en
Feedback
PhD Support

PhD Support

Open in Telegram

Ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va magistrlar uchun maqola, dissertatsiya, tarjima, tahrir, plagiat, manba izlash va ilmiy maslahatlar bo‘yicha professional ko‘mak. 📩 Murojaat uchun: @uzbek_scientist

Show more
The country is not specifiedThe category is not specified
1 723
Subscribers
+1024 hours
+1207 days
+34630 days
Posts Archive
Tadqiqot maqsadi qanday yoziladi? Tadqiqot maqsadi — dissertatsiyada erishilishi kerak bo‘lgan asosiy ilmiy natijani bildiradi. Maqsad odatda bitta gapda yoziladi. U umumiy, noaniq yoki reklama uslubida bo‘lmasligi kerak. Noto‘g‘ri shakl: “Talabalarning bilimini oshirish.” To‘g‘ri shakl: “Oliy ta’lim talabalarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga qaratilgan metodik modelni ishlab chiqish va uning samaradorligini tajriba-sinov asosida aniqlash.” Maqsadda uchta narsa ko‘rinishi kerak: Nima o‘rganiladi? Qanday ilmiy yechim taklif qilinadi? Natija qanday tekshiriladi? @PhD_Supp0rt

Dissertatsiya mavzusini tanlashda 5 ta asosiy mezon PhD ishining taqdiri ko‘p hollarda mavzu tanlash bosqichidayoq hal bo‘ladi. Mavzu tanlashda quyidagilarga e’tibor bering: Mavzu ilmiy muammo asosida shakllansin. Unda yangilik kiritish imkoniyati bo‘lsin. Tadqiqot obyekti va predmeti aniq ajralsin. Mavzu bo‘yicha yetarli adabiyotlar mavjud bo‘lsin. Natijani amaliyotga joriy qilish imkoniyati bo‘lsin. “Menga qiziq” degan asosning o‘zi yetarli emas. PhD mavzusi ilmiy muammo, metodologiya va natija bilan asoslanishi kerak. @PhD_Supp0rt

📚 Elektron kitoblarni topish uchun foydali manbalar Ingliz va rus tillaridagi elektron kitoblarni qidirayotganlar uchun bir nechta qulay saytlarni tavsiya qilamiz. Bu platformalarda kitob nomi yoki muallifini yozish orqali kerakli adabiyotni turli formatlarda topish imkoniyati mavjud. Ko‘p hollarda kitoblar quyidagi formatlarda uchraydi: PDF EPUB MOBI DOC FB2 va boshqa elektron formatlar Foydalanish mumkin bo‘lgan manbalar: Pdfdrive.com Fb2bookfree.com Yourpdfs.com Allbooksworld.com Bu saytlar orqali asosan ingliz va rus tillaridagi badiiy, ilmiy-ommabop, o‘quv va metodik adabiyotlarni izlash mumkin. ⚠️ Muhim ogohlantirish!
Elektron kitoblardan foydalanishda mualliflik huquqiga rioya qilish zarur. Faqat ochiq foydalanishga ruxsat berilgan, bepul tarqatilishi mumkin bo‘lgan yoki qonuniy asosda joylashtirilgan kitoblarni yuklab olish tavsiya etiladi. Yuqoridagi manbalar, asosan, ingliz va rus tillaridagi kitoblarni izlash uchun qulay. O‘zbek tilidagi adabiyotlar esa ko‘proq milliy kutubxonalar, ta’lim platformalari va rasmiy elektron resurslar orqali topiladi.
📖 Kitob nomi yoki muallifini to‘g‘ri yozsangiz, qidiruv natijalari ancha aniq chiqadi. 📢 @PhD_Supp0rt

The aim of the research — Tadqiqotning maqsadi The object of the research work — Tadqiqotning obyekti The tasks of the research work — Tadqiqotning vazifalari Methods of research — Tadqiqotning usullari Scientific novelty of the research work — Tadqiqotning ilmiy yangiligi Implementation of research results — Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi Aprobation of the research results — Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi Publication of the research results — Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi 📢 @PhD_Supp0rt

