Lingvist Iroda Azimova
Kanalga Telegram’da o‘tish
Psixolingvistika, neyrolingvistika ILMIY yo‘nalishlariga oid kuzatuvlar, tahlillar
Ko'proq ko'rsatish4 064
Obunachilar
Ma'lumot yo'q24 soatlar
-57 kunlar
+32730 kunlar
Postlar arxiv
#sunʼiyintellekt
#gemini
Kecha bir narsaning retseptini so‘rab Geminiga yozuvdim. Olov so‘zini ala deb ishlatdi. Tilshunos sifatida o‘yladimki, birorta qardosh turkiy tildagi shaklni oldimikan deb, o‘zidan so‘radim.
U alanga so‘zini nazarda tutganini aytdi. Demak, -nga ni qo‘shimcha deb taxmin qilding, desam, ha, statistik ehtimollikka ko‘ra baʼzan so‘zni shunaqa noto‘g‘ri "so‘yib" qo‘yaman, dedi.
Bu metaforaga qoyil qoldim.
Shu bilan O‘zbekistonda kompyuter lingvistikasi yo‘nalishi asoschisi Abdimajid Po‘latovning shogirdi bo‘lib, eng birinchi ochilgan Kompyuter lingvistikasi kafedrasida yagona filolog bo‘lib ish boshlaganim, qolaversa Ispaniyada "Til va nutq texnologiyalari" maktabida o‘qiganim esimga tushib, o‘sha vaqtda bizga o‘tilgan darslar "Informaion extraction", "POS tagging, chunking, parsing","Dialogue systems"," Statistical machine translation", "Machine learning" kabi kurslarning o‘sha vaqtda bu sohaning qachondir muvaffaqiyatga erishishi imkonsizday talqin etgani haqida esladim. Qilinayotgan ishlar, qo‘llangan yondashuvlar boshi berk ko‘chaga kirib qolaverganday taassurot qolgandi menda. Shu haqida so‘radim, burilish qachon va nimaning hisobiga ro‘y berdi?
Tafsilotlar kimga kerak bo‘lsa, o‘zi bemalol so‘rab oladi.
U suhbatdan tilshunos sifatida diqqatimni tortgan narsa shu bo‘ldiki, ikkiminginchi yillar boshida qoidaga asoslangan yondashuv yetakchilik qilgan, yaʼni til maʼno ifodalash uchun belgilangan birliklarni belgilangan qoidaga ko‘ra birlashtiradi. Shu qoidani kompyuterga o‘rgatish muammoning yechimi deb qaralgan. Lekin bu kutilgan natijani bermagan.
Nima uchun?
Chunki til aslida bunday ishlamaydi.
Til ifodalayotgan maʼno har doim, istisnosiz ravishda nutq yuzaga chiqayotgan vaziyatga bog‘liq bo‘ladi.
Miyamiz tilni qayta ishlashdan oldin vaziyatni, undagi tafsilotlarni tahlil qiladi. Aytish mumkinki, poydevor, hatto devor qurib bo‘ladi, til bilan ifodalangan maʼno o‘sha tayyor konstruksiyaga tom bo‘lib yopiladi.
Boshqacharoq aytsak, maʼnoning ifodalanishida vaziyat nutqdan ko‘ra kattaroq ulushga ega.
Bu narsa eʼtibordan chetta qolarkan, tilning tabiatini tushunmay o‘tiraveramiz.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari boshqa yo‘ldan, yaʼni tilshunoslikdan boshqa sohadan, borib, shu narsani anglagani uchun, bugungi darajada muvaffaqiyatli chiqqan, demak.
@psixolingvist
Repost from ToshDO‘TAU | RASMIY
#Qabul_2026
🗣Hurmatli abituriyentlar!
🏛Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2026–2027-o‘quv yili uchun bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul davom etmoqda.
