkurining buyuk merosini emas, balki mahsulotlarni olib-sotish va onlayn pul ishlash haqidagi pullik kursni. (C)

Quruq nazariya zerikarli, uni argumentlar keltirib voqelik bilan solishtirib, taqqoslab tushuntirish eng zoʻri. Fakt va hodisalarga boy tushuncha miyani kuchli tarzda sehrlash xususiyatiga ega. Bizdagi kamchilik esa nazariyalar ustida mutaxassis boʻlib olamiz, ammo voqelik ustida maʼlumotga ega boʻlmay turib nazariyani bor haqqoniyat oʻlaroq qabul qilib olamiz va shunga koʻra haqmiz kabi fikr yuritamiz. Vaholanki voqelikning murakkabliklari aro qadam bossak, toʻgʻri deb bilgan nazariyalarimiz aysbergning uchinigina aks ettiradi, xolos.

Oldingi musulmon xalqlari bir-birini oson tushunganini sababi tillarining yarmidan koʻp qismi arab va fors tili kalimalaridan
+1
Oldingi musulmon xalqlari bir-birini oson tushunganini sababi tillarining yarmidan koʻp qismi arab va fors tili kalimalaridan iborat boʻlgani edi. Hozirgi tilimizga bu oʻta yot boʻlib koʻrinadi, ammo ajdodlarimiz uchun normal holat edi bu. Va oʻrtacha savodli musulmon oʻzini tilidan tashqari arab va fors tillarini bilishi odatiy hol hisoblangan. Chunki kundalik lugʻatda bu tillar soʻzlaridan faol foydalanilgan. Eski Usmonli/Eski turk tili ham xuddi shunday boʻlgan. Shu bois ham qadimda elchilar, savdogarlar oʻzaro muloqotda bir-birini qiyinchiliksiz tushuna olgan. Hatto fors va turklar gaplashganda ham umumiy lugʻatlar sabab maʼlum miqdorda oʻzaro tushunish mavjud boʻlgan. Biz mana shu madaniyatni qayta tiriltirishimiz kerak.

Bugungi musulmon yoshlari oldida turgan vazifa musulmon va turkiy oʻlkalar bilan har qanday usulda va imkon qadar yaqinlashishdir. Bu oʻzaro yaqinlashuv – til, tarix, din, madaniyat, tafakkur aro boʻlsin – kelgusida baayni tarixning ilk davrlaridek oʻzaro ilmiy hamkorlik, lisoniy birlik, madaniy oʻxshashlik hamda fikriy yaqinlikning qaror topishiga sababchi boʻladi. Oʻrta asrlarda hukmron boʻlgan ikki til – arab va fors tillarining Bolqon mintaqasidan to Bengal vohasiga qadar yoyilgani va bu hudud ichkarisida yashaydigan aholining bir-biri bilan qiyinchiliksiz munosabat va muomala qura olgani, ilm ahllari hamkorlik qila olgani, savdo-sotiqlarning yirik lisoniy toʻsiqlarsiz kechgani musulmon dunyosida mavjud yakka hukmron til, lugʻat va alifboning naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Shu maʼnoda alifbodagi ayrim harflar oʻzgarishi qaysidir maʼnoda bizni Türkiye bilan yaqinlashtirishi nuqtayi nazaridan ijobiy holat oʻlaroq koʻrilishi kerak. Ammo bu faqat boshlangʻich boʻlmogʻi kerakki, bizning quradigan ittifoqlarimiz, yaqinlashuvlarimiz faqatgina turkiy dunyo bilan cheklanib qolishi durust emas, aksincha butun musulmon dunyosini oʻz ichiga oladigan yirik madaniy, siyosiy va iqtisodiy blok vujudga keltirishdir asl maqsad. Buning uchun fikrlashlarimiz milliy davlatchilik sathi va mezonlarida qolib ketmasdan, "nation-state" tizimi sarhadlaridan tashqariga chiquvchi, milliy-irqiy ayirmachilikka yoʻl qoʻymaydigan tarzda qayta koʻrib chiqilishi kerak. @Tafakkur_chizgilari