Yangi Farmonda ayrim xarajatlar doktoranturaga umumiy qabul kvotalarini maqbullashtirish hisobidan moliyalashtirilishi aytilmoqda. Oddiyroq aytganda, kelgusida doktoranturaga ajratiladigan o‘rinlar kamayishi mumkin. 📢 @PhD_Supp0rt

#VIDEO #ORCID #GOOGLE_SCHOLAR ‼️Ushbu video darsda ORCID ID olish ham Google Scholar va Researchgate tizimidagi maqolalarni biriktirish haqida ma'lumotlar beriladi Ushbu video dars yosh olimlar, universitet o'qituvchi-professorlari hamda tadqiqotchi doktorantlar uchun foydali hisoblanadi. ⁉️UDK nima? U qanday olinadi? Javob 📢 @PhD_Supp0rt

Ilmning egasi kim? O‘zbekiston ilm-fani mustaqillikdan keyin o‘tgan yillar davomida sovet davri orbitasidan to‘liq chiqib keta oldimi?
Chunki bugun ilmda shakl ko‘p, mazmun esa ko‘p joyda hali ham eski qoliplarga bog‘lanib qolgan. Hisobot bor, nizom bor, qaror bor, komissiya bor. Lekin eng asosiy savol ochiq turibdi, o’zi ilmning egasi kim? Fanlar akademiyasimi? OAKmi? Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligimi? Innovatsion rivojlanish agentligimi? Yoki har biri o‘ziga tegishli joyidan javob berib, umumiy mas’uliyat havoda qolib ketyaptimi? Ilmiy faoliyat tizimidagi eng katta muammo ham shunda - mas’ullar ko‘p, lekin javobgarlik tarqoq. Bir hujjat boshqasini to‘ldirish o‘rniga, ba’zan inkor qiladi. Bir talab boshqa tartib bilan mos kelmaydi. Izlanuvchi esa ilm qilish o‘rniga, qaysi eshikdan kirishni, qaysi qoidani qanday tushunishni o‘ylab yuradi. Ilmni kimdir “bo‘g‘zidan” ushlab, bu botqoqdan olib chiqishi kerak. Bu odam yoki tashkilot hamma narsani o‘z zimmasiga olishi, qulay lavozim kayfiyatidan kechishi, umrining bir qismini haqiqiy ma’noda ilm-fanga bag‘ishlashi lozim. Bu ish rezyumega chiroyli satr qo‘shish uchun emas. Bu ish ertangi O‘zbekiston uchun qilinishi kerak. Albatta, bunday ishlagan odamdan hamma mamnun bo‘lmaydi. Ilmni ichidagilar ham ranjishi mumkin, yuqori tizimdagilar ham doim minnatdor bo‘lavermaydi. Chunki haqiqiy islohot ko‘pchilikning komfort zonasidan bezovta qilishi mumkin. Lekin bir narsa aniq, bugun ilmni tartibga solish uchun kimdir mas’uliyatni bo‘yniga olmasa, ertaga yana shu mavhumlik, shu qog‘ozbozlik, shu “kim javobgar?” degan savol atrofida aylanib yuramiz.
Ilmga bitta aniq markaz, mas’uliyatli va ilmiy jamoatchilik bilan ochiq gaplasha oladigan rahbar kerak. Bu harakatlar kimlargadir yoqmasligi mumkin. Lekin kelajak avlod shundan yutadi. 📢 @PhD_Supp0rt

⁉️Magistratura ta’lim mutaxassisliklari uchun davlat granti - batafsil 📢 @PhD_Supp0rt

Nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti beriladi. O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun BHMning 2 150 baravarigacha 10 yil muddatga har oyda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi.
Kredit tijorat banki hisobidan yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Kredit oluvchi YAIDXP (my.gov.uz) orqali davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Kredit oluvchiga kredit, u quyidagi shartlarning barchasiga javob berganda ajratiladi: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganda; kredit olish uchun ariza bilan murojaat qilgan kunda 35 yoshdan oshmaganda; kredit oluvchi ushbu xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganda; kredit oluvchining xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganligi haqidagi diplomi belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda. Kredit oluvchi ipoteka krediti ajratish bo‘yicha YAIDXP orqali quyidagilarni ilova qilgan holda murojaat qiladi: kredit olish to‘g‘risida ariza; kredit oluvchi tomonidan sotib olinadigan uy-joy bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma. Tijorat banki 3 ish kuni ichida uning to‘lovga layoqatini o‘rganib, uy-joy sotib olish uchun unga ajratilishi mumkin bo‘lgan kredit miqdori to‘g‘risida bank xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.
Bunda kredit sotib olinadigan uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi lozim. 📢 @PhD_Supp0rt

Matematik olim G‘olibjon aka o‘z kanalida “Ilmiy kengashlarda AI ekspert-yordamchi sifatida ishtirok etsa-chi?” degan mazmundagi qiziq fikr tashlabdi!? Rostini aytsam, bu savol bir qarashda biroz futuristik eshitiladi. Xuddi ilmiy kengash zalida rais, ilmiy kotib, opponentlar, taqrizchilar qatorida yana bitta “jim o‘tirgan”, lekin hamma matnni oldindan o‘qib chiqqan AI yordamchi ham bordek. Bizning odatdagi ilmiy muhitda bunday tasavvur biroz noodatiy tuyuladi. Chunki bizda ba’zan dissertatsiyadan ko‘ra “kim keldi?”, “kim gapirdi?”, “kim nima dedi?” degan fon ham kuchliroq ishlaydi.
Lekin masalaning mohiyatiga qarasak, bu g‘oya juda jiddiy. AI ilmiy kengashda qaror qabul qiluvchi emas, ekspert-yordamchi bo‘lishi mumkin. Ya’ni u “bu dissertatsiya o‘tsin” yoki “o‘tmasin” demaydi. Bu vakolat baribir olimlarda, ilmiy kengashda, mutaxassis ekspertlarda qoladi. Ammo AI kengash a’zolariga qo‘shimcha analitik ko‘z bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Masalan, dissertatsiya matni himoyadan oldin AI orqali tahlil qilinadi. U plagiatga o‘xshash joylarni, haddan tashqari umumiy gaplarni, mantiqiy uzilishlarni, metodologik nomuvofiqliklarni, xulosa bilan natija orasidagi tafovutni, mavzu bilan ilmiy yangilik o‘rtasidagi masofani ko‘rsatib beradi. Ba’zan ilmiy ishda “takomillashtirildi”, “asoslandi”, “ishlab