Huquqshunos Sirojiddinning yangi talaba bo‘lganlarga bergan 10 ta maslahatini o‘qib qoldim. Shundan keyin menda ham talabalarga bir-ikki maslahat berish istagi paydo bo‘ldi.
Maslahatlarimning aksariyati kitobdan yoki kimningdir gapidan olingan qoidalar emas. Ular o‘z talabalik tajribamdan – qilgan xatolarimdan ham, to‘g‘ri qarorlarim va menga foyda bergan odatlarimdan ham kelib chiqqan xulosalar.
Shuning uchun bularni “shunday yashashingiz kerak” degan qat’iy qoidalar sifatida emas, talabalikni o‘zim qanday ko‘rganim va nimalarni boshdan kechirganimdan kelib chiqqan maslahatlar sifatida qabul qiling. Sizga to‘g‘ri keladiganini oling, to‘g‘ri kelmaydiganini esa bemalol chetga surib qo‘ying.
1. Universitetdan ko‘p narsa kutmang.
Ochig‘i, talaba bo‘lishimdan oldin va ayniqsa 1-kursda universitetdan juda ko‘p narsa kutganman.
Masalan, antropologiya darsida bosh chanog‘i skeletlari ustida tadqiqot olib boramiz, deb o‘ylardim. Bosh chanog‘i qayerda, antropologiya darsining o‘zi o‘tilmagan. :)
Bu, albatta, faqat mening xatoim emasdi – universitetda men kutganimdek bo‘lmagan jihatlar ham yetarlicha bor edi. Lekin men ham universitetdan reallikdan tashqari ko‘p narsa kutgan ekanman. Kutganim bilan amalda ko‘rganim o‘rtasidagi farq ayrim paytlarda meni asabiylashtirardi. Keyinchalik esa universitetdagi hamma narsani o‘zgartirishga urinishdan ko‘ra undan nima olish mumkinligini o‘ylash foydaliroq ekanini tushundim (juda ko‘p narsa ololmaysiz, shuni ham yodda tuting).
2. Universitetga kirganingizdan keyin sizda ikkita yo‘l bor.
Biri – tadbirma-tadbir yurib, “faol yoshlar” qatoriga kirish. Ikkinchisi – tom ma’noda ilm ustida ishlash.
Birinchi yo‘lni yomon demoqchi emasman. Zero, O‘zbekistondagi kadrlar bozori ayrim, balki aksariyat holatlarda shunday “faol yoshlar”ni ko‘proq o‘ziga jalb qilar ekan, aksariyatning bu yo‘lni tanlashini tushunsa bo‘ladi. Men esa bu yo‘lni tanlay olmaganamn :)
Sirojiddin tadbirlarda qatnashishning yana bir foydali tomoni – networking haqida aytibdi. Bu haqiqatan ham muhim narsa. Networking deganda o‘z sohangizdagi odamlar bilan tanishish, foydali aloqalar o‘rnatish, kelajakda bir-biringizga kerak bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan insonlar davrasini shakllantirishni tushuniladi. Bu narsa karyera o‘sishida ham ancha asqatadi. O‘zimda ham bunday aloqalarning foydasi teggan.
Lekin ayrimlar ba’zan networkingni ham o‘ziga xos “o‘zbekona networking”ka aylantirib yuborishadi. :)
Ya’ni odamning nima degani, qanday fikrlashi, o‘z sohasida nimani bilishi unchalik qiziq bo‘lmay qoladi. Muhimi – qaysi lavozimda o‘tirgani, kim bilan tanishligi va uning yonida ko‘rinish. Hatto biror odam kursida o‘tirib, mantiqsiz gap gapiryaptimi-yo‘qmi, buning o‘zi emas, uning kursida o‘tirgani qiziq bo‘lib qoladi. Menimcha, bu networking emas.
Haqiqiy networking yaxshi narsa. Kelajakda sizga juda ko‘p eshiklarni ochib berishi mumkin. Lekin men odam bilan tanishishda uning
lavozimidan oldin salohiyatiga, mansabidan oldin ilmiga qarashni ma’qul ko‘rganman. Faqat lavozimi uchun odam izlashni esa yaxshi strategiya deb hisoblamayman
.
Chunki qachondir talab o‘zgarishi mumkin. Yo‘q deganda, bugun sizga biror narsani va’da qilgan odamning o‘zi ertaga o‘sha kursida bo‘lmasligi mumkin.
Shunday vaziyatda yana o‘zingizni o‘zingiz tortishingizga to‘g‘ri keladi. Ana shunda ilm asqatadi.
Shuning uchun agar birinchi yo‘lni tanlasangiz ham,
maromida ushlang. Tadbirga boring (har qanday bema’ni tadbirlarga emas), odamlar bilan tanishing, jamoat ishlarida qatnashing, networking qiling. Bularning foydasi bor.
Lekin juda “paxtakash”, juda “tadbirvoz” bo‘lib ketmang. Faollikni ilmning o‘rniga qo‘ymang.