📚 Bakalavriat
Kunduzgi ta’lim:
▫️ O‘zbek tili va adabiyoti
▫️ Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili
▫️ Tarjima nazariyasi va amaliyoti: ingliz tili
▫️ Tarjima nazariyasi va amaliyoti: fransuz tili
▫️ Tarjima nazariyasi va amaliyoti: nemis tili
▫️ Tarjima nazariyasi va amaliyoti: rus tili
▫️ Nashriyot ishi
▫️ Kompyuter lingvistikasi
▫️ Psixologiya
▫️ Sotsiologiya
▫️ Ijtimoiy ish
Kechki ta’lim:
▫️ O‘zbek tili va adabiyoti
▫️ Tarjima nazariyasi va amaliyoti: ingliz tili
▫️ Psixologiya
▫️ Sotsiologiya
▫️ Ijtimoiy ish
Masofaviy ta’lim:
▫️ Psixologiya
▫️ Sotsiologiya
▫️ Ijtimoiy ish
🎓 Magistratura
Kunduzgi ta’lim:
▫️ O‘zbek tili va adabiyoti
▫️ Lingvistika: o‘zbek tili
▫️ Folklorshunoslik va dialektologiya
▫️ Adabiyotshunoslik: o‘zbek adabiyoti
▫️ Adabiyotshunoslik: adabiyot nazariyasi
▫️ Adabiyotshunoslik: jahon adabiyoti
▫️ Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik: o‘zbek tili
▫️ Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik: ingliz tili
▫️ Kompyuter lingvistikasi
▫️ Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar
▫️ Psixologiya
▫️ Menejment
▫️ Ijtimoiy ish
Masofaviy ta’lim:
▫️ Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar
▫️ Psixologiya
▫️ Menejment
▫️ Ijtimoiy ish
✨ Zamonaviy ta’lim muhiti, tajribali professor-o‘qituvchilar jamoasi, xalqaro hamkorlik va ilmiy izlanishlar uchun keng imkoniyatlar sizni kutmoqda.
🚀 ToshDO‘TAUni tanlang!
☎️ Qabul komissiyasi Call-markazi:
55 520 01 34
55 520 01 77
📌Manzil:
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani,
Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 103-uy.
👍Bizni tarmoqlarda kuzating👇
Telegram / Facebook / Instagram/ X
Psixolingvistikadan tadqiqot qilishni endi boshlagan paytimda bir narsaga eʼtibor qilgandim: o‘quvchilarga "Men yaxshi ko‘rgan fasl" mavzusida insho yozdirsangiz, ular litseyda o‘qiyotgan bo‘lsa ham "Alifbe", "O‘qish" kitobida o‘qigan matnlari qolipida yozib beradi: men sevgan fasl bu falon fasl, unda mana bunday tabiat o‘zgarishlari bo‘ladi, u mana bu uch oydan iborat, bu faslda yurtimizda falon-pismadon bayramlar nishonlanadi.
Nega shunday bo‘ladi?
Bola tilni TAQLIDAN o‘zlashtiradi. Bolaga yillar davomida bir mavzu doirasida bir xil qolipga solingan matn o‘qitib, undan bunga o‘xshamagan matn kutish mantiqsizlik.
Xuddi shu taʼlim tizimida o‘qiganman men ham. Shu sababdan to ulg‘aygunimcha menga o‘zi qaysi fasl yoqadi degan savolga qatʼiy javobim bo‘lmagan. Aynan ulg‘ayganimdan keyin, aynan o‘sha fasl haqida miyamga joylangan qolipdan chiqib keta olish darajasiga chiqqanimdan keyin o‘ylab ko‘rganman bu haqida. Unda esa savolni boshqacharoq qo‘yganman: men qaysi faslda o‘zimni eng yaxshi his qilaman?
Bir-bir eslab, o‘ylab qarasam, bu kuz ekan. Kuzda kayfiyatim o‘zidan o‘zi yaxshi bo‘lib qolar ekan. Daraxtlarning sariq, oltin, qizil rangga kirib tovlanishi, yomg‘ir, salqin havo— bular men uchun eng yoqimli tabiat manzarasi ekan. Bu hissiyotga ko‘ra xulosam.
Aqlga tayanib xulosa aytsam, fasllarning go‘zalligi va qadrliligi aynan ularning almashib turishida.
Ammo yoz menga juda uzoqday tuyuladi. Ayniqsa iyulning o‘rtasiga kelganda betoqat bo‘lib ketaman.
Bu har bir organizmning o‘ziga xosligidan kelib chiqsa kerak.