chiqildi” degan so‘zlar ko‘p bo‘ladi-yu, aslida nimaning qanday takomillashgani aniq ko‘rinmaydi. AI mana shu joylarda “aka, bu yerda gap ko‘p, lekin dalil kamroq” deb signal berishi mumkin. Himoya jarayonida esa yana bir qiziq imkoniyat paydo bo‘ladi. Talabgorning og‘zaki javoblari dissertatsiya matni bilan taqqoslanadi. U haqiqatan ham o‘z tadqiqotini ichidan biladimi yoki matnni birov yozib bergan, o‘zi esa faqat “tayyorlangan javoblar papkasi” bilan kelganmi — buni aniqlashda AI yordamchi vosita bo‘lishi mumkin. Chunki ba’zan himoyada odamning uchta javobidan hammasi ma’lum bo‘ladi: ish o‘zinikimi yoki “ijaraga olingan ilmiy kostyum”mi. Albatta, bu yerda ehtiyot bo‘lish kerak. AI mutlaq hakam emas. U ham xato qiladi. U kontekstni noto‘g‘ri tushunishi, milliy ilmiy maktabdagi ayrim uslubiy xususiyatlarni anglamasligi, ba’zan haddan tashqari mexanik baholashi mumkin. Ilmiy ish faqat grammatik silliqlik yoki chiroyli struktura bilan o‘lchanmaydi. Ba’zan juda oddiy tilda yozilgan ishda ham kuchli ilmiy g‘oya bo‘ladi. Aksincha, juda “akademik” ko‘ringan matn ichida suv ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun AI ilmiy kengashda “sudya” emas, “rentgen apparati” bo‘lishi kerak. Rentgen shifokor o‘rniga tashxis qo‘ymaydi, lekin ichkaridagi siniqni ko‘rsatadi. Yakuniy xulosani baribir mutaxassis beradi. AI ham shunday: u yashiringan muammolarni ko‘rsatadi, lekin ilmiy bahoni inson beradi. Menimcha, kelajakdagi ilmiy attestatsiya tizimida bunday mexanizm baribir paydo bo‘ladi. Chunki ilmiy kengashlar oldida bir muhim savol turibdi: biz faqat rasmiy tartibni bajaryapmizmi yoki haqiqatan ham ilmiy sifatni himoya qilyapmizmi? AI shu jarayonga shaffoflik olib kirishi mumkin. Masalan, har bir dissertatsiya bo‘yicha avtomatik tahliliy hisobot shakllanadi: mavzu va maqsad mosligi, ilmiy yangilikning aniqligi, xulosalarning asoslanganligi, manbalar bilan ishlash darajasi, plagiat xavfi, metodologik zaif joylar, takroriy fikrlar, statistik natijalardagi shubhali holatlar. Bu hisobot kengash a’zolari uchun yordamchi material bo‘ladi. Shunda ayrim himoyalarda uchraydigan “hammasi yaxshi, faqat ozgina tahrir kerak” degan universal jumlalar ham kamayadi. Chunki AI matndan aniq joyni ko‘rsatadi: “3-bobdagi xulosa 1-bobdagi nazariy asos bilan bog‘lanmagan”, “ilmiy yangilik sifatida berilgan fikr avvalgi adabiyotlarda mavjud”, “tajriba natijasi bilan umumiy xulosa orasida daliliy uzilish bor”. Bunday paytda gapni aylantirish qiyinlashadi.
Lekin bitta xavf ham bor: AI’ni ham byurokratik vositaga aylantirib qo‘yish mumkin. Ertaga kimdir “AI hisobotida 87 foiz yaxshi chiqibdi, demak ish zo‘r” deb, yana raqam ortiga yashirinishi mumkin. Bizda ba’zan har qanday yaxshi g‘oya oxiri “jadval to‘ldirish”ga aylanib ketish xavfi bor. 📢 @PhD_Supp0rt

