🇺🇿
2026-yil 7–9-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari
Ruxullo Zikrillayevning Serbiya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
🟠
7-sentabr kuni Belgrad shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat to‘qimachilik va yengil sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
🟠Yig‘ilishda Serbiyaning O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqishda muhim
savdo va logistika ko‘prigi bo‘lishi mumkinligi, O‘zbekiston esa Serbiya kompaniyalari uchun Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqishda ishonchli hamkor sifatida xizmat qilishi ta’kidlandi.
🟠Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo samaradorligini oshirish maqsadida to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlari savdosida
erkin yoki preferensial savdo tartibiga o‘tish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishda tegishli bitimni tayyorlash bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar boshlanganligi qayd etildi.
🟠Shu kunning o‘zida
Serbiya Savdo-sanoat palatasining yetakchi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Serbiya tomoni O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining yuqori sifati va Yevropa bozoridagi raqobatbardoshligini e’tirof etdi.
🟠
8-sentabr kuni Belgrad shahrida O‘zbekiston va Serbiya ishbilarmon doiralari ishtirokidagi Biznes-forum doirasida yengil sanoat korxonalari vakillari uchun manzilli
B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda ikki mamlakat kompaniyalari o‘zlarining ishlab chiqarish imkoniyatlari va faoliyati bilan yaqindan tanishib to‘qimachilik, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
🟠
9-sentabr kuni Vranje shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiyaning yirik to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilardan biri —
“Yumco” kompaniyasining ishlab chiqarish fabrikasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, faoliyat yo‘nalishlari va mavjud hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishildi.
🟠Shuningdek,
Ruxullo Zikrillayev Vranje shahri meri bilan uchrashdi. Muloqot davomida hududiy darajada sanoat hamkorligini rivojlantirish, o‘zbek tadbirkorlarining ishlab chiqarish va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etish hamda yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
🟠Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri
“Yumco” kompaniyasining Yevropadagi hamkorlari tomonidan beriladigan yirik buyurtmalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishda O‘zbekistonning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda xomashyo bazasidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘ldi. Tomonlar ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiya qilish va sanoat kooperatsiyasining samarali modelini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
🟠Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston yengil sanoatining
Yevropa bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, yangi eksport imkoniyatlarini yaratish, xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish hamda mahalliy korxonalarni xalqaro qiymat zanjirlariga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
🌐
gov.uz/oz/adli
😎
t.me/adli_uz_official
😎
facebook.com/adli.uz
😎
instagram.com/adli_uz
#YengilSanoat #Rivojlanish #Agentlik