Siz qaysi faslni yaxshi ko‘rasiz va nima uchun? Sizda bu savolga original javob bormi?
@psixolingvist
"Dunyoda ikki fasl bor: kuz va uni kutish" degan iqtibos o‘qigan edim.
@psixolingvist
#mulohaza
Bolani tarbiyalayotganda, masalan, baʼzi ishlarni o‘rgatishda u bu ishni xatolar bilan qilishiga qo‘yib berish eng muhimi bo‘lsa kerak. Bunga sabr qilib turib bera olishi kerak ota-ona. Chunki har doim ham yonida bo‘lib, xatolarini o‘zimiz to‘g‘rilashga qodir emasmiz.
@psixolingvist
Repost from Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari
“Tajriba qilavermasdan, ilmiy asoslangan qadam qo‘yish kerak”. Metodologiya nima? Biz bolalarni qanday o‘qityapmiz?
Ta’lim – pozitiv eksternal soha, uning ijtimoiy foydasi shaxsiy foydadan yuqori. Ya'ni ta'limning foydasi faqat ta'lim oluvchi shaxs bilan cheklanmaydi. U butun jamiyatga ijobiy ta’sir qiladi. Shu sabab Gazeta ta’limga ixtisoslashgan podkastlar seriyasini davom ettirmoqda.
Ko‘rsatuvning 2-soni metodologiya va o‘qitish tizimiga bag‘ishlandi. Bu safar metodologiya o‘zi nima ekani, O‘zbekiston maktablari qanday metodologiya bilan ishlayotgani, tizimli muammolar va unga yechimlar muhokama qilindi. Unda podkastning ta’lim masalalarida doimiy eksperti Komil Jalilov hamda mehmon pedagoglar Zulfiya Rashidova va Otabek Rahmonberganov ishtirok etdi. Batafsil.
Matn: https://www.gazeta.uz/oz/2026/07/27/metodologiya/
Video: https://youtu.be/VgBa_2VtdJU
Dilshoda Shomirzayeva, Ma'murjon Obrahmatov
Telegram | Instagram | YouTube
Facebook bir voqeani eslatdi bugun. Ibrat sifatidami, hikmat sifatidami sizlar bilan baham ko‘rgim keldi.
Bundan 5 yil avval o‘g‘limning tug‘ilgan kunida sovg‘a qilingan bir juft to‘tiqush mening aybim bilan o‘lib qolgan.
Ertalab "yorug‘ dunyoni ko‘rsin" deb balkonga qo‘yganim esimdan chiqib qolgan. May oyi bo‘lishiga qaramay, havo issiq edi va u to‘tiqushlar uchun issiq havo halokatli bo‘larkan.
Qanchalar kuyinganimni, yig‘laganimni tasavvur ham qila olmaysiz. Kafforatiga nima qilish kerakligini olimlardan so‘rab, sadaqalar qilganman. Lekin o‘zimni hech kechirolmadim va ko‘nglim yorishmadi.
Ikki oylardan keyin Qurbon hayiti bo‘ldi. O‘sha kuni tushgacha oshxonada kuymalandim. Tashqaridan g‘alati ovoz kelardi, qush deb taxmin qildim. Ertalabdan tushgacha bu ovoz tinmagani uchun oxiri chiqib qaradim. Pastda juda ham kichkina mushuk bolacha oyog‘ini zo‘rg‘a bosardi. Mittigina edi. Bolalarimga idishcha va suv berib tushirvordim. O‘zim balkondan qarab turibman. Suv ichmadi. Bolalarim "oyi, iltimos, uyga obkiraylik" deb yalinishdi. Obkirishdi. Sut berib ko‘rdik, ichmadi. O‘g‘lim "shpritsda berib ko‘rish kerak" deb shprits obchiqib o‘shanda bergandi, bechora yutoqib-yutoqib sutni ichdi.
Birinchi kuni yoniga yumshoq o‘yinchoq qo‘ydim, charchab qolganmidi, uxladi. Lekin ertasidan yonida birov o‘tirmasa uxlamay, miyovlayverdi. Shu bilan uni uxlatishga masʼul bo‘lib, har kuni u uxlaguncha yonida o‘tiradigan bo‘ldim. U oyog‘imdagi shippakni tishlab, tortqilab o‘ynar, keyin oyog‘imga suyanib uxlab qolardi.