Nima yozsang ham xato yozasan, nima gapirsang ham xato gapirasan, qiladigan xatti-harakatingning negizi xatodan iborat. Insonning asli xatodan iboratdir asli. Hatto insoniy munosabatlarning asosi ham xatolarning oʻzaro almashinishi, tortishilishi, gaplashilishi va yashashidan iboratdir. Kitoblarda deyarli barcha mualliflar dunyo va insonlar xatti-harakatlari va fikrlarida bor deb bilgan nuqsonlarni qalamga oladi. Va bu nuqson-kamchiliklar yangi ijod durdonalarining dunyo yuzini koʻrishiga omil boʻladi. Takror garchi mukammallashuvga yoʻl ochsa-da, aslida insoniyat taraqqiyotining tamali boʻlgan xatoning oʻzigina bundan buyongi ilmiy, fikriy va maʼnaviy ilgarilashni keltirib chiqarishi mumkin. Va suhbatlar, munosabatlar, fikr almashuvlar ayni bir xatoning oʻzi haqida emas, balki muqobil xatolarni oʻrtaga chiqarishdan iborat boʻlmogʻi kerak.

Repost from Tarjima va Tanqid
O‘zbekistondagi zamonaviy to‘ylar: marosimlarning “yuqoridan” va “pastdan” o‘zgarishi Ushbu tarjima Tommazo Trevisanining O‘z
O‘zbekistondagi zamonaviy to‘ylar: marosimlarning “yuqoridan” va “pastdan” o‘zgarishi  Ushbu tarjima Tommazo Trevisanining O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y marosimlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi chuqur tadqiqotini o‘zbek kitobxonlariga yetkazish maqsadida tayyorlandi. Matnda mustaqillik yillarida to‘ylarning nafaqat quvonchli tadbir, balki ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar va siyosiy nazorat to‘qnashadigan murakkab maydonga aylangani atroflicha yoritilgan. Muallif marosimlarning "yuqoridan" — davlatning cheklovchi qarorlari va "pastdan" — bozor iqtisodiyoti hamda mehnat migratsiyasi ta’sirida o‘zgarishini tahlil qiladi. Ayniqsa, an’anaviy mahalla tushunchasining davlat nazoratidagi bo‘g‘inga aylanishi va bu holatning to‘y o‘tkazish tartibiga ta’siri matnning markaziy mavzularidan biridir. Tadqiqotda dabdaba va isrofgarchilikka qarshi kurash shunchaki iqtisodiy tejamkorlik emas, balki avtoritar boshqaruvning jamiyatning eng nozik qatlamlariga kirib borish usuli sifatida talqin etiladi. Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan dala kuzatuvlari orqali oddiy odamlarning or-nomus va "zamonaviy" bo‘lish istagi yo‘lidagi ichki kechinmalari hamda ziddiyatlari mahorat bilan ochib berilgan. To‘ylarning "yosharishi" va undagi jamoaviy ruhning zaiflashib borayotgani haqidagi fikrlar kitobxonni bugungi ijtimoiy o‘zgarishlar haqida jiddiy mushohada yuritishga chorlaydi. Yillik mavzuyimiz — farq uchun bu matn o‘ziga xos empirik keys sifatida qiziq. Unda to‘y shunday nuqta sifatida ko‘rinadiki, bu yerda moddiy farqlar — daromaddagi, resurslarga egalikdagi, mehnat muhojirligi, davlat nazoratiga nisbatan mavqedagi tafovutlar — iqtisodiy bo‘lib qolmaydi, balki boshqa registrga o‘tkazilib, «madaniylik», «zamonaviylik» yoki «oqillik»dagi farq oʻlaroq o‘qila boshlaydi. Trevizani boy va kambag‘al to‘ylar o‘rtasidagi jarlik axloq va did tilida — «zamonaviy» bilan «qoloq», «oqil» bilan «isrofgar» qarshi qo‘yilishi orqali — qanday gapirilishini, bu tarjimada esa davlat ham, bozor ham, jamoaning o‘zi ham ishtirok etishini ko‘rsatadi. Shu tariqa matn kengroq savolni ko‘rib chiqishga imkon beradi: mulkiy tengsizlik qanday qilib ramziy o‘lchovlar kasb etadi va qaysi sharoitlarda u iqtisodiy sifatida idrok etilmay, madaniy yoki axloqiy tartibdagi farq bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Tarjimon sifatida ushbu ilmiy ish o‘zbek to‘ylari atrofidagi bahslarga yangicha, antropologik nigoh bilan qarashga yordam berishiga ishonaman. Tarjimon: Muhammad Dovud Tahrirchi: Maxfiratbegim Azizi Asl manba: Tommaso Trevisani (2016) Modern weddings in Uzbekistan: ritual change from ‘above’ and from ‘below’, Central Asian Survey, 35:1, 61-75. Tarjima: https://syg.ma/@TarjimavaTanqid/o-zbekistondagi-zamonaviy-to-ylar-marosimlarning-yuqoridan-va-pastdan-o-zgarishi Telegram | Syg.ma | Facebook | X | Instagram | Youtube | Academia.edu | Spotify | Substack

