AQSH va Eron o‘rtasidagi muvaqqat sulhning barbod bo‘lishi ortidan Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik yangi va yanada xavfli bosqichga kirdi.
AQSH harbiy kuchlari tomonidan Eronning Goliston viloyatidagi strategik ahamiyatga ega Oq Taqeh Xon temir yo‘l ko‘prigiga berilgan raketa zarbasi nafaqat harbiy, balki geoiqtisodiy maqsadlarni ham ko‘zlagan operatsiya sifatida baholanmoqda. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) hujumni AQSH amalga oshirganini tasdiqladi. Insoniy talofatlar qayd etilmagan bo‘lsa-da, zarba mintaqadagi muhim logistika zanjirlarining uzilishiga olib keldi.
Hujum vaqti tasodifiy tanlanmagan. Ko‘prikning ishdan chiqishi Tehron hamda Eron janubidan Mashhad shahriga qatnovchi yo‘lovchi va yuk poyezdlarini to‘liq to‘xtatdi. Aynan shu kuni Mashhadda joriy yil fevral oyi oxirida AQSH - Isroil qo‘shma zarbalari oqibatida halok bo‘lgan Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning vidolashuv va kechiktirilgan dafn marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi. Shu sababli Eron davlat temir yo‘llari yo‘lovchilarni avtomobil transporti orqali tashishga majbur bo‘ldi.
Mazkur voqea 2-iyul kuni Xatam al-Anbiya markaziy shtabi qo‘mondoni Ali Abdollohiy tomonidan AQSH va Isroilga nisbatan yangragan keskin ogohlantirishlardan so‘ng sodir bo‘lgani ham e’tiborga loyiq.
Oq Taqeh Xon ko‘prigi Oq Qal’a – Inche Burun temir yo‘l yo‘nalishining ajralmas qismi bo‘lib, Eronni Xitoy, Qozog‘iston, Turkmaniston va Rossiya bilan bog‘lovchi strategik transport koridorida joylashgan.
Ushbu yo‘nalish Xitoyning Sian va Ivu shaharlaridan boshlanib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston,
O‘zbekiston, Turkmaniston orqali Tehron yaqinidagi Aprin quruqlik portigacha
10 400 kilometrdan ortiq masofani qamrab oladi. “Tehran Times” ma’lumotlariga ko‘ra, koridorning yillik tranzit quvvati
1 million tonnadan ortiq yukni tashkil etadi va haftasiga
5 tagacha yuk poyezdi qatnovini ta’minlaydi.
WANA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi
9 oy davomida ushbu yo‘nalish orqali Xitoydan Eronga
43 ta yuk poyezdi yetib kelgan bo‘lib, bu avvalgi davrga nisbatan
qariyb 6 baravar ko‘pdir. Mazkur poyezdlar asosan quyosh panellari, elektr stansiyalari uskunalari hamda sanoat ehtiyot qismlarini (katta ehtimol bilan, harbiy texnika ham) tashigan.
2025-yil oxiridan boshlab Rossiya ham Eronga yuk tashish uchun ushbu temir yo‘l marshrutidan faol foydalana boshlagan edi.
Hormuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik tahdidlari ortib borayotgan bir paytda mazkur quruqlik koridori Xitoy, Eron va Markaziy Osiyo uchun muqobil strategik yo‘nalishga aylangan edi.
Mazkur zarbalar 17-iyun kuni Pokiston vositachiligida AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumining amalda barbod bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Hujjat 28-fevralda boshlangan urushni to‘xtatish, Eron yadroviy dasturini cheklash hamda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini xavfsiz ta’minlash maqsadida
60 kunlik muzokaralar davrini nazarda tutgan edi.
Biroq Hormuz bo‘g‘ozida uchta kemaga hujum uyushtirilganidan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuv
“yakunlandi” deya e’lon qildi. Shundan keyin AQSH Eronning boshqa infratuzilma obyektlariga ham zarbalar berdi. Eron esa javoban Bahrayn va Kuvaytdagi AQSH obyektlariga hujum qildi, keyinchalik Iordaniya, Kuvayt va Iroqdagi obyektlarga qo‘shimcha zarbalar yo‘lladi.
Umuman olganda, Oq Taqeh Xon ko‘prigiga berilgan zarba AQSH strategiyasining yangi bosqichini anglatadi. Endilikda asosiy nishon faqat harbiy obyektlar emas, balki Eronni Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi transport hamda logistika infratuzilmasidir.
Bu holat Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham yangi xavflarni yuzaga chiqarmoqda. Ayniqsa,
O‘zbekiston ishtirok etayotgan xalqaro transport yo‘laklari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, mintaqaviy tranzit barqarorligini zaiflashtirishi va logistika xavfsizligi bo‘yicha yangi geosiyosiy tahdidlarni kuchaytirishi mumkin.
G.Komilova, mustaqil ekspert
Strategic Focus: Central Asia