Azizxon Axmedov | EDU
Open in Telegram
Oliy ta’lim, ilmiy jarayonlar, dissertatsiya, AI va jamiyat haqida tahliliy fikrlar. Akademik muhitdagi muammolar, yechimlar va kuzatuvlar. Takliflar uchun: @titu_murojaat_bot
Show moreThe country is not specifiedThe category is not specified
427
Subscribers
-124 hours
No data7 days
-930 days
Posts Archive
📢 Ilm-fan – taraqqiyot mezoni
Shaxlo opa Turdikulova ta’kidlaganidek, bugungi kunda ilm-fan mislsiz tezlikda rivojlanmoqda. Sun’iy intellekt, biotexnologiya, kosmik tadqiqotlar, raqamli texnologiyalar — bularning barchasi insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirmoqda.
Agar biz bu jarayondan chetda qolsak, kechagi kun bilan yashab qolishimiz hech gap emas. Afsuski, O‘zbekiston ilm-fani hali ham jahon miqyosidagi tezkor sur’atga to‘liq moslasha olmayapti. Mablag‘, ilmiy maktablar va xalqaro integratsiya yetarli darajada kuchli bo‘lmasa, biz dunyo olimlari erishayotgan yutuqlarni faqat tomoshabin sifatida kuzatib qolamiz.🎓 Shunday ekan, bugun bizdan faqat gap emas, balki amaliy qadamlar talab etiladi: yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy infratuzilmani mustahkamlash, xalqaro tajribani faol o‘zlashtirish. Aks holda, “ilmiy taraqqiyot” biz uchun faqat konferensiyalarda aytiladigan chiroyli jumlalargina bo‘lib qoladi. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
🔎 Firibgarlik zamonaviylashdi: muammo texnologiyada emas, tafakkurda
O‘g‘irlik insoniyat tarixi bilan tengdosh hodisa. U avval ham bo‘lgan, bugun ham mavjud. Farqi shundaki, ilgari moddiy kuch ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunda firibgarlik axborot va psixologik manipulyatsiya orqali amalga oshirilmoqda. Ya’ni jinoyatning shakli raqamlashtirildi.
Hozir eng xavfli yo‘nalishlardan biri – iqtisodiy firibgarlik. Birgina telefon qo‘ng‘irog‘i, birgina SMS-kod va inson o‘z mablag‘ini o‘zi topshirib qo‘yadi. Bu jarayonda jinoyatchi qurol ishlatmaydi, tahdid qilmaydi – u insonning ishonchi, shoshqaloqligi va axborot savodsizligidan foydalanadi.
O‘tgan hafta universitetimizda aynan shu mavzuda profilaktik uchrashuv o‘tkazdik. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, yaqin tanishim shunday sxemaga tushib qoldi. 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ bir necha daqiqada yo‘qoldi. Bu – oddiy beparvolik emas, bu tizimli ijtimoiy muammo.
📊 Ilmiy nuqtai nazardan qaralganda, bunday firibgarliklar uch omilga tayangan holda ishlaydi: 1. Autoritet effekti – “Bankdan qo‘ng‘iroq qilyapman” degan so‘z avtomatik ishonch uyg‘otadi. 2. Shoshiltirish mexanizmi – “Hozir ayting, aks holda karta bloklanadi” kabi bosim. 3. Axborot assimetriyasi – fuqaroda raqamli xavfsizlik haqida yetarli bilim yo‘qligi.Demak, muammo texnologiyada emas. Muammo – tanqidiy fikrlash yetishmasligida. 🎓 Shu jihatdan yosh avlodga umid katta. Prezident maktablari va ayrim xususiy ta’lim muassasalarida “Critical Thinking va Problem Solving” ko‘nikmalariga alohida e’tibor berilmoqda. Tanqidiy fikrlash – bu shunchaki fikr bildirish emas, balki har qanday axborotni tekshirish, manbani aniqlash, shoshilinch qaror qabul qilmaslik qobiliyatidir. Ammo 20 yoshdan yuqori bo‘lgan bugungi faol avlod uchun tezkor va keskin choralar zarur. Chunki ular iqtisodiy jarayonlarda faol, bank xizmatlaridan foydalanadi, lekin ko‘pchiligi mediasavodxonlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha tizimli bilimga ega emas.