Doomskrolling (uzluksiz kontent isteʼmoli) — bu bir qora sehr marosimi. Siz ayni holatda qimirlamasdan yotasiz. Chiroqlarni o‘chirasiz, butun diqqatingizni lentaga qaratasiz. Sizga memlar, fojialar va “foydali” ma’lumotlar (aslida bari bema’nilik) ko‘rsatiladi va bilasizki, trans holatiga tushib qolasiz. Bosh barmog‘ingiz ixtiyorsiz harakatlanadi. Go‘yoki oqimdasiz, lekin bu algoritm ishga tushirishi uchun yaratilgan dofamin halqalari yordamida sun’iy ravishda qurilgan tuzoqdir. Qiladigan ishlaringiz borligi yodingizga tushadi, biroq qora oyna sizni yanada ko‘proq rag‘batlantiradigan narsani ko‘rsatib, o‘z domiga chuqurroq tortadi. Qarabsizki, butun bo‘sh vaqtingiz g‘oyib bo‘ladi. Miyangizda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday original g‘oya ham yo‘qoladi. Ochiq qolgan savollar girdobida qolib, doimo bezovtalik his qilasiz. Har kuni o‘z qurbongohingizga (karavotingizga) borasiz, tasbehingizni (Instagram/TikTok lentangizni) olasiz-da, tinimsiz axlatga sig‘inasiz. Vaqt bir-biriga qorishib, yillar o‘tib ketadi, ammo siz o‘sha odatni takrorlayverasiz. Nega? Chunki sizga hech qachon o‘z zerikishingiz, o‘z og‘rig‘ingiz va o‘z noqulayligingiz bilan yuzlashishni o‘rgatishmagan. Siz bu hissiyotlarga go‘yo ular sizni o‘ldirayotgandek qarshilik qilasiz, lekin aslida sizni hayotingizning bir qismiga aylantirgan narsangiz (skrolling) o‘ldirmoqda. Hammasi teskari. Agar shunchaki jasur bo‘lishni o‘rganib, og‘riq va zerikish keltirgan bevosita noqulaylikka yuzma-yuz kela olsangiz, o‘z original donoligingiz va ijodingiz yuksalishiga imkon yaratasiz va tom maʼnoda o‘zingiz istagan hayotda yashay boshlaysiz. (C)