Bir oydan oshiqroq unga shu taxlit qaradim.
Aynan shu tashlandiq mushukchaga qarash meni to‘tiqushlarning o‘limi sabab ichimda hukm surgan qorong‘ulikdan qutqardi.
Men u mushukchani haligacha Allohning menga qilgan marhamati edi deb eslayman. Bo‘lmasa yarim kun miyovlagan mushukchani boshqa har qanday o‘tkinchi yoki ellikdan oshiq xonadon joylashgan uyimizdan kimdir payqashi, o‘zi bilan obketishi mumkin edi. Lekin u menga atalgan edi, ichimni to‘ldirib turgan afsus va nadomatni g‘amxo‘rlikka aylantirish uchun kelgan edi.
O‘ziga xos bir qalb og‘rig‘iga shunday shifo bergan Alloh boshqa og‘riqlarga shifo bermaydimi...
P. S. U mushukchamiz katta bo‘lgach bir oz yovvoyilik qilib, qizimning qo‘lini tishlab-tirnaganda bir mushuksevar ega topib, unga bervordik.
@psixolingvist
So‘z
Rahmatli Muhriddin Holiqovning G‘ayratiy so‘zi bilan aytilgan "Oyning o‘n beshi qorong‘u" qo‘shig‘ini eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Unda "Xasta ko‘nglimning quvonchi ul kamon abro‘ bilan" degan qatori bor.
O‘zi Botir Qodirov bu qo‘shiqni aytganida abro‘ ni obro‘ deb aytuvdi.
Abro‘ forsiy so‘z, qosh degani.
Misraning maʼnosi xasta ko‘nglimning quvonchi o‘sha kamon qoshli bilan.
Sheʼriyatda mumtoz adabiyotimiz taʼsirida shunday forsiy so‘zlar ishlatiladi.
Bugun instagramda boshqa ijroni eshitib qoldim: "Gul kamon obro‘ bilan" deb aytishibdi.
Abro‘ ni mayli adashtiribdi desak, hatto u ko‘rsatish olmoshining ul shakli borligini bilmaydiganlar ham bor ekan.
Odam qilayotgan ishiga hafsala bilan yondashsa, shu qo‘shiqni aytishdan oldin matnni topib o‘qib ko‘rsa, tushunib olsa, shunday xatolar bo‘lmasdi deyman.
Ammo til insonlar ijrosida yashaydi. Bittagina boshqa tildan olingan so‘z va olmoshning eskirgan shakli o‘sha qo‘shiqchilarning qabul qilish zanjirida uzilish yasagan. Miya esa o‘zi tanimagan so‘zni o‘zi tanigan va u so‘zlarga shaklan eng yaqin bo‘lgan obro‘, gul so‘zlari bilan almashtirgan. Afsuski, qo‘shiqchilar matnning yaxlit mazmuniga putur yetayotganiga eʼtibor qilmagan.
Ul va abro‘ so‘zlarining maʼnosini biladiganlar yoki shunchaki matnning yaxlit mazmuniga eʼtibor qiladiganlar oxirgi xatoli ijrolarni eshitganda ularning qabul qilishidagi zanjir uziladi, "ʼiya, bu nima deyapti o‘zi?" degan savol tug‘iladi.
Bizning muloqotlarimiz har doim mana shunday chala tushunishlar va tushunmovchiliklar bilan amalga oshadi 😊.
@psixolingvist
#sheʼriyat
#najmiddinermatov
Hayratimni izhor qilmay ilojim yo‘q.
Najmiddin Ermatovning oxirgi sheʼrini o‘qirkansiz ichingizni bir olov yoqib o‘tib ketganday bo‘ladi.
@psixolingvist
Repost from Iqtisodchi Kundaligi
Yana bir narsa: yozuvni o'zgartirish ko'pincha siyosiy qaror
Alifbo almashtirish kamdan-kam holda sof filologik masala bo'ladi. Odatda uning ortida siyosiy maqsad turadi va bu maqsad ko'pincha yashirilmagan ham.