📌
Mediasavodxonlik bugun hayotiy zaruratga aylandi.
Mediasavodxonlik – bu: • axborotni tanqidiy qabul qilish; • manipulyatsiyani aniqlash; • raqamli xavfsizlik qoidalarini bilish; • shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish madaniyati.Raqamli davrda savodxonlik faqat o‘qish-yozishni bilish emas. U – axborotni tahlil qilish va o‘z manfaatini himoya qila olish qobiliyatidir. ❗️Oddiy qoidani unutmaylik: Hech qaysi bank xodimi SMS kod so‘ramaydi. Hech kimga karta ma’lumotini bermang. Shubha qilsangiz – suhbatni to‘xtating va bankning rasmiy raqamiga o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling. Pul topish yillar talab qiladi. Uni yo‘qotish esa soniyalar masalasi. Firibgarlik kuchaymoqda. Demak, ogohlik va tafakkur ham kuchayishi shart. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Repost from TITU - Namangan
#munosabat
O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi: insonparvar siyosat va strategik yaqinlashuvning zamonaviy modeli
Turkiyaning Hatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasidagi xonadonlarning o‘z egalariga topshirilishi hamda Istanbul shahrida o‘zbek maktabi qurilishiga start berilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi, mazmunan chuqur bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ushbu jarayonlar nafaqat amaliy yordam va madaniy hamkorlik namunasi, balki davlatlararo munosabatlarda insonparvarlik, tarixiy yaqinlik va uzoq muddatli strategik fikrlash ustuvor ekanini ko‘rsatadi. Xalqaro munosabatlar nazariyasida bunday tashabbuslar “yumshoq kuch” siyosatining muhim unsuri sifatida talqin qilinadi. Ya’ni davlat o‘z ta’sirini harbiy yoki iqtisodiy bosim orqali emas, balki madaniyat, ta’lim, gumanitar yordam va o‘zaro ishonch orqali mustahkamlaydi.Batafsil
Bizni kuzatingTelegram|Websayt |Instagram | Facebook
玩吧,睡吧,毕业后一起捡破烂!
(Oʻyna, uxla, bitirgach birga musor yigʻamiz!)
Talabaga tavsiya
O‘qish davri — hayotdagi eng muhim va qimmatli vaqt. Uni shunchaki o‘tkazib yuborish oson, lekin keyin qaytarib bo‘lmaydi. Bugun qilinmagan mehnat ertaga ikki baravar qiyinchilik bo‘lib qaytadi.
Universitet sizga yo’nalish beradi. Kasb, malaka va mustaqil fikrlashni esa o‘z harakatlaringiz orqali yaratishingiz kerak.
Har kuni oz bo‘lsa ham o‘rganing.
Bir chet tilidan kamida bitta yangi so‘z, sohangizga oid bitta yangi tushuncha, o‘zingizni rivojlantiradigan bitta kichik odat.
Bahoni emas, bilimni maqsad qiling.
Imtihondan o‘tish muhim, lekin hayot imtihoniga tayyor bo‘lish undan ham muhimroq.
Bugun o‘zingizga sarmoya kiritsangiz, ertaga tanlov imkoniyati siz tomonda bo‘ladi. Aks holda, hayot siz uchun tanlab qo‘yadi.
Talabalar uchun eng to‘g‘ri yo‘l — bugundan boshlash.
Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Hamid aka bilan Milliy universitetda bir kafedrada birga faoliyat olib borganmiz. U o‘z sohasini chuqur biladigan, kuchli mutaxassis va yetuk tarjimon sifatida doimo hurmat qozongan inson. Hamid akaning eng yoqqan jihatlaridan biri — minimal imkoniyatdan maksimal natija chiqarish haqidagi fikrlari.
