Kelayotgan yil infoqalloblar yili bo'ladi. Subyektivning ko'rsatuvidan keyin yo'qolib ketgan mayda-chuyda baliqlar o'rnini kitlar egallayabdi (biri-biridan mashhur kitlar). Bitta infobzines "zapuskidan" bemalol 100-300-500ming$ qiladigan nahanglar.
Buning uchun avval "shaxsiy brend" ustida yaxshilab ishlanadi. Maxsus marketing jamoa yollanib, auditoriya obdon qizdiriladi. Qimmat mashina, xashamatli uy, ekzotik orollarga sayohatlar, tansiq taomlar, bola-chaqayu, xijobdagi xotinlar, o'qilayotgan namozlaru, umra va hajlar, hamma-hammasi ko'z-ko'z qilinadi. "Ko'rib qo'yinglar mening hayotimni" qabilidagi postlar bilan instagram yondiriladi. Yuzminglab obunachilar yig'iladi.
PR aksiya kulminaisyasiga yetib, obunachilar xashamatdan ko'zi yonib turganda esa "Menga o'xshashni istaysizmi, mana sizga BEPUL trening" deb ommani laqqa tushuriladi. Treninga kelganlarga esa "Shaxsiy brend qurish", "Tadbirkorlik sirlari", "Muvaffaqiyat kalitlari", "Shaxsiy moliya va investisiya" va hokazo qabilidagi kurslarga yozilish so'raladi (joylar chegaralangan, shoshiling. 600$ lik VIP joylar allaqachon sotilib bo'ldi, 500$ lik premium paketdan 4 ta qoldi).
Bu qalloblar oldida, avvalgilari xolva bo'lib qoldi. Avvalgilari nari borsa birorta co-workingda 100-200 ta odamni yiqqan bo'lsa, hozirgilar konsert zallarida trening o'tayapti. Ko'lam shunchaki daxshat. Yoshmi-qarimi, ayolmi-erkakmi, tadbirkormi-talabami, farqi yo'q "kursimiz hammaga birdek yordam beradi". Nafs yo'lida, hech kim ayab o'tirilmaydi. Din ham diyonat ham sotiladi. Insof va vijdon bir chekkaga surib qo'yiladi.
Biz xatolardan xulosa qilmaymiz. O'tgan yili subyektivning infoqalloblar haqidagi videolarini ulashgan insonlar bugun o'zlari o'sha qalloblarning to'riga tushib turibdi. Yoki o'zlari qallobga aylanishdi.
Lekin, yaxshi yangiliklar ham bor. Infoqalloblarning umri qisqa, 1-2 yilda odamlarning ko'zi ochiladi. Bozor to'yinadi. Aksar qalloblar ustidan jinoiy ishlar ochiladi, kamida keti ochilib sharmandasi chiqadi. Rossiya bunga yaxshi misol, yil davomida bir nechta katta qalloblarga nisbatan katta jinoiy ishlar ochildi. Ungacha esa chidaymiz. Bu ham bir o'tishimiz kerak bo'lgan bosqich.
Anvar Nazrulloh
https://t.me/DrGavharDarvish