Turkiyani olaylik. Lotin alifbosiga o'tishning eksplitsit sabablaridan biri — yangi avlodni eski zamon kitoblari va yozuvlaridan uzish edi. Yangi respublika o'zining yangi turkini tarbiyalamoqchi edi, o'tmish esa unga tahdid bo'lib ko'rinardi. Inqilobiy hukumat uchun bu mantiqiy qaror: agar o'tmish tahdid bo'lsa, unga eshikni yopasan. Shunday ham bo'ldi.
Bosqinchilar ham xuddi shu vositadan foydalanadi. Bizda ruslar kelgach, alifbo ikki marta o'zgartirildi: avval 1929-yilda arab yozuvidan lotinchaga, so'ng 1940-yilda kirillchaga.
Bu ketma-ketlikka e'tibor bering. Birinchi o'zgarish o'zbekni o'zining ming yillik yozma merosidan — adabiyotidan, hujjatidan, diniy va ilmiy kitoblaridan uzdi. Ikkinchisi esa o'n bir yil ichida yaratilgan yangi lotin qatlamidan ham, Turkiyadan ham uzdi. Bitta avlod umri davomida ikki marta savodsiz qoldirildi.
Bobolarimizning bobolari juda qisqa vaqt ichida o'qimishsizga aylandi. O'z farzandlariga xatlar yoza olmay qolishdi hatto. Bu nosozlik emas edi: dizayn shunday edi. Bosqinchining maqsadi aynan shu uzilishni ta'minlash bo'lgan: yangi sovet o'zbegi o'z tarixi, o'z adabiyoti, o'z yozma mulki bilan aloqasini yo'qotsin. Armonlar va Gruzinlar aynan shuni deb oxirigacha o'z yozuvini qoldirishga kurashishgan edilar.
Shuning uchun alifbo haqidagi har qanday taklifga bitta savol bilan qarash kerak: buni siyosati nima.
Agar bunday maqsad bo'lsa: hech bo'lmasa uni ochiq aytish kerak, xarajat ham shunga yarasha hisoblanadi. Agar bunday maqsad bo'lmasa, unda savol yanada sodda bo'lib qoladi: nega biz siyosiy vositadan tinchlik davrida foydalanmoqchimiz? Uzilishning narxini to'laymiz, lekin evaziga hech narsa olmaymiz-ku.
Davomi
Yoshlikda inson tajribasi kam bo‘lgani uchun yangi narsalar qilishga ishtiyoqli bo‘ladi. Tajriba bo‘lganda edi, yoshlar ham qilishi mumkin bo‘lgan ko‘p ishlarni qilmagan bo‘lardi.
Insoniyatni yaxlit deb olsak, undagi aynan shu ikki jihat yoshlikning tajribasizligi va kuchliligi, qarilikning boy tajribasi va quvvati cheklanganligi rivojlanish mexanizmidagi ikki asosiy o‘q bo‘lsa kerak.
@psixolingvist
#mulohaza
Yoshi ulg‘ayganda odam boy hayotiy tajribaga ega bo‘ladi, ko‘proq narsani tushunadi, yaxshi-yaxshi g‘oyalarni ijod qila oladi, ularni amalga oshirish usullarini yaxshi tasavvur qila oladi, ammo sog‘liq va jismoniy holat pand beradi.
Shunda inson tajribasi kamroq, ammo kuchi ko‘p yosh avlodga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Insoniyat o‘z tajribasini avloddan avlodga samarali o‘tkaza olishi uchun ham tajriba boy bo‘lgan vaqtda qarib kuchdan qolsak kerak...
@psixolingvist
Jahon chempionatini shu yuqori nuqtada yakunlaymiz deydiyu.
Bu havolada eng chiroyli gol uchun ovoz berilarkan
https://share.google/aCiq20bZ59vTbFVn3
Eldor Shomurodovning goli nomzod bo‘lgani ham katta yutuq aslida.
O‘yinlar davomida his qilganimiz hamjihatlik, birlik haqqi hurmati, ovoz bervoraylik.