Ba’zan yozish va yozmaslik yoxud gapirish yo gapirmaslik oʻrtasidagi farqlar koʻz oldimda va yo xayolimda erib ketgandek tuyuladi. Ikkisi ayni paytda koʻp farqni oʻzida jamlagan, boshqa tarafdan ayni bir narsani aks ettiradigandek koʻrinadi. Albatta birinchilari subyekt tomonidan allaqanday maqsad, qasd ila amalga oshiriladi, ikkinchilari esa shunchakilik sababini tashiydi. Shu bois avvalgilarini natijador deb oʻylaymiz. Ammo yozma va ogʻzaki sukut baʼzida shovqindan ham koʻra taʼsirchan va yo natijador boʻlib chiqishi mumkin. Lekin shovqin va ovoz shubhasiz har doim tomoshabinlariga yoxud tinglovchilariga ega boʻladi. Ularning kutilmalari qanday boʻlishidan qatʼi nazar ular auditoriya oʻlaroq mavjud. Va shu auditoriyaning mavjudligi soʻz sohibini oʻzidan muayyan shovqin/ovoz chiqarib turishga undaydi. Ularning yoʻqligi esa bu shovqin va sasni oʻz-oʻzidan yoʻq qilib yuboradi va insonni oʻz-oʻzi bilan yuzlashtiradi va jimjitlik, sukutga mahkum etadi. Inson sukut va jimjitlikning vahmga soluvchi va qoʻrqituvchi ogʻirligidan shovqin ichida panoh topadi va shu sababli ham oʻzidan sas chiqarishga intiladi. Inson hatto doimiy ravishda mana shu shovqin ichida yashashi, vaqtining butunini shuning ichida oʻtkazishi mumkin va buning farqiga bormaydi. Va ushbu shovqinlar naqadar maʼnosiz va mazmundan ayro, mantiqqa begona, tamoman hissiyotdan iborat boʻlsa-da, insonlar vaqti va g'ayratini ulardan ma‘no axtarishga sarf etadi. Bundan hamma narsa absurddan iboratdek maʼno kelib chiqishi va insonda tamoman sassizlikka gʻarq boʻlish istagi uygʻonishi mumkin. Ammo unday emas.

Bu kitobda aytilishicha Turkiston xonliklarining choʻkishiga biz bilganingizdek Ipak yoʻli oʻz ahamiyatini yoʻqotishi va xonliklarning dunyo eʼtiboridan uzilib qolishigina emas, balki bir qancha omillarning birlashmasi sabab boʻlgan. Birinchisi 17 asrdan to 19-asr boshlarigacha butun dunyo boʻylab "Kichik muzlik davri" deya atalgan oʻta sovuq bir davr kechadi. Bunda harorat butun yil davomida ancha past holatda saqlanib turadi. Bu manbalarda qayd etilgan. Buning sezilarli taʼsiri 18-asrda boʻlgan. Buning ortidan Turkiston aholisi tuzuk ekin-tekin qilolmagan, yogʻingarchiliksiz oʻta quruq fasllar bunga xalal bergan, natijada oʻlkadan ocharchilik arimagan. Bu umumiy sabab. Yana bir davrga bogʻliq omil esa Nodirshoh bosqinlari, shundoq ham bir amallab kun koʻrayotgan xonlik xalqini janubdan bostirib kelgan Nodirshoh qoʻshinlari ezib tashlagan, bor-budini talagan. Shaharlarni xarobazorga aylantirgan. Aslida Nodirshoh Boburiylar saltanatining ham cho'kishida asosiy rollardan biri sifatida koʻriladi. Bu orada oʻlkaga shimoldan bostirib kelgan qozoqlar Samarqand va Qashqadaryo kabi hududlarni ayamay talab, ekinzorlarni tiklab boʻlmas darajada payhon qilgan. Buning natijasida Samarqand va qoʻshni viloyatlar aholisi yeguliksiz, suvsiz qolib yo Vodiy tomonga yo boʻlmasa janubga, Hindistonga rihlat qilishga majbur boʻlgan. Shundan soʻng Samarqand aholisi katta hajmda kamayib ketgan. Masalan mashhur Urdu shoiri Mirzo Gʻolibning bobosi Mirzo Qo'qonbegxon ham shu sababdan Samarqanddan bosh olib ketib Hindistonga kelgan. Bunaqa misollardan koʻplab uchratish mumkin. Boshqa bir sabab esa iqtisodiydir. Xitoyda boshlangan iqtisodiy kengayish va aholining ikki baravar koʻpayishi oqibatida katta miqdorda kumushga ehtiyoj sezilgan. Bu ehtiyojni qondirish maqsadida ular Markaziy Osiyo bozorlariga yuzlangan. Ammo 17-asrdan boshlab Turkiston tangalaridagi kumush miqdori asta-sekin kamayib boshlagan va Ubaydullaxon davriga kelib bu miqdor 9 foizga tushib qolgan. Natijada bu tangalardan hech bir naf koʻrmagan Xitoy bilan oʻrtamizda savdo-sotiq munosabatlari keskin pasayib ketgan. Kitobda xonliklarning choʻkishiga aloqador shu kabi qiziq yondashuvlarni koʻrish mumkin. Ammo bu oʻsha davrdagi voqelikni toʻlaqonli ochib berolmaydi. Shunga qaramay bizning oʻta tor va biryoqlama tasavvurlarimizni bir qadar kengaytirishga yordam beradi. Chunki haliyam koʻpchilik choʻkish sabablarini din, xurofot, ilmsizlik bilan bogʻlaydi. Ammo bu oʻta murakkab va koʻp uchli jarayondir.