2027-yil uchun ustuvor yo‘nalishlarga oid ixtisosliklar qayta tasdiqlandi Ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilash — oddiy ro‘yxat tuzish emas. Bu mamlakat ertasi uchun qaysi sohalarda kuchli ilmiy maktab, raqobatbardosh mutaxassis va amaliy natija kerakligini belgilab beradigan muhim qarordir.
2027-yil uchun 7 ta ustuvor yo‘nalish doirasida 193 ta ixtisoslik qayta tasdiqlangani ilm-fan oldiga aniq vazifalar qo‘yilayotganini ko‘rsatadi. Endi tadqiqot faqat “dissertatsiya yozish” bilan cheklanmasligi, balki real muammo, aniq yechim va jamiyatga foyda beradigan ilmiy natija bilan o‘lchanishi kerak. Yana bir muhim jihat — 2027-yildan boshlab stipendiya miqdorining 1,7 baravar oshirilgan holda to‘lanishi. Bu ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar uchun moddiy rag‘batgina emas, balki ilmga berilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir. Bugun ilmiy kadrlar masalasiga jiddiy qarash vaqti keldi. Chunki kuchli ilmiy salohiyat — kuchli ta’lim, kuchli iqtisodiyot va kuchli davlat boshqaruvining asosidir.
Ilmiy kadrlar — Yangi O‘zbekiston kelajagi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Ogohlantirish: maqolalarni faqat ishonchli ilmiy jurnallarda e’lon qiling.
Oliy attestatsiya komissiyasi tadqiqotchilarni, ayniqsa yosh olimlar va ilmiy daraja talabgorlarini qalbaki hamda klon jurnallar xizmatidan foydalanish xavflari haqida ogohlantiradi. So‘nggi yillarda ayrim nashrlar ilmiy jurnal sifatida faoliyat yuritayotgandek ko‘ringan holda mualliflarga qisqa muddatda maqola chop etish, soddalashtirilgan qabul jarayoni yoki turli xalqaro bazalarda indeksatsiya qilinganligi haqidagi ma’lumotlar orqali ularni chalg‘itishga urinmoqda.
Bunday jurnallarda e’lon qilingan maqolalar ko‘p hollarda to‘liq va xolis taqrizlash jarayonidan o‘tmaydi. Natijada tadqiqot natijalarining ilmiy qiymatiga shubha tug‘ilishi, muallifning ilmiy obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatilishi hamda akademik halollik tamoyillariga putur etishi mumkin. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