U kishi ko‘pincha katta gaplardan ko‘ra, kichik, lekin sifatli bajarilgan ishlar baribir o‘z natijasini berishini ta’kidlab turardi. Mas’uliyat, mehnatsevarlik, tartib va sifatga e’tibor haqidagi qarashlari ko‘plab yoshlar uchun yaxshi maslahat bo‘la oladi. Qolaversa, bu gaplar faqat yoshlar uchungina emas — tajribasi bor kattalar, rahbarlar va mutaxassislar uchun ham juda o‘rinli.
Hamid aka bugun ham o‘z tajribasi va fikrlari bilan atrofdagilarga foydasi tegadigan, yoshlarni ham, kattalarni ham o‘ylantirib qo‘yadigan ustozlardan.Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Boylik va rivojlanish bir xil tushuncha emas.
Aziz Sanjar aynan shuni eslatadi: jamiyat boy bo‘lishi mumkin, ammo ilm, tafakkur va ta’lim ustuvor bo‘lmasa, u rivojlangan hisoblanmaydi. Boylik — resurs, rivojlanish esa shu resursni boshqaradigan ilmiy elita mavjudligiga bog‘liq.
Fikrimcha, bugun o‘zbek jamiyatida sezilayotgan holat shuki, ko‘pincha e’tibor ilm egalariga emas, moliyaviy imkoniyati kuchli shaxslarga qaratilmoqda. Bu boylarga qarshi munosabat emas — halol tadbirkorlik jamiyat uchun havodek zarur. Ammo muammo shundaki, jamiyat yo‘nalishni kim belgilayotganini aniqlab olishi kerak. Chunki tarixda har doim jamiyatni oldinga tortgan kuch — ilmiy elita bo‘lgan, kapital egalari emas.Agar ilmiy doira vakillari chetda qolaversa, yosh avlod qisqa muddatli foyda ortidan yuradi. Natijada ilm, muhandislik, tadqiqot va ta’lim “sekin yo‘l” sifatida baholanadi. Faqat pulni mezon qilinsa, ertaga boshqalardan orqada qolamiz. Tarix bunga misol. Xonliklarimiz boy edi, resursga ega edi. Ammo zamon talabi — ilm, islohot va bilimli qatlam bilan ishlash yetarli bo‘lmagani sababli, boyliklar ularni saqlab qola olmadi. Ruslar tashib ketdi. Firkimcha, boylik jamiyatni bezaydi, ilm ruhi esa jamiyatni quradi. Ilm kirgan soha barqaror o‘sadi, ilm kirmagan soha esa vaqtinchalik ko‘tarilib, tez so‘nadi. Savol esa ochiq qoladi: biz kimga ergashyapmiz — pul egalarigami yoki tafakkur egalariga? Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
‼️Universitet qanchalik muhim?
Universitet — bu shunchaki diplom beradigan joy emas. U inson tafakkuri shakllanadigan, dunyoqarash kengayadigan va kelajak yo‘li aniqlanadigan maskandir. Oliy ta’lim muassasasi talaba hayotida bilim olish makoni bo‘lish bilan birga, uni mustaqil fikrlashga, tahlil qilishga va mas’uliyatli qaror qabul qilishga o‘rgatadi.
Ilmiy-pedagogik nuqtayi nazardan qaralganda, universitetning ahamiyati uch asosiy yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: • Bilim — fan asoslarini tizimli va chuqur o‘rganish imkonini beradi; • Tafakkur — tanqidiy va analitik fikrlashni shakllantiradi; • Yo‘nalish — shaxsning kasbiy va ijtimoiy o‘rnini belgilashga xizmat qiladi. Bugungi sharoitda universitetni faqat “o‘qish joyi” sifatida qabul qilish yetarli emas. U — imkoniyatlar platformasi: ilmiy izlanish, amaliy tajriba, muloqot va o‘zini anglash maydoni. Talaba bu imkoniyatlardan qanchalik ongli foydalansa, universitet shunchalik muhim ahamiyat kasb etadi.Qisqa qilib aytganda, universitet kelajakni tayyor holda bermaydi, balki uni qurish uchun zarur poydevorni yaratadi. Bu poydevor qanday natija berishi esa, avvalo, talabaning o‘ziga, harakatiga bog‘liq. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
To‘g‘risi, “bu dunyo o‘zgarmaydi, shunchaki yashab o‘tamiz” degan gap menga yoqmaydi. Chunki bunaqa gap-so’zlar odamlarni dangasa qilib qo‘yadi: go‘yo hammasi tayyor, hammasi hal bo‘lgan, sen faqat tomoshabin.