@psixolingvist
@psixolingvist
Kuni kecha instagramda bir videoga ko‘zim tushdi: "10 yil oldinga qaytib qolsangiz, nima qilardingiz?" degan savolga o‘tkinchilar javob bergan.
Bir nechtasi ingliz tilini yaxshilab o‘rganardim, yana bir nechtasi "o‘qishga kirmay, blogerlikni boshlardim" degan. Bu ikkala javob jamiyatimizning bugungi kayfiyatiga ko‘zgu, ammo aytmoqchi bo‘lganim boshqa narsa.
Hech narsa uchun hech qachon kech emas.
Rasmdagi shu gapni o‘n yilcha avval, Facebookda inglizcha ko‘rgandim. O‘shanda shunday tarjima qilib, yozib qo‘ygandim, o‘zimga eslatma sifatida.
Rahmatli ustozimiz Abdimajid Po‘latov "Men 45 yoshimda o‘rgandim" derdilar.
Yaʼni menga biror ishni qilishga "endi kech" deyish bahonaga o‘xshab tuyuladi. Nazarimda o‘sha o‘n yil ortga qaytsam, ingliz tilini o‘rganardim deganlarni o‘n yil ortga qaytarsa ham o‘rganmaydi...
Ishtiyoq bo‘lsa, vaqt muammo emas.
@psixolingvist
Izohlarda ko‘pchilik "bir marta pul yetmasa ham o‘tkazvorgani uchun keyin bloklab qo‘yadi" deyishdi. To‘g‘ri ko‘ngilli xalqimizdan aylanay (kesatiq emas).
Mabodo shunaqa qilsa ham, bu mutlaqo mantiqsizlik, muammoga mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv deb hisoblasam-da, kartamning kirim-chiqim tarixini tekshirdim.
U karta eski ishxonamdan qolgan, yaʼni o‘zim pul tashlamasam kirim bo‘lmaydi. Uni faqat shu transport uchun ishlataman. Xullas, kirim-chiqimni tekshirdim, yo‘q, unaqa "bir marta shunday o‘tkazvorish" degan narsa umuman bo‘lmagan! Pulni yechvolib, ammo o‘tkazmaslik bo‘lgan. Shundan o‘ylab qoldim, balki qolganlarda ham pul yetmaganda shunday o‘tkazib yuborish bo‘lmagandir.
Chunki eslayman taxminan bir-bir yarim yil oldin Isroil Tillaboyev o‘g‘lining kartasi bilan shunday holat bo‘lganini, karta avtobusda pul yetarlimas deb bloklangach, o‘g‘li naqd pulda (ha, unda naqd pulda o‘tash mumkin edi) to‘lagani, biroq kartaga pul tushirgach, kartadan ham yechib olinganini aytib, norozilik bildirgandi. Mutasaddilarning javobi nima bo‘lgandi, topinglar-chi?
Uzr so‘rash yo‘q, qaytanga, siz o‘zingiz aybdorsiz, bolaga karta bergandan keyin doimiy tekshirib turish kerak balansini degan mazmunda javob berilgan. Bu mantiqsiz javob va mijozga nisbatan o‘taketgan hurmatsizlikdir.
Azizlar, kartani pul yetmasa bloklash va undan yurilmagan yo‘l uchun haq yechib olish mutlaqo adolatsizlik, siz bilan mening haqimni yeyishdir. Tizim noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganining belgisidir. Bunga eʼtiroz bildirish kerak!
Bunaqa yo‘l bilan "quyon"lardan, yaʼni avtobus yo metroda yo‘l haqini to‘lamaydiganlardan qutulib bo‘lmaydi. Boshqa mamlakatlardagi kabi avtobusga chiqishni faqat va faqat old eshikdan qilib qo‘ysin. O‘rta va orqa eshiklar faqat yo‘lovchi tushishi uchun ishlatilsin. Lekin karta bloklanib, nohaq pul yechib olinmasin.
Nima uchun bu haqida yozyapman, balki kerakli joyga yetib borar, gapirilaversa, balki natija berar, degan nimjongina umid bor.
@psixolingvist
Davomi
Yashasin, pulni lekin baribir yechib olgan ekan!