#himoya #mulohaza #tadqiqot_metodologiyasi Нуфузли ташкилот қошидаги соҳанинг етакчи олимларидан таркиб топган Ихтисослашган Кенгаш қошидаги илмий семинарда иштирок этдим. Гап кайси ташкилот ёки Кенгашда эмас.
Тадқиқотчи юксак нотиқлик маҳорати билан диссертация мазмунини тақдимот қилди. Диссертация иши ва автореферати илмий семинар аъзоларига тақдим этилган, муҳокамада тадқиқотчининг илмий раҳбари ҳам иштирок этмоқда. Тақдимотдан сўнг саволлар берилди, жавобларда илмий аниқлик ва далилланганлик етишмади. Савол берган олимлар ўзбекона юзихотирлик билан жавоблардан “қониқдим” эмас “тушунарли” деб, сўзларини якунлашди. Савол-жавоблардан сўнг расмий муҳокама бошланди, расмий тақризчилар тадқиқот юзасидан хулоса ва тавсияларини беришди. Норасмий муҳокамада савол бериб саволларига етарли жавоб ололмаган айрим олимлар фикрларини билдирди, камчиликлар бўйича тавсияларини юксак назокат ва илтифот билан етказишга харакат қилишди (бу ҳурматга лойиқ!). Шундан сўнг илмий семинар раиси диссертация муҳокамасини кейинги босқичга тавсия қилишдан аввал қуйидагиларни айтди: - Диссертациянинг вазифаларини қайта кўриб чиқиш керак, ҳозирги ҳолати ишнинг мазмуни, олинган натижаларга тўлиқ мос эмас; - Илмий янгиликларни вазифаларга мослаштириш керак; - Тадқиқот натижаларининг жорий қилиниши илмий янгиликлардан келиб чиққан бўлиши керак.... Илмий тадқиқот методологияси нуқта назаридан ва юқоридаги кейсга нисбатан жуда тўғри талаблар. Пост қўйишимнинг сабабига энди етиб келдик – Нима учун бу гапни Ихтисослашган Кенгаш қошидаги Илмий семинар раиси айтмоқда? Бу ишлар диссертация ёзишни бошлаган вақтда илмий раҳбар бошчилигида шакллантирилиши керак эмасдими? (муаммомиз шунда) Тадқиқот иши тегишли таянч кафедрада бажарилган, у ерда иш тугалланганлиги ҳақида кафедра муҳокамаси бўлиб ҳимояга тавсия қилинган. Агар тадқиқотчи докторант бўлса 3 йил давомида ҳар чоракда мониторингдан ўтган, диссертациянинг ҳар бир боби бўйича кафедрада илмий семинарлардан ўтган. Лекин нима учун тадқиқотнинг биринчи босқичида бажарилиши шарт бўлган ишлар диссертация ёзиб тугатилиб Ихтисослашган Кенгаш қошидаги илмий семинарда раис томонидан айтилмоқда... Илмий семинар раисининг барча ишларни эътибор билан кўриб чиқишига, ишга объектив муносабат билдирганларига икки карра ҳурматим ошди (илгари ҳам ҳурмат қилардим). Биз яқинда ОАК томонидан белгиланган айрим талабларнинг қийинлигидан шикоят қилдик, норози бўлдик. Лекин бир ўйлаб кўрайлик – юқорида айтилган камчиликларни бартараф этадиган кўникмалар магистратурада Илмий тадқиқот методологияси фани доирасида ўтилади. Ҳимояга чиқаётганлар магистратурада бу фанни ўқиган. Бу биринчи асос. Иккинчи асос – бу илмий раҳбарнинг масъулияти. Учинчи асос – кафедраларда тегишли ихтисосликлар бўйича илмий мактабнинг шаклланганлиги. Агар мана шу учта асос мавжуд бўлса тадқиқотларимизнинг методологияси кучли бўлади. Юқоридаги вазиятда камчилик фақат тадқиқотчида эмас. PhD босқичида илмий раҳбарнинг аҳамияти катта. Агар шу босқичда тадқиқот методологияси тушунилса докторлик тадқиқоти енгил бўлади. Шунинг учун ҳурматли устозлар, дўстлар бу фикрларимни бир мулоҳаза сифатида қабул қилиб ҳимояга чиқаётган ёшларни тадқиқотнинг биринчи босқичидан кучли методологик билимлар билан қуроллантиришимиз зарур деб ўйлаймиз. Ижтимоий-гуманитар фанларга кучли методология керак (албатта менинг фикрим жузъий характерга эга, бизда яхши тадқиқотлар ҳам кўп).
📢 @PhD_Supp0rt