Aslida hayot tomosha emas. Uni his qilish kerak. Ba’zan quvonib, ba’zan kuyinib, ba’zan “menda nega bunaqa bo‘lyapti?” deb o‘ylab… Shunda odam uyg‘onadi. Talabalik payti esa aynan shunaqa uyg‘onish uchun eng zo‘r davr: fikr bor, kuch bor, vaqt ham bor (keyinroq vaqt eng qimmat narsa bo‘lib qoladi).Ko‘plab yoshlar “bu menga nima beradi?”, “bundan nima naf” deb yashaydi. Menimcha, savol boshqacha bo‘lishi kerak: men nimani o’zgartira olaman? Bugun kichkina bo‘lsa ham bir foydali ish qilsangiz, ertaga u odatga aylanadi. Bir g‘oya aytsangiz, uni kimdir davom ettiradi. Biror narsani yaxshilashga harakat qilsangiz, o‘zingiz ham o‘zgarasiz. Hayotni o‘zgartirish uchun katta minbar, amal yoki ko’p pul shart emas. Ba’zan oddiy narsalar yetadi: darsda chindan o‘qish, o‘zingizni yig‘ib olish, biror ishni boshlab oxiriga yetkazish, va eng muhimi — befarq bo‘lib qolmaslik. Shuni anglab yetgan odam endi avvalgidek “kun o‘tsa bo‘ldi” deb yashay olmaydi. Ichida nimadir harakatga keladi: “men ham bir narsa qila olaman” degan ishonch paydo bo‘ladi. Ana o‘sha paytdan boshlab hayot ham boshqacha ko‘rina boshlaydi. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Bugun biz mas’uliyatli davrda yashayapmiz. So‘nggi yillarda mamlakatimizda deyarli barcha sohalarda, ayniqsa ta’lim tizimida kordinal islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar jamiyatni befarq qoldirmayotgani ham quvonarli hol.
Maktabgacha ta’limdan tortib, umumta’lim va oliy ta’limgacha bo‘lgan tizimda xususiy sektor uchun imkoniyatlar kengaytirildi. Natijada sog‘lom raqobat paydo bo‘lib, bu bevosita ta’lim sifati oshishiga xizmat qilayotgani inkor etib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, oliy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan inson sifatida yana bir jihat haqida mulohaza yuritmaslikning iloji yo‘q. Ya’ni, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha oliy ta’lim muassasalariga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilsa, tizim yanada tezroq rivojlanar edi, degan fikr paydo bo‘ladi.Bugun davlat oliy ta’lim muassasalarida bir qator ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud: magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlar uchun kontrakt to‘lovining davlat tomonidan qoplanishi, ijarada yashayotgan talabalar uchun ijara to‘lovining bir qismini kompensatsiya qilish, ilmiy darajaga ega pedagoglarga (PhD va DSc) ustama to‘lovlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, kontrakt asosida o‘qishga kirgan yoshlarga berilayotgan imtiyozlar shular jumlasidan.
Ayni paytda, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotganlar uchun bu kabi imkoniyatlar ko‘zga tashlanmaydi. Bu esa ayrim hollarda tenglik masalasini o‘ylab ko‘rishga undaydi.Bu fikrlar tanqid yoki e’tiroz sifatida emas, balki tizimni yanada mukammallashtirish yo‘lidagi mulohaza sifatida qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ta’limda teng imkoniyat — barqaror rivojlanishning eng muhim omillaridan biridir. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Jamiyatimizda ilm-fan “moda” bo‘lishi kerak.