Faol bo‘lish yaxshi. Tanish-bilish orttirish ham yaxshi. Lekin oxir-oqibat sizni ushlab turadigan narsa – o‘zingizning bilimingiz va salohiyatingiz.
3. Domlalar bilan urishmagan ma’qul, menimcha.
Hozir avvalgi davrlar emas. Ayrim kafedralarda hatto “bolalarni qiynamanglar” degan topshiriq berilayotganini eshitdim.
Lekin shunday bo‘lsa ham, bir-ikkita talabaga bosim o‘tkazishga urinadigan yoki undan ham yomoni, mantiqsiz topshiriqlar beradigan “domla”lar uchrab turishi mumkin.
Shunday vaziyatda darrov qarama-qarshilikka borish shart emas, deb o‘ylayman. Chunki bunday vaziyatlarda odatda faqat bitta-ikkita odam pushkada qolib ketadi. Vaziyatga qarang. Fikringiz to‘g‘ri bo‘lsa va ko‘pchilik ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lsa, ko‘pchilikdan qolmang. Lekin bitta o‘zingiz bo‘lsangiz, biroz ehtiyotkorroq bo‘lgan ma’qul.
Masalan, siz 3-kurs talabasisiz. Auditoriyada doskaga yopishtirib qo‘yilgan olma shaklidagi stikerlar bilan dars o‘tilyapti, bu 3–4-sinf bolalariga xos metod. Buni domlaga aytdingiz. Lekin u kishi 20 yildan beri shu “innovatsion uslub”da dars o‘tib kelayotgan bo‘lsa, qolaversa, kursdoshlaringizga ham bu uslub ma’qul bo‘lsa (chunki bunday darsda “baho olish oson”), sizning e’tirozingiz bilan nimadir o‘zgarishi qiyin. Faqat siz domlaning ko‘ziga “gap qaytaradigan talaba” bo‘lib qolishingiz mumkin.
4. Domlalarga paxta qo‘ymang. Lekin domlalar bilan urishmang ham.
To‘g‘ri, paxta qo‘yib, “o‘sish” mumkin. Balki karera qilish ham mumkindir. Balki bu yo‘l osonroqdir. Lekin boshqa yo‘l ham bor. O‘zingizni bilim, mehnat va natija bilan ko‘rsatishga harakat qiling (mana, men shu joyida “ko‘rsatishga” so‘zini qo‘llab xato qildim, faqat o‘zingiz uchun o‘qing, o‘zingizga o‘zingizni ko‘rsatib qo‘ying).
Qisqasi,
paxta ham qo‘ymang, urishmang ham. Menimcha, talabalikdagi eng yaxshi pozitsiyalardan biri shu.
5. Ayrim paytlarda shunchaki “xo‘p” deng.
Ba’zi narsalar uchun kurashishga arzimaydi. Ba’zan haq bo‘lsangiz ham “xo‘p” deyish – qo‘rqoqlik emas. Shunchaki o‘sha masalaga vaqtingizni, asabingizni sarflashga arzimaydi. Talabalikda buni ham o‘rganish kerak ekan.
6. Biror xato qilib qo‘ysangiz (yoki shunaqa o‘ylasangiz), AFSUSLANMANG!
Bu men uchun eng muhim maslahatlarning biri. Yuqoridagilarga amal qilganingizdan yoki aksincha, amal qilmaganingizdan keyin qandaydir zarar ko‘rsangiz, afsuslanib o‘tirmang :)
“Bunday qilsam bo‘lardi”, “unday qilmasligim kerak edi”, “nega shunday dedim ekan?” degan gaplar odamni ichidan yeydi. Yagona to‘g‘ri qoidalar to‘plami yo‘q. Hayotda xato qilasiz. Ba’zan to‘g‘ri deb o‘ylagan qaroringiz noto‘g‘ri chiqadi. Ba’zan noto‘g‘ri qaroringiz siz kutmagan yaxshi natijaga olib keladi.
Xullas,
xatolar bo‘ladi. Afsuslanmang.
Bu saboqni menga bir paytlar fakultetim dekani bo‘lgan domlam bergan edi. Men oldinlari qilgan ayrim xatolarimdan juda ko‘p afsuslanardim. “Bunday qilsam bo‘lardi, unday qilsam bo‘lardi”, deb o‘zimni qiynardim. Keyin tushundim: bu odamni ortga qarab yashashga majbur qilar ekan. Hozir men umuman bunday qilmayman.
Boshga tushganni ko‘z ko‘radi, deb qo‘yibman.
Nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘ldi. Undan saboq oling-da, keyingi ishga o‘ting.
7. Kursdoshingizni sevib qolmang.
Sirojiddin kursdoshni sevmaslikni maslahat beribdi. Nima desam ekan... Bu maslahatga 99,9 foiz holatda hech kim amal qilmaydi baribir. :)
Men ham shu maslahatni beraman. Lekin mabodo sevib qolsangiz ham,
afsuslanmang. :)
(c) Jalol BOLTAYEV
@TESTLIDER