Aql hammada bor, lekin uni ishlatish hammada har xil “Bu dunyoda eng to‘g‘ri taqsimlangan narsa — aql. Chunki shu paytgacha hali hech kim aqli kamligidan shikoyat qilmagan.”
Bu gap kulgili eshitiladi, lekin ichida achchiq haqiqat bor. Odam pulim kam deydi, vaqtim yetmayapti deydi, imkoniyatim bo‘lmadi deydi, tanishim yo‘q deydi. Lekin kamdan-kam odam: “Menda fikrlash yetishmayapti, men xato o‘ylayapman”, deb tan oladi. Aslida muammo ko‘pincha aqlning bor yoki yo‘qligida emas. Muammo odamning o‘z aqliga haddan tashqari ishonib yuborishida. Har kim o‘zini to‘g‘ri deb biladi. Hatto noto‘g‘ri qaror qilayotgan odam ham ichida “men bilaman” degan ishonch bilan yuradi. Bizda bunaqa holat ko‘p uchraydi: maslahat so‘raydi, lekin baribir o‘zi xohlagan ishni qiladi. Keyin natija yomon chiqsa, “nasib qilmadi” deydi. Bu fikr bizga bir narsani eslatadi: haqiqiy aql faqat bilish emas, o‘zini ham tekshira olishdir. Aqlli odam har doim ham ko‘p gapiradigan odam emas. Ba’zan aqlli odam — vaqtida jim tura oladigan, xatosini ko‘ra oladigan, boshqaning fikrini ham eshita oladigan odam. Shaxsiy kuzatuvim shuki, odamlarning ko‘pi bilim yetishmasligidan emas, o‘zini juda yaxshi bilaman deb o‘ylaganidan adashadi. Go‘yoki hamma o‘z ichida kichkina “professor” olib yuradi. Faqat ayrim professorlar hech qachon malaka oshirishga bormaydi. Shuning uchun aql bilan faxrlanishdan oldin, uni qanday ishlatayotganimizga qarash kerak. Aql hammaga berilgan bo‘lishi mumkin, lekin uni kamtarlik, tahlil va tanqidiy fikr bilan ishlatish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Eng katta donolik — o‘zini dono deb bilishda emas, hali o‘rganadigan narsam ko‘p deb tan olishdadir. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Agar bugun o‘zingga biroz talab qo‘ymasang, ertaga hayotning o‘zi talab qo‘yadi. Faqat hayotning talabi biroz qattiqroq bo‘ladi: u tushuntirib o‘tirmaydi, bahona ham eshitmaydi.
Bizda ko‘p narsa “ertadan boshlayman” degan gap bilan orqaga suriladi. Dushanbadan boshlayman, oylik tushsin boshlayman, vaqt bo‘lsin boshlayman… Lekin vaqt degani bozordagi yaxshi joyga o‘xshaydi: erta borgan oladi, kech qolgan esa “nega menga qolmadi?” deb yuradi. To‘g‘ri, odam har kuni o‘zini majburlab, tinimsiz bosimda yashashi ham kerak emas. Dam olish ham kerak, nafas rostlash ham kerak. Lekin dam olish boshqa, dangasalikni odatga aylantirish boshqa. Shaxsiy kuzatuvim shuki, ko‘p odamni qobiliyat yetishmagani emas, o‘zini vaqtida qo‘lga olmagani to‘xtatib qo‘yadi. Reja katta, niyat yaxshi, gap chiroyli. Lekin amal joyiga kelganda “keyinroq” degan eski tanish yana chiqib keladi.
Shuning uchun boshqalar bilan kurashishdan oldin, avval o‘zingdagi qo‘rquvni, dangasalikni, kechiktirishni yengish kerak. Chunki eng katta g‘alaba kimnidir yutish emas, kechagi o‘zingdan bir qadam oldinga o‘tishdir. Bugun qilingan kichik harakat ertaga katta natija beradi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Ilmiy ishda boblar soni qanday belgilanadi? Ko‘pchilik ilmiy ish boshlaganda birinchi navbatda mavzuni emas, “nechta bob yozish kerak?” degan savolni o‘ylaydi. Aslida boblar soni ishning ilmiy darajasi, tadqiqot ko‘lami va qo‘yilgan vazifalarga qarab shakllanadi.
Bakalavr bosqichidagi bitiruv malakaviy ishi odatda 2 yoki 3 bobdan iborat bo‘ladi. Birinchi bobda mavzuning nazariy asoslari yoritiladi, ikkinchi bobda amaliy tahlil beriladi. Ayrim hollarda uchinchi bobda takliflar, tavsiyalar va yakuniy xulosalar alohida ochib beriladi. Bunday ishlarning hajmi ko‘pincha 30–40 bet atrofida bo‘ladi. Magistrlik dissertatsiyasida esa tadqiqot biroz chuqurlashadi. Shu sababli u odatda 3 bob asosida tuziladi. Birinchi bobda ilmiy-nazariy manbalar tahlil qilinadi, ikkinchi bobda metodologiya va amaliy tahlil beriladi, uchinchi bobda esa muallifning ilmiy yondashuvi, takliflari va xulosalari bayon etiladi. Magistrlik dissertatsiyasi odatda 70–100 bet hajmida bo‘ladi. PhD dissertatsiyasi esa oddiy tahliliy ish emas, balki yangi ilmiy natijaga da’vo qiladigan tadqiqotdir. Shuning uchun u ko‘pincha 3 yoki 4 bobdan iborat bo‘ladi. Unda nazariy tahlil, tadqiqot metodlari, empirik yoki tajriba natijalari hamda ilmiy asoslangan takliflar izchil berilishi zarur. Hajm odatda 120–150 bet atrofida bo‘ladi. DSc dissertatsiyasi esa yanada kengroq ilmiy muammoni qamrab oladi. Bunday ishlar odatda 4 yoki 5 bobdan iborat bo‘lib, hajmi 200–250 betga yetishi mumkin. Eng muhim jihat shuki, har bir bob mustaqil ilmiy natija, yangi yondashuv yoki muhim xulosani o‘z ichiga olishi kerak.
Fikrimcha, ilmiy ishda boblar soni shunchaki “ko‘paytirish” uchun belgilanmaydi. Har bir bob tadqiqotning mantiqiy bosqichi bo‘lishi kerak. Yaxshi tuzilgan struktura — ilmiy ishning yarim muvaffaqiyati. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