E’tibor berasizmi!? Bugun kim qanday kiyindi, qaysi mashinani harid qildi yoki qayerda dam oldi — shular trend bo‘lyapti. Ammo kim nimani o‘qidi, qanday fikr yuritdi, qaysi muammoni ilm bilan hal qildi — bu deyarli muhokama qilinmaydi.
Aslida esa jamiyatimizni oldinga olib chiqadigan yagona kuch bu — ilm. Ilm bor joyda tanqidiy fikr bo‘ladi, tanqidiy fikr bor joyda esa rivojlanish bo‘ladi. Ilm-fan “moda”ga aylangan jamiyatda odamlar ko‘rinish bilan emas, mazmun bilan bellashadi.
Agar yoshlar olimlarni san’atkorlar kabi tanisa, kitoblar trendga chiqsa, bilimli bo‘lish obro‘ga aylansa — mana shunda haqiqiy taraqqiyot boshlanadi. Chunki ilm — bu vaqtinchalik trend emas, kelajakni quradigan kuchdir.Ilm-fanni moda qilaylik. Chunki bilim — eng uzoq umr ko‘radigan “trend”. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
⁉️Menga eng ko‘p beriladigan savollarga shu kanalda ham javob berib boraman!
Abituriyentlar, ularning ota-onalari, ba’zan esa talabalarning o‘zlari tomonidan “xususiy universitet diplomi o‘tadimi?” degan savol juda ko‘p beriladi. Qisqa va aniq javob: ha, albatta o‘tadi.
Lekin ayrim vaziyatlarda bu savolga biroz boshqacharoq javob berishga majbur bo‘laman: “Ukam/singlim diplom o‘tadi, lekin o‘zingiz o‘tmasligingiz mumkin.”
Bu gap kimnidir ranjitish uchun emas, balki bugungi zamon talablarini to‘g‘ri tushuntirish uchun aytiladi.Zamon o‘zgardi. Bugun kadrlar bilan ishlovchi HR mutaxassislar ham ancha savodli, talabchan va real baholaydigan darajaga yetdi. Endi faqat diplom, obektivkaga qarab ishga olish davri deyarli ortda qoldi. Qayerda o‘qigani emas, nima bilishi va nimaga qodirligi asosiy mezonga aylandi. ⚠️Shaxsan men uchun ham xodimning davlat yoki xususiy — qaysi universitetni tugatgani hal qiluvchi omil emas. Muhimi, unda: • hard skill — kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar, • soft skill — muloqot, mas’uliyat, muammo yechish, jamoada ishlash, o‘z ustida ishlash qobiliyatlari qanchalik shakllangan? Bugungi kunda aynan shu ikki omil yoshlarning haqiqiy salohiyati va raqobatbardoshligini belgilab beradi. Diplom — bu faqat “eshikni” ochadigan hujjat. Ammo ichkariga kirish, o‘rningni topish va ushlab qolish — shaxsning o‘ziga bog‘liq.
Shuning uchun savolni “diplom o‘tadimi?”dan ko‘ra,
“men bozor talab qilayotgan mutaxassismimanmi?”
degan savolga almashtirish vaqti allaqachon kelgan.Fikrimcha, diplom bu — imkoniyat, ammo natija emas. Natija esa bilim, ko‘nikma va shaxsiy mas’uliyat bilan keladi. Ps: keyinroq huquqiy tomonlama batafsil javob beraman! Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Kecha bir post o‘qib qoldim. Unda 2026-yilda odamlar “real hayot”ga qayta boshlashi haqida yozilgandi. Dastlab oddiy fikrdek tuyuldi. Lekin chuqurroq o‘ylab qarasam, bu gaplar bugun ko‘pchiligimiz ich-ichimizdan sezayotgan, lekin ayta olmayotgan holatni ifodalayapti.
So‘nggi yillarda hayotimiz juda tezlashdi. Ish, karera, reja, majburiyat, ijtimoiy tarmoqlar, doimiy xabarlar, bildirishnomalar… Biz go‘yo tinimsiz yugurib yuribmiz. Qayergadir shoshyapmiz, lekin nimaga shoshayotganimizni ham aniq bilmaymiz. Shu jarayonda esa eng muhim narsalar — oila, sog‘liq, ichki xotirjamlik, real muloqot — sekin-asta ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.
Ilmiy tadqiqotlar ham aynan shu holatni tasdiqlayapti. Psixologlar va sotsiologlar doimiy onlayn muhit inson miyasini charchatishini, diqqatni parchalashini va hissiy barqarorlikni zaiflashtirishini qayd etmoqda. Biz ko‘p axborot olyapmiz, lekin kam his qilamiz. Ko‘p ko‘ramiz, lekin kam anglaymiz. Natijada ichki bo‘shliq paydo bo‘lmoqda. Shu sababli bugun dunyoda “sekinlashish” tendensiyasi kuchaymoqda. Ilmiy adabiyotlarda bu holat slow living, digital minimalism, well-being oriented life kabi tushunchalar bilan izohlanadi. Ya’ni inson yana hayotni his qilishga, uni boshdan kechirishga qaytmoqchi. Telefon ekranidan emas, ko‘z bilan ko‘rishga. Xabar orqali emas, yuzma-yuz gaplashishga… 2026-yil shu ma’noda burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, odamlar karerani hayotning yagona maqsadi sifatida ko‘rishni to‘xtatadi. Albatta, ish va rivoj muhim. Lekin endi u sog‘liq, oila va ruhiy xotirjamlik hisobiga bo‘lmasligi kerakligi tobora aniq bo‘lib boryapti. “Ofline hayot” shunchaki romantik tushuncha emas, balki real ehtiyojga aylanmoqda. Bu jarayon faqat shaxsiy darajada emas. Davlat siyosatida, mehnat bozorida, hatto madaniyatda ham inson markazli yondashuv kuchaymoqda. Muvaffaqiyat endi faqat tezlik va ko‘rsatkichlar bilan emas, balki hayot sifati bilan o‘lchanmoqda. Qanchalik tinch yashayapsan? Qanchalik sog‘lomsan? Qanchalik yaqinlaring bilan bog‘liqsan? Mana shu savollar muhim bo‘lib boryapti. Aslida bu texnologiyadan voz kechish emas. Bu texnologiyani ongli boshqarish masalasi. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, raqamli imkoniyatlar bor va bo‘ladi. Lekin ular inson hayotini yengillashtirishi kerak, uni egallab olmasligi lozim.Fikrimcha, dunyo haqiqatan ham sekinlashyapti. Bu sekinlik orqaga ketish emas, balki chuqurlashishdir. Endi savol shunday: biz ichki shovqindan chiqib, real hayotga qaytishga tayyormizmi? Yoki yana bir muddat shoshilishda davom etamizmi? Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
2025 — xulosa va minnatdorlik yili
Yakunlanayotgan 2025-yil men uchun mazmunan boy, mas’uliyat va shukronaga to‘la bo‘ldi.
Bu yil ortga qarab, qilingan ishlar va bosib o‘tilgan yo‘l haqida jiddiy o‘ylashga undadi.
2020-yilda boshlangan ilmiy izlanishlarim aynan shu yilda muvaffaqiyatli yakuniga yetdi va rasmiy tasdig‘ini oldim. Bu jarayon menga ilm — faqat natija emas, balki sabr, izchillik va mas’uliyat ekanini yana bir bor chuqur his qildirdi.
Joriy yilda Aniq va ijtimoiy fanlar universitetidagi faoliyatimni yakunlab, Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti Namangan manzilida faoliyatimni boshladim. Bildirilgan bu ishonchni katta mas’uliyat sifatida qabul qildim — chunki rahbarlik nafaqat vakolat, balki doimiy talab va javobgarlikdir.2025-yil hayotimda faqat ilmiy va kariyera jihatdan