Yaqin oʻtmish bilan bogʻlanganlik hissi har birimizda boʻlishi kerak. Ming afsuski, soʻnggi yuz yillik tariximizning fojiasi ajdodlarimiz bilan oʻrtamizdagi rishtalarni qoʻporib tashladi. Siyosat, tarix va barcha ijtimoiy fanlarni oʻrganishimiz oʻzimizni va jamiyatimizni yaxshiroq anglash, tushunishdir, hamma bu fanlarni shu maqsadda oʻqiydi, oʻrganadi. Biroq yaqin oʻtmishidan batamom uzilgan, bogʻliqligi tamoman qolmagan zamonaviy oʻzbek yuqoridagi modern ilmlarni nechogʻlik egallamasin, shaxsiyati va kimligi toʻlaqonli yuz yillar burungi ajdodini aks ettirmas ekan, oʻzligiga, vataniga, millatiga, qadriyat va milliy tafakkuriga yot va begona boʻlib qolaveradi. Biz taʼlimni tarixni tiriltirish va uni oʻzimizning milliy kimligimiz oynasi orqali oʻrganib, hozirgi kollektiv tafakkurimizga singdirish majburiyatidamiz shu bois. Shundagina muayyan milliylik yarata olamiz. Gʻarb tafakkuri va falsafasi esa nuqsonli jihatlarimizni koʻrishimiz uchun foydalanadiganimiz bir chiroq xolos.