“Singapur–O‘zbekiston kelajak ilm-fan yetakchilari dasturi” doirasida qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborish bo‘yicha maqsadli tanlovda ishtirok eting! ✅ Tanlovga quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi:
1. Muhandislik, elektronika, raqamli texnologiyalar va hisoblash tizimlari; 2. Ilg‘or materiallar, bioprotsessing va biomanufacturing; 3. Robototexnika, kosmik texnologiyalar va sun’iy yo‘ldosh tizimlari; 4. Transport, logistika va ulanish tizimlari; 5. Barqaror rivojlanish va energetika; 6. Molekulyar va hujayra biologiyasi, neyrofanlar hamda immunologiya; 7. Genomika, omiks texnologiyalari va yuqumli kasalliklar; 8. Bioinformatika va bioma’lumotlar infratuzilmasi; 9. Teri salomatligi, dermatologik tadqiqotlar, oziq-ovqat fanlari, nutritsiologiya hamda inson salohiyati.
✍️ Tanlov doirasida g‘olib bo‘lgan nomzodlar 2026–2027-yillar davomida Singapurning Fan, texnologiyalar va tadqiqotlar agentligida (A*STAR) 3 oy muddatga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuboriladi. ❗️Eslatma: Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladigan nomzodlarning hujjatlari 2026-yilning 3-iyunidan 30-iyuliga qadar xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etishning yagona elektron tizimi (internship.ilmiy.uz) orqali qabul qilinadi. 🌐 Batafsil 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Repost from Magistr Hub
Polemika — bu biror masala yuzasidan qarama-qarshi fikrlar to‘qnashuvi asosida olib boriladigan bahs-munozara.
Oddiy aytganda, polemika — kimnidir haqorat qilish yoki shunchaki tortishish emas, balki ma’lum bir g‘oya, qarash yoki da’voni dalillar orqali inkor etish, unga javob berish va o‘z pozitsiyasini asoslash jarayonidir. Masalan: “Sun’iy intellekt ta’lim sifatini oshiradi” degan fikrga qarshi kimdir “aksincha, u talabalarni mustaqil fikrlashdan uzoqlashtiradi” desa va har ikki tomon dalillar bilan fikr bildirsa — bu polemikadir. Ilmiy matnda polemika ko‘pincha quyidagicha ko‘rinadi: “Bu masala yuzasidan ilmiy adabiyotlarda turli yondashuvlar mavjud…” “Muallifning fikricha, mazkur qarash bir tomonlama bo‘lib, masalaning ijtimoiy jihatlarini yetarlicha ochib bermaydi…” “Ushbu yondashuvga nisbatan tanqidiy munosabat bildirish mumkin…”
Ya’ni polemika — fikrga qarshi fikr, lekin dalil bilan. 🎓 @Magistr_Hub

‼️OTM professor va o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarga 400 foizgacha ustama belgilash mumkin. ✅Manba

Ilmiy darajalar berishda 2027-yil 1-yanvardan bekor qilinadigan tartiblar to'liq ro'yxati: #PhD_Supp0rt 1. Chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish (nustaqil izlanuvchikdan tashqari); 2. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro'yxatidan o'tkazish va dissertatsiya himoyasi to'g'risida e'lon berish; 3. Dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o'tkazish; 4. Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo'yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya e'lon qilish; 5. Dissertatsiya avtoreferatini chop etish; 6. Ilmiy natijaning amaliyotga joriy etilganligi to'g'risida xulosa olish; 7. Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo'yicha ekspert kengashi tomonidan ilmiy ishni ekspertizadan o'tkazish; 8. Xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o'rinni egallagan oliy ta'lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini fan doktori (DSc) sifatida to'g'ridan-to'g'ri tan olish; 9. Himoya qilingan dissertatsiya bo'yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash; 10. Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilishda tegishli fan yo'nalishlarida milliy sertifikatga ega bo'lgan talabgorni mutaxassislik fani bo'yicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt