en
Feedback
PhD Support

PhD Support

Open in Telegram

Ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va magistrlar uchun maqola, dissertatsiya, tarjima, tahrir, plagiat, manba izlash va ilmiy maslahatlar bo‘yicha professional ko‘mak. 📩 Murojaat uchun: @uzbek_scientist

Show more
The country is not specifiedThe category is not specified
1 723
Subscribers
+1024 hours
+1207 days
+34630 days
Posts Archive
Ilmiy jurnal — faqat maqola chiqaradigan maydon emas Endi ilmiy jurnalning bahosi faqat nechta maqola chop etgani bilan o‘lchanmaydi.
Haqiqiy ilmiy nashrda taqriz tizimi, malakali tahririyat, ilmiy halollik, plagiatga qarshi qat’iy yondashuv, DOI, ORCID, ISSN, ingliz tilidagi metama’lumotlar va mustaqil veb-sayt bo‘lishi kerak.
Bu talablar bitta narsani anglatadi:
ilmiy jurnal xalqaro maydonga chiqmoqchi bo‘lsa, u shunchaki “maqola qabul qiluvchi” emas, balki ishonchli, shaffof va sifatli ilmiy platformaga aylanishi shart.
Ayniqsa, sun’iy intellektdan foydalanish ham ochiq ko‘rsatilishi, natijalar uchun esa muallifning o‘zi mas’ul bo‘lishi belgilanmoqda.
Endi ilmiy nashrning qadri maqola sonida emas, uning ilmiy etikasi, taqriz sifati va xalqaro standartlarga mosligida namoyon bo‘ladi.
Ilm-fan rivojlanishi uchun kuchli maqola kerak. Kuchli maqola uchun esa ishonchli jurnal kerak. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Repost from Scopus Academy
“Asoslandi”, “dalillandi”, “isbotlandi”… Ilmiy yangilik shumi? So‘nggi paytlarda dissertatsiyalarni o‘qib borsangiz, ilmiy yangiliklarning katta qismi bir xil qolipda yozilganini ko‘rasiz: asoslandi, dalillandi, isbotlandi. Go‘yo shu uchta so‘z bo‘lmasa, ilmiy ish ham tugallanmaydigandek.
Lekin ilmiy yangilikning vazifasi nimanidir asoslaganingizni aytish emas. Uning vazifasi — siz ilm-fanga nima qo‘shganingizni ko‘rsatish. “Asoslash” tadqiqotchining ish jarayoni. “Dalillash” metodologiyaning talabi. “Isbotlash” esa xulosaning ishonchliligini ta’minlaydi. Bularning hech biri o‘z-o‘zicha ilmiy yangilik emas. Masalan, “metodikaning samaradorligi asoslandi” deyilsa, o‘quvchi bitta savol bilan qoladi: Xo‘sh, yangilik nimada? Qanday metodika yaratildi? Nima taklif qilindi? Nima takomillashtirildi? Nima aniqlandi? Asl ilmiy yangilik shunday yoziladi: yangi model ishlab chiqildi, tasnif taklif qilindi, mexanizm takomillashtirildi, metodika yaratildi, baholash mezonlari ishlab chiqildi, qonuniyat aniqlandi. Bunday jumlalarda tadqiqotchining ilmiy hissasi ko‘rinadi. Afsuski, bizda ba’zan ilmiy yangilik natijani emas, tadqiqot davomida bajarilgan ishni ifodalaydi. Natijada bir sahifalik “ilmiy yangilik”ni o‘qib chiqasiz, lekin muallif ilm-fanga aynan nima qo‘shganini tushunish qiyin bo‘ladi. Ilmiy matnda har bir fe’lning o‘rni bor. Ammo ilmiy yangilik bo‘limida eng muhim savol bitta: “Nima yangi?” Agar shu savolga aniq javob bo‘lmasa, “asoslandi”, “dalillandi”, “isbotlandi” degan so‘zlar matnni ilmiyroq emas, aksincha mavhumroq qilib qo‘yadi.
Balki ilmiy rahbarlar, ekspertlar va tadqiqotchilar sifatida ilmiy yangilikni yozish uslubini ham qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgandir. Chunki dissertatsiyaning eng qimmat qismi — muallif nimani asoslagani emas, nimani yangidan yaratganidir. ━━━━━━━━━━━━━━━ 🎓 @Scopus_Academy Ilmiy muvaffaqiyat sari ishonchli hamroh. ━━━━━━━━━━━━━━━

Mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirmoqchimisiz? PhD va DSc bosqichlari uchun asosiy talablarni qisqa ko‘rinishda jamladik
Mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirmoqchimisiz? PhD va DSc bosqichlari uchun asosiy talablarni qisqa ko‘rinishda jamladik.
PhD uchun magistr diplomi, kamida 1 ta ilmiy maqola, tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida 2 ta tezis va suhbat talab etiladi. DSc uchun esa PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy daraja, ilmiy darajadan so‘ng kamida 3 ta maqola, 2 ta tezis, suhbat hamda doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi zarur.
Hujjatlar my.gov.uz va daraja.ilmiy.uz orqali topshiriladi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Savol: Mustaqil izlanuvchi yoki tayanch doktoranturaga hujjat topshirganda Ilmiy maqola va tezislar qismiga kiritgan maqola va tezislari o'zi tanlagan ixtisoslikka mos bo'lishi kerakmi yoki shunchaki maqola bolsa bo'ldimi?
Javob: Tayanch doktoranturaga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy natijalar, shu jumladan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo‘lmagan ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lganlar qabul qilinadi. Ya’ni ixtisoslikka mos bo‘lishi shart. Misol uchun, 09.00.03 - Falsafa tarixi ixtisosligi bo‘yicha hujjat topshirgan talabgor 14.00.05 - Ichki kasalliklar ixtisosligi bo‘yicha yozilgan maqola va tezislarini taqdim etishi qanchalik to‘g‘ri.
📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Bugun yangilik bo‘lib qolsa kerak!

Quyidagi hollarda dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:
1. Fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan kamida uchta ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga fan doktori (DSc) ilmiy darajasi; 2. fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan uchtagacha ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi; 3. salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 12 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga, eksperiment tariqasida, fan doktori (DSc) ilmiy darajasi (ilmiy natijani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha talablar bajarilgan holda); 4. muhim ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 6 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 4 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga, eksperiment tariqasida, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi.
📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Ilmiy rahbarlik institutiga qo‘yilgan yangi talablarni ilm-fan sifati nuqtai nazaridan ijobiy baholash mumkin. Endilikda ilmiy rahbar doktorant tadqiqot olib borayotgan ixtisoslikka yaqin yoki mos yo‘nalishda ilmiy faoliyat yuritgan bo‘lishi talab etilmoqda. Bu qaror zamonaviy ilm-fan rivojlanishining mantiqiy natijasidir.
Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar shu darajada tor va chuqur ixtisoslashib bormoqdaki, bitta fan tarmog‘ining o‘zida ham o‘nlab alohida ilmiy yo‘nalishlar shakllangan. Shu sababli bir sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan olimning mutlaqo boshqa yo‘nalishdagi doktorantga yuqori darajada ilmiy rahbarlik qilishi har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Xalqaro amaliyotga nazar tashlansa, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan ilmiy markazlarda doktorant uchun rahbar tanlashda birinchi navbatda olimning aynan shu tadqiqot mavzusiga yaqin ilmiy ishlari, xalqaro nashrlardagi maqolalari, grant loyihalari va ilmiy maktabdagi tajribasi hisobga olinadi. Ko‘plab universitetlarda doktorant va ilmiy rahbarning tadqiqot yo‘nalishlari mos kelmasa, rahbarlikka ruxsat ham berilmaydi. Aslida ilmiy rahbarning vazifasi faqat dissertatsiya matnini o‘qib chiqish yoki rasmiy maslahat berishdan iborat emas. U tadqiqotchini ilmiy metodologiya, zamonaviy adabiyotlar, xalqaro ilmiy muhokamalar va yangi tadqiqot tendensiyalariga yo‘naltiruvchi shaxsdir. Buni esa faqat o‘sha sohaning ichida faol ishlayotgan mutaxassis samarali bajara oladi. Ayrim hollarda olimlarning o‘zini bir vaqtning o‘zida ko‘plab ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassis sifatida namoyon etishga urinishi uchrab turadi. Biroq bugungi ilm-fan miqyosi va murakkabligi shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto bir ixtisoslikning o‘zida ham barcha yo‘nalishlarni mukammal egallash tobora qiyinlashib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, ilmiy rahbar va doktorant ixtisosliklarining yaqinlashtirilishi nafaqat formal talab, balki ilmiy natijalar sifati, dissertatsiyalarning amaliy qiymati va milliy ilm-fan raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan muhim mexanizm hisoblanadi.
Ilmda sifat ko‘pincha to‘g‘ri tanlangan mavzu va o‘sha mavzuni chuqur biladigan ilmiy rahbardan boshlanadi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

📚 Elektron kitoblarni topish uchun foydali manbalar Ingliz va rus tillaridagi elektron kitoblarni qidirayotganlar uchun bir nechta qulay saytlarni tavsiya qilamiz. Bu platformalarda kitob nomi yoki muallifini yozish orqali kerakli adabiyotni turli formatlarda topish imkoniyati mavjud. Ko‘p hollarda kitoblar quyidagi formatlarda uchraydi: PDF EPUB MOBI DOC FB2 va boshqa elektron formatlar Foydalanish mumkin bo‘lgan manbalar: Pdfdrive.com Fb2bookfree.com Yourpdfs.com Allbooksworld.com Bu saytlar orqali asosan ingliz va rus tillaridagi badiiy, ilmiy-ommabop, o‘quv va metodik adabiyotlarni izlash mumkin. ⚠️ Muhim ogohlantirish!
Elektron kitoblardan foydalanishda mualliflik huquqiga rioya qilish zarur. Faqat ochiq foydalanishga ruxsat berilgan, bepul tarqatilishi mumkin bo‘lgan yoki qonuniy asosda joylashtirilgan kitoblarni yuklab olish tavsiya etiladi. Yuqoridagi manbalar, asosan, ingliz va rus tillaridagi kitoblarni izlash uchun qulay. O‘zbek tilidagi adabiyotlar esa ko‘proq milliy kutubxonalar, ta’lim platformalari va rasmiy elektron resurslar orqali topiladi.
📖 Kitob nomi yoki muallifini to‘g‘ri yozsangiz, qidiruv natijalari ancha aniq chiqadi. 📢 @PhD_Supp0rt

Insonning xohishlari cheksiz bo’lishi mumkin. Ammo barqaror hayot uchun xohishlar imkoniyatlar bilan uyg’unlashishi zarur. Orzu qilish muhim, lekin uni amalga oshirish uchun zarur resurs, bilim va mehnatni ham to’g’ri baholash undan ham muhim. Xohish va imkoniyat o’rtasidagi muvozanat — oqilona qarorlarning poydevoridir. @centerasia_library

