«Oqsil qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi» degani afsona: tana ortig'ini saqlab qo'ymaydi
Ko'pchilikka tanish holat: zalga qatnay boshlaymizu, birinchi maslahat ovqat haqida bo'ladi — «oqsilni ko'paytir». Keyin protein kukuni, protein batonchik, kuniga necha gramm yeganimizni sanash boshlanadi.
Kardiolog Erik Topol shu «oqsil isitmasi»ni ma'lumotlar bilan tekshirib chiqadi. Uning xulosasi oddiy: bu qiziqish dalilga emas, reklama va ijtimoiy tarmoqqa tayanadi.
Isitma qayerdan chiqdi?
AQShdagi 2024 yilgi so'rovnomada odamlarning 71 foizi oqsilni ko'paytirmoqchi ekani aniqlangan, 2022 yilda bu raqam 52 foiz edi. Mashhur blogerlar kuniga har kilogramm vaznga 2,2 gramm oqsil tavsiya qiladi. Rasmiy me'yor esa 0,8 gramm — ya'ni deyarli uch baravar kam.
Qizig'i shundaki, ko'pchilik bu me'yorni allaqachon oshirib yeydi. Topolning yozishicha, amerikaliklarning 85 foizi 0,8 grammdan ko'p, qariyb chorak qismi ikki baravar ko'p iste'mol qiladi. Yetishmovchilik yo'q joyda «yetishmovchilik» sotilmoqda.
Mushakni nima quradi?
Oqsil va mushak bo'yicha taniqli mutaxassis Styuart Filips kuniga 2–3 baravar ko'proq oqsil haqidagi gapni to'g'ridan-to'g'ri «safsata» deydi. Muntazam og'irlik ko'taradiganlar uchun u 1,2–1,6 grammni tavsiya qiladi. Topol barcha tahlillarni ko'rib chiqib, 1,6 grammdan ko'pini qo'llab-quvvatlaydigan dalil topmaydi.
Ellikdan oshganlar uchun esa manzara yanada qiziq. 12 ta tadqiqotda kuch mashqlariga qo'shimcha oqsil qo'shish mushak massasiga alohida foyda bermagan. Ya'ni ishni mashqning o'zi qiladi.
Yana bir muhim fakt: tana oqsilni yog' kabi zaxiraga qo'ymaydi. O'sha kuni ishlatilmagani parchalanadi, azoti mochevinaga aylanib, siydik bilan chiqib ketadi. Ortig'ini yeyish — ortig'ini to'kish.
Ortiqchasi zararsizmi?
Bu yerda ehtiyot bo'lish kerak: dalillar hali to'liq emas. Kuzatuv tadqiqotlari yuqori oqsilli, ayniqsa hayvon oqsiliga boy ovqatlanishni yurak-qon tomir xavfi bilan bog'laydi. Sichqonlarda va odamlardagi kichik tajribalarda leytsin aminokislotasi tomirlarda pilakcha to'planishini tezlashtirishi mumkinligi ko'rsatilgan. Buyrak kasalligi bo'lganlar uchun esa yuqori oqsil aniq xavfli, holbuki buyrak faoliyati susayganlarning ko'pchiligi bundan bexabar. Parhezni keskin o'zgartirishdan oldin shifokor bilan maslahatlashgan ma'qul.
Mashhur batonchiklar ham savol ostida: ular aslida ultra ishlov berilgan mahsulot. Bu turdagi ovqatlarning xavfi haqida avvalgi maqolamizda yozgan edik.
Amalda nima qilish mumkin?
— oqsilni gramm bilan quvlashdan ko'ra, haftada bir necha marta kuch mashqi qilish;
— oqsilni kukundan emas, oddiy ovqatdan olish: qatiq, yong'oq, dukkaklilar, baliq;
— o'zimizning ehtiyojimizni hisoblab ko'rish: Topol 82 kilogramm vaznda kuniga 100–120 gramm yeydi, bu esa bemalol yetadi;
— leytsin kabi qo'shimchalarni «foydali bo'lsa kerak» deb ichmaslik.
Dinimizga nazar solsak
Qur'oni karimda: «Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar», deyiladi (A'rof, 31). Isrof faqat pulda emas — tanaga keragidan ortiq yuklash ham shunga kiradi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi qornidan yomonroq idishni to'ldirmagan», deganlar (Termiziy). Me'yor — bu kamchilik emas, hikmat.
Xulosa qilib aytganda, mushakni qoshiqdagi kukun emas, mehnat va sabr quradi. «Ko'proq — yaxshiroq» degan fikr ko'p sohada bizni aldaydi, ovqat ham bundan mustasno emas. Alloh o'zi hammamizga omonat badanni me'yor bilan asrash tavfiqini bersin.
Ayting-chi, ijtimoiy tarmoqdan eshitib, hech tekshirmasdan odat qilib olgan sog'liq qoidangiz qaysi bo'ldi?
Referans: "Our Preoccupation With Protein Intake", Eric Topol
#sogliq
@abduahad_umarov