Bu kitob ikki-uch yuz yil oldin yashagan ajdodlarimizning oʻy-xayollari, dard-tashvishlari, kundalik faoliyatlari xususida tushunchaga ega boʻlish niyatida boshlagan birinchi mutolaam edi, ammo kutilmam oqlanmadi, negaki kitob asosan iqtisodiy nuqtayi nazardan yozilgan ekan. Shu bois xalqlarning asosan savdo munosabatlari haqida ketyapti hozircha. Menga esa tepada aytganimdek koʻproq fikriy kitob kerak, men ikki yuz yil, uch yuz yil oldin yashagan ajdodimni oʻylantirgan masalalar, xayolini band etgan tashvish-o‘ylar, tafakkurida suzgan fikrlar haqida bilishni istayman. Romanlar bu borada tuzuk-quruq maʼlumot bera olmaydi, zero, asosan xayolot bilan reallikning qorishib ketgani buning bir sababi boʻlsa, yozuvchilar ilmiy faoliyatdan koʻpincha uzoq odamlar boʻlishi ikkinchi sababdir. Bizga ikkalasini birlashtira olgan haqiqiy yozuvchilar kerak. Juda ilmiy kitoblarga ham xushim yoʻq aslida shu boisdan. Gʻazallar va sheʼriyat esa oddiy xalq hayotini yetarlicha aks ettira olmaydi, ular hozirgidek asosan yuqori va oqsuyak qatlamning dardlari mahsulidir. Meni qiziqtiradigani shuki, oʻshanda ham oʻzini ziyoli va saviyali hisoblaydiganlar xayolini xalq dardi mashgʻul etganmi, yoʻqligi. Hozir esa toki shunaqa kitobni uchratguncha mutolaamizda davom etamiz

Yurtimizda hindlar koʻpayib ketdi degan gaplar yuradi. Aslida ular xonliklar davrida ham yurtimizda jamoaviy holda yashagan e
+1
Yurtimizda hindlar koʻpayib ketdi degan gaplar yuradi. Aslida ular xonliklar davrida ham yurtimizda jamoaviy holda yashagan ekan. Hatto Buxoro xoni hind savdogarlarini kelib joylashishi haqida farmon ham chiqarkan ekan: "Biz butun jamiyatning ahvoli haqida qayg‘uryapmiz. Boshqa din vakillari [hindlar] biz chiqargan farmonlarga itoat etib, bizga ko‘p madad beradilar. Shu sababli, biz ularga zulm o‘tkazishga urinayotganlarning ta’sirini zaiflashtiramiz. Bu kishilarning mol-mulki xarob bo‘lmasligini ta'min etamiz, ular himoyadadirlar. Ularning himoyasi shu yerdan bo‘ladi va orzu-umidlari Buxoroga yo‘naltirilsin". Xonliklar haqida xato tasavvurlarimiz bor. Aslida ular ham xalqining ravnaqi uchun qaygʻurgan. Botqoqlikka botishimiz va choʻkishimizning sabablari esa juda murakkab va koʻp qirralidir.

Tush koʻrish parallel va ramziy dunyoga kirib chiqishga, unda maʼlum vaqt davomida yashab kelishga oʻxshaydi. Yashay oladigan sayyoramiz bittaligini hisobga olsak, bizning ixtiyorimizga surreal olam ham berilgan boʻlib, uyqumizning maʼlum bir qismida mana shu olamda yashash imkoniyatidan bahramand boʻlamiz va bu bizga real dunyomizning bir xilligi, zerikarliligidan qochishga, muammolar ichida biroz tin olib idrokimizdan tashqaridagi jinnicha va aql qabul etmas oʻziga xos dunyoga mo‘ralash imkonini beradi. Kecha alang-jalang, ammo ayni damda yashab turgan realligimga mutlaqo teskari boʻlgan, umuman butun hayotning qaysidir bir pallalarda oʻz izini qoldirgan voqea-hodisalar, tasvirlar va odamlar ishtirokidagi ajabtovur tush koʻrdim va soʻng shularni oʻyladim. Tushlar insonga kerak. Ularsiz yashash qiyin. Robotdan farqimiz qolmasdi balki bu imkoniyatimiz boʻlmaganida. Darvoqe robotlar, sunʼiy idrok qanchalar ilgʻorlamasin, mukammallashib bormasin, inson ega boʻlgan uxlash, tush koʻrish kabi mavhum va metafizik xususiyatlarga ega boʻla olmaydi, hatto ularni tayinli izohlay olmaydi ham, aslida bu mazkur xususiyatlarning eng chuquridir, eng soddasi esa his etishdir.