Bunaqa kartani bloklab, metro turniketini ochishga qo‘ymasdan, odamni yo‘ldan qo‘yib, lekin baribir yo‘l haqini yechib oladigan tizim yana qayda bor?!
@psixolingvist
#ijtimoiy
Shu transportdagi to‘lov tizimimiz ajoyib. Kartada pul yetarli bo‘lmasa, yetarlimas de, bo‘ldi. Balo bormi kartani bloklab???
Pul tushirib ham keyin karta ishga tushishini kutish kerak. Nima mantiqsizlik bu?
@psixolingvist
Dunyo bo‘yicha eng chiroyli so‘z deb Yangi Zelandiyaning tub aholisi maori tilidagi kaitiakitanga so‘zi topilibdi. U insonning tabiatga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lishini anglatar ekan.
Yaqinlarim bilan o‘ylab qoldik, o‘zbek tilidagi eng chiroyli so‘z qaysi ekan, deb.
Sizningcha qaysi?
@psixolingvist
Futbol bo‘yicha jahon chemionatini chala-chulpa bo‘lsa ham kuzatdik va shu kanal orqali hissiyotlarimizni baham ko‘rdik.
Katta ehtimol bilan, finalni ko‘rmayman. Juda kech boshlanarkan. Muxlislik darajam bu vaqtda bedor bo‘lishga yetmaydi.
Ammo yarim finaldan beri Ispaniyaga muxlislik qilyapman.
To‘g‘risi, birorta o‘yinini ko‘rmadim 🫣.
Endi yigirma yil avval bo‘lsa ham Ispaniyada yarim yil yashaganma, yegan non-tuzimni hurmati bor 😊. Undan tashqari, Ispaniya men borgan birinchi chet mamlakat bo‘lgan. Shuning uchun boshqacha yaxshi ko‘raman Ispaniyani.
Messining muxlislariga uzr.
@psixolingvist
Ko‘pincha kanalimda izohlar faollashib qolsa, bilamanki, yangi kuzatuvchilar qo‘shilgan bo‘ladi. Balki meni tanimagan, bilmagan odamlar qo‘shilgani uchun, ularda tushunmovchilik yuzaga keladi va shuni hal qilishni xohlashadi.
Imlo xatolarida ko‘pchilik savodxonlar (bu kesatiq emas) aynan xatoni ko‘radi.
Men esa psixolingvistman, men u xatolarda tilning yashash tarzini ko‘raman. Shu sabab til egalarini imlo xatolari uchun malomat qilmayman.
Yuqoridagi postda keltirilgan ruscha so‘zlarning o‘zbek lotin alifbosida yozilishi men uchun go‘zal hodisa. Nima uchun go‘zal? Chunki u bugungi tilimizning, o‘zbek jamiyatida amalda bo‘lgan jonli tilga oiddir.
Ha, yozayotganda biz u so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini ishlatarmiz, lekin aksariyatimiz og‘zaki nutqimizda ruschasidan foydalanamiz. Qaytaraman, bu xato emas. Til jonli hodisa. Tilimizning shu shaklda ekanligi tarixiy, ijtimoiy, siyosiy asosga ega. Til jamiyat hayotidagi bunday jarayonlardan alohida yashamaydi.
To‘g‘rilash kerakmi? Albatta. Lekin buni borib o‘sha lavhani yozgan odamni urishish bilan qilib bo‘lmaydi. So‘zlarning o‘zbekcha muqobilini eng avvalo taʼlimga singdirish kerak, OAVlarda o‘zbekcha muqobilini ishlatishga qatʼiy talab bo‘lishi kerak. Do‘konlarga ham o‘zbekcha muqobilining ro‘yxati berilib, shu asosida eʼlon, narxlar, to‘lov chekida yozilishi talab qilinishi kerak. Muammo tizimli hal qilinishi kerak.
Xato hammada bo‘ladi, xato qilmaydigan inson yo‘q. Imlo xatolar ortida psixolingvistik reallik turadi. Imlo xatosida birovni ayblagandan ko‘ra, shu xato nima uchun yuzaga keldi ekan degan savolga javob qidirish foydaliroq.
"Savodsizligi uchun-da!" bu biz qidirgan javob emas.
@psixolingvist