#AI_dan_foydalanish Prompt sifati bilan tadqiqotchining ilmiy saviyasi o‘rtasida bog‘liqlik bormi? Menimcha, bor. Ammo bu “yaxshi prompt yozsa — yaxshi olim” degani emas. Prompt — tadqiqotchining fikrlash rentgeni. U ilmiy saviyani to‘liq o‘lchamaydi, lekin fikrning qanchalik puxta ekanini ko‘rsatadi.
Tadqiqotchilarda ikki xil yondashuvni ko‘rish mumkin. Kimdir AI’dan “Menga maqola yozib ber”, deb so‘raydi. Boshqasi esa muammo, kontekst, dalil va xulosa talablarini aniq belgilaydi. Ikkalasi ham AI’dan foydalanadi, lekin ilmiy tayyorgarlik darajasi bir xil emasligi darrov seziladi. Prompt yozish — kompyuterga buyruq berish emas, fikrni tartibga solishdir. Muammo, metod va dalil bo‘lmasa, AI faqat ilmiyga o‘xshagan matn yaratadi. Shu sababli “dissertatsiyamga ilmiy yangilik yozib bering” kabi so‘rovlar ilmiy yangilikning mohiyatini tushunmaslikni ko‘rsatadi.
Buni ilmiy seminarlarda ham ko‘rish mumkin. Matn ravon bo‘ladi, lekin “nimani o‘lchadingiz?” yoki “obyekt bilan predmet farqi nimada?” degan savollarda muammo ko'rinib qoladi.
Albatta, yaxshi prompt yozishning o‘zi ilmiy saviya degani emas. AI bilan ishlash texnikasini yaxshi biladigan, lekin mavzuni chuqur tushunmaydigan odam ham bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, saviyali tadqiqotchi AI’dan tayyor matn emas, tanqid va tahlil talab qiladi: “Bu yerda metodologik zaiflik bormi?”, “Opponent qanday savol berishi mumkin?” kabi.
Prompt sifati odatda uch narsada ko‘rinadi: Muammo aniqligi. Mavzu qanchalik aniq chegaralangan?
Metod mavjudligi. Tahlil qanday usul bilan amalga oshiriladi?
Tekshiruv talabida AI’dan zaif joylarni va asoslanmagan da’volarni ko‘rsatish so‘ralganmi?
O‘zbekiston ilmiy muhitida bu ayniqsa muhim. Chunki bugun AI yordamida bir necha daqiqada “ilmiy maqolaga o‘xshagan” matn yaratish mumkin. Lekin konferensiya, seminar yoki himoyada savollar berilishi bilan matnning haqiqiy sifati bilinadi.
AI matn yozishga yordam beradi, ammo ilmiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi. Himoya kuni savollarga baribir tadqiqotchining o‘zi javob beradi.
Shu sababli prompt sifati ilmiy saviyani to‘liq ko‘rsatmasa ham, undan muhim signal beradi. Kim aniq savol bersa, odatda aniqroq o‘ylaydi. Kim metodni belgilasa, tadqiqotni jarayon sifatida tushunadi. Kim tanqid talab qilsa, himoyaga tayyorlanadi.
Prompt — tadqiqotchining rentgeni. U hamma narsani ko‘rsatmaydi, lekin qayerda suyak bor, qayerda bo‘shliq borligini yashirmaydi.

Oliy ta'limdan keyingi ta'limga hujjat topshirish bo'yicha videoyo'riqnoma (Xorijiy fuqarolar uchun ham mo'ljallangan, o'zbek va ingliz tillarida) 👉 @ilmiy_darajali_kadrlar

Maqolani yuborishdan oldin jurnalni tekshiring
Maqola yozish yetarli emas — uni ishonchli jurnalda chop etish muhim. Yuborishdan oldin quyidagilarni tekshiring: 1. ISSN tekshirish Jurnal ISSN raqamini tekshiring: https://portal.issn.org/ 2. DOI mavjudligi DOI ishlashini va ma’lumotlar mosligini tekshiring: https://search.crossref.org/ 3. ORCID talabi Mualliflardan ORCID talab qilinishi ijobiy belgi: https://orcid.org/ 4. Scopus / Web of Science Jurnal haqiqatan indekslanganmi: Scopus: https://www.scopus.com/sources WoS: https://mjl.clarivate.com/ 5. SCImago (qo‘shimcha tekshiruv) Kvartil va reyting: https://www.scimagojr.com/ 6. Google Scholar / OpenAlex Maqolalar ko‘rinishi va iqtiboslar: https://scholar.google.com/ https://openalex.org/ 7. Saytni tekshiring Quyidagilar bo‘lishi kerak: — peer-review tartibi — tahrir hay’ati — aniq to‘lov siyosati — arxiv sonlar
Ehtiyot bo‘ling: — tez chop etish va’dasi — spam email — soxta reytinglar — oldindan to‘lov talabi Xulosa, maqolani yuborishdan oldin 5–10 daqiqa tekshiruv sizni vaqt, pul va obro‘ yo‘qotishdan saqlaydi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Biznes egasining salohiyatidan oshib keta olmaydi Ko‘p bizneslarda bir xil holatni kuzataman: rahbar kompaniyani kattalashtirmoqchi, lekin o‘zi eski fikrlash usulidan chiqishni istamaydi. Yangi filial ochiladi, xodimlar soni ko‘payadi, reklama uchun pul ajratiladi, ammo boshqaruv usuli hamon “hammasini o‘zim nazorat qilaman” darajasida qoladi.
Bunday vaziyatda biznes tashqaridan katta ko‘rinishi mumkin, lekin ichkaridan hali ham egasining shaxsiy do‘koni bo‘lib qoladi. Eshikda katta peshlavha, ichkarida esa barcha qaror bitta odamning kayfiyatiga bog‘liq. Biznesni egasining soyasiga o‘xshatish mumkin. Odamning bo‘yi qancha bo‘lsa, soyasi ham shunga yarasha tushadi. Quyoshning burchagi soyani vaqtincha uzaytirishi mumkin, lekin bu odamning o‘zi o‘sgani degani emas. Xuddi shunday, reklama, kredit yoki tasodifiy omad biznesni bir muddat tez o‘stiradi. Ammo rahbarning tafakkuri, bilim va boshqaruv salohiyati o‘smagan bo‘lsa, bu o‘sish uzoqqa bormaydi. Bizning sharoitda rahbarning “hamma narsadan xabardor bo‘lishi” ko‘pincha yaxshi fazilat deb qaraladi. Ombordagi qalamdan tortib, marketingdagi videoning musiqasigacha rahbar hal qiladi. Keyin esa o‘sha rahbar: “Nega jamoa mustaqil emas?” deb hayron bo‘ladi. Jamoaga mustaqillik bermay turib, undan tashabbus kutish — mahalladagi to‘yda oshni o‘zingiz damlab, keyin oshpazni mahoratsizlikda ayblashga o‘xshaydi. Shaxsiy kuzatuvim shuki, biznesdagi ko‘p muammolar aslida xodimlardan emas, rahbarning ichki chegaralaridan boshlanadi. Rahbar ishonishni bilmasa, kompaniyada nazorat ko‘payadi. U qaror qabul qilishdan qo‘rqsa, jarayonlar sekinlashadi. U tanqidni qabul qilmasa, atrofida faqat “to‘g‘ri aytasiz” deydiganlar qoladi. Albatta, bunga qarshi fikr ham bor. Ba’zi bizneslar egasidan kuchliroq tizim, professional jamoa yoki tashqi investor hisobiga o‘sishi mumkin. Bu to‘g‘ri. Lekin bunday holatda ham egasi o‘z rolini qayta belgilashi, vakolat berishi va kuchli mutaxassislarni yonida ushlab qola olishi kerak. Bu ham salohiyatning bir ko‘rinishi. Rahbar hamma narsani bilishi shart emas. Ammo u nimani bilmasligini tushunishi kerak. U eng aqlli odam bo‘lishi shart emas, lekin o‘zidan aqlliroq odamlar bilan ishlashdan qo‘rqmasligi lozim. Biznesning navbatdagi bosqichga chiqishi uchun ko‘pincha yangi ofis, yangi reklama yoki yangi mahsulot emas, yangi fikrlash kerak bo‘ladi. Chunki kompaniyaning haqiqiy “shift”i bozorda emas — ko‘pincha uning egasining ongida bo‘ladi.
Rahbar o‘ssa, biznes ham o‘sadi. Rahbar bir joyda qotib qolsa, biznes ham bir kun kelib o‘sha joyga uriladi.Postni Telegram auditoriyasi uchun yanada qisqaroq va keskinroq formatga ham moslashtirish mumkin.

So‘nggi bir yil ichida ilmiy maqolalarni o‘qib turib qiziq holatni sezadigan bo‘ldim. Ayrim matnlarda muallifning o‘zi emas, balki sun’iy intellektning “ovozini” eshitgandek bo‘lasiz. Hammasi joyida: jumlalar ravon, uslub tartibli, xatolar deyarli yo‘q. Lekin matn tugagach, muallif aslida nima demoqchi bo‘lganini anglash qiyin.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 2025-yilda chop etilgan maqolalarning 57 foizida sun’iy intellekt ta’siri sezilgan iboralar uchragan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich atigi 12 foiz edi. Ikki yil ichidagi bu sakrash ilm-fan uchun yangi davr boshlanganini ko‘rsatadi. Buni faqat salbiy baholash ham noto‘g‘ri. AI ko‘plab tadqiqotchilar uchun vaqtni tejaydigan vositaga aylandi. Adabiyot qidirish, matnni tahrirlash, ingliz tilidagi maqolalarni tayyorlash yoki fikrlarni tizimlashtirish ancha osonlashdi. Ayniqsa, chet tilida yozishda qiynaladigan yosh olimlar uchun bu katta imkoniyat. Lekin medalning ikkinchi tomoni ham bor. Jurnal muharrirlari va ekspertlar sifatsiz, yuzaki, ba’zan esa mazmunan bo‘sh maqolalar soni ortayotganini ta’kidlamoqda. Ayrim mualliflar tadqiqot qilishdan ko‘ra prompt yozishni tezroq o‘rganib oldi, shekilli. Shaxsiy kuzatuvimga ko‘ra, muammo AI’da emas. Muammo uni qanday ishlatayotganimizda. Sun’iy intellekt ilmiy tafakkurning o‘rnini bosa olmaydi. U ko‘proq kompasga o‘xshaydi: yo‘lni ko‘rsatishi mumkin, lekin yurib berolmaydi.
Bir paytlar kalkulyator paydo bo‘lganda ham “endi hech kim matematika bilmaydi” degan xavotirlar bo‘lgan. Matematika qolganidek, ilm ham qoladi. Faqat vositalar o‘zgaradi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

❓ Qaysi magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabulda SAT sertifikati inobatga olinadi? 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ayrim magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilishda “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Scholastic Aptitude Test (SAT) sertifikati qo‘llaniladi. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Dissertatsiya himoyasi: o‘tish davri kafolatlari va raqamli tizim shaffofligi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonining 7-bandiga muvofiq, 2027-yil 1-yanvarga qadar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berilgan va dissertatsiya himoyasini o‘tkazgan izlanuvchilarga ilmiy darajalar amaldagi tartib asosida beriladi.
Shunga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyati belgilangan tartibda va uzluksiz davom etadi. Mazkur band ilmiy daraja olish jarayonida ishtirok etayotgan izlanuvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, shuningdek, yangi tizimga bosqichma-bosqich va muammosiz o‘tish uchun zarur huquqiy kafolatlarni yaratishga xizmat qiladi.
📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Ilmiy kengashlar mas’uliyati va vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 maydagi PF–98-son Farmoni bilan yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar doirasida 2027 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tartibida muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Xususan, ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligi va mustaqilligini oshirish maqsadida Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashlari tomonidan dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hamda himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy kengash qarorlarini Rayosat qarori bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi. Bu esa ilmiy darajalar berish jarayonida asosiy mas’uliyat ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar hamda ular huzuridagi ilmiy seminarlar zimmasiga bosqichma-bosqich o‘tishini anglatadi. Shu munosabat bilan dissertatsiya himoyasiga taqdim etiladigan hujjatlarning, xususan, dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar va me’yoriy-texnik talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi uchun javobgarlikni bosqichma-bosqich ilmiy kengash va ilmiy seminarlar zimmasiga o‘tkazish va ularning shaxsiy mas’uliyatni yanada kuchaytirish talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, ilmiy seminarlar faoliyatini takomillashtirish, avtoreferatlarning mazmunan va me’yoriy-texnik jihatdan sifatli ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash hamda mazkur jarayonda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish zarur. Zero, 2027 yil 1 yanvardan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risidagi e’lonlarni Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilish va e’lon qilish tartibi bekor qilinadi. Shunga ko‘ra, Ilmiy kengashlar tomonidan joriy yilning sentyabr` oyidan boshlab OAK veb-saytida dissertatsiya himoyasiga e’lon berish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning nizom talablariga mos kelishi, jumladan dissertatsiya avtoreferatining kirish qismi matni tahriri, ilmiy yangiligi mazmun-mohiyati talablarga muvofiq ochib berilishi, ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi, chop etilgan ilmiy ishlarning mavjudligi va internet tarmog‘ida joylashtirilganligini xolis va shaffof baholash Ilmiy kengashlar mas’uliyatiga to‘liq o‘tkaziladi. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risidagi e’lonlarni OAK tomonidan qabul qilish va e’lon qilish tartibi ham bekor qilinadi. Shundan kelib chiqib, barcha oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, shuningdek, ular huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar hamda ilmiy seminarlar rahbariyati va a’zolari dissertatsiya himoyasiga oid hujjatlarning tayyorlanishi va OAKga taqdim etilishida belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlashi zarur. Mazkur talablarning to‘liq bajarilishi ilmiy darajalar berish jarayonining ochiqligi, shaffofligi va sifatiga xizmat qiladi hamda kelgusida ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligi reytingini baholashda muhim mezonlardan biri hisoblanadi.
OAK Axborot xizmati 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

Andragogik ta’lim: katta yoshdagi tinglovchini faol fikrlovchi mutaxassisga aylantirish Bugungi kunda magistratura, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida katta yoshdagi tinglovchilarni an’anaviy usulda o‘qitish yetarli emas. Chunki bunday auditoriya darsga faqat yangi ma’lumot olish uchun emas, balki kasbiy muammolariga yechim topish, tajribasini boyitish va qaror qabul qilish salohiyatini rivojlantirish uchun keladi. Shu nuqtayi nazardan, andragogik ta’lim — katta yoshdagilarni o‘qitishga moslashtirilgan ilmiy va amaliy yondashuvdir. Ushbu modelda tinglovchi tayyor bilimni passiv qabul qiluvchi emas, balki ta’lim jarayonining faol ishtirokchisi hisoblanadi.
Andragogik ta’lim bir necha asosiy tamoyillarga tayanadi: — tinglovchi nima uchun o‘rganayotganini aniq bilishi kerak; — uning kasbiy va hayotiy tajribasi ta’lim resursi sifatida qo‘llanadi; — o‘qitish real muammo va amaliy vazifalarga bog‘lanadi; — tinglovchiga mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish imkoniyati beriladi; — nazariy bilim amaliy tahlil, keys va loyiha orqali mustahkamlanadi.
Bunday darsda o‘qituvchi faqat ma’ruza qiluvchi emas. U moderator, metodolog, ekspert va yo‘naltiruvchi vazifasini bajaradi. Tinglovchi esa muammoni tahlil qiladi, turli qarashlarni taqqoslaydi, yechim ishlab chiqadi va o‘z qarorini dalillar asosida himoya qiladi.
Andragogik ta’lim ma’ruzani inkor etmaydi. Aksincha, ma’ruza qisqa nazariy asos berish uchun saqlanadi, darsning asosiy qismi esa: — keys-stadi; — muammo asosida ta’lim; — simulyatsiya va rolli mashqlar; — guruhli tahlil; — amaliy loyiha; — refleksiya va qayta aloqa orqali tashkil etiladi.
Ilmiy tadqiqotlar faol ta’lim usullari tinglovchilarning mavzuni chuqurroq anglashiga, bilimni amaliyotda qo‘llashiga va mustaqil fikrlashiga yordam berishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bunday yondashuv tinglovchidan ko‘proq intellektual faollik va mas’uliyat talab qiladi. Ayniqsa, davlat boshqaruvi sohasida andragogik ta’lim muhim ahamiyatga ega. Chunki davlat xizmatchisi faqat nazariy bilimga emas, balki murakkab ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish, manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish, muqobil yechimlarni baholash va ilmiy asoslangan qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Shu sababli zamonaviy magistratura va malaka oshirish darslari quyidagi mantiqqa asoslanishi lozim: Nazariya — tahlil — qaror — tatbiq — refleksiya. Andragogik ta’limning asosiy natijasi ko‘p ma’lumot biladigan tinglovchini emas, balki mustaqil fikrlaydigan, dalillar bilan ishlaydigan, axloqiy mas’uliyatni anglaydigan va amaliy qaror ishlab chiqa oladigan mutaxassisni tayyorlashdir. #Andragogika #MalakaOshirish #Magistratura 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

#grant_stipendiya 🎓 Xalqaro grant va stipendiyalarni izlayapsizmi? Scholarship, magistratura, PhD, almashinuv dasturlari va
#grant_stipendiya 🎓 Xalqaro grant va stipendiyalarni izlayapsizmi? Scholarship, magistratura, PhD, almashinuv dasturlari va tadqiqot grantlarini muntazam e’lon qilib boruvchi eng foydali platformalarni bir joyga jamladik.
Platformalarni doimiy kuzatib boring, rasmiy sahifalariga obuna bo‘ling va imkoniyatlarni o‘tkazib yubormang.
📌 Saqlab qo‘ying va do‘stlaringiz bilan ulashing. 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt

“Singapur–O‘zbekiston kelajak ilm-fan yetakchilari dasturi” doirasida qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborish bo‘yicha maqsadli tanlovda ishtirok eting! ✅ Tanlovga quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi:
1. Muhandislik, elektronika, raqamli texnologiyalar va hisoblash tizimlari; 2. Ilg‘or materiallar, bioprotsessing va biomanufacturing; 3. Robototexnika, kosmik texnologiyalar va sun’iy yo‘ldosh tizimlari; 4. Transport, logistika va ulanish tizimlari; 5. Barqaror rivojlanish va energetika; 6. Molekulyar va hujayra biologiyasi, neyrofanlar hamda immunologiya; 7. Genomika, omiks texnologiyalari va yuqumli kasalliklar; 8. Bioinformatika va bioma’lumotlar infratuzilmasi; 9. Teri salomatligi, dermatologik tadqiqotlar, oziq-ovqat fanlari, nutritsiologiya hamda inson salohiyati.
✍️ Tanlov doirasida g‘olib bo‘lgan nomzodlar 2026–2027-yillar davomida Singapurning Fan, texnologiyalar va tadqiqotlar agentligida (A*STAR) 3 oy muddatga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuboriladi. ❗️Eslatma: Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladigan nomzodlarning hujjatlari 2026-yilning 3-iyunidan 30-iyuliga qadar xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etishning yagona elektron tizimi (internship.ilmiy.uz) orqali qabul qilinadi. 🌐 Batafsil 📢 Kanalga ulanish: @PhD_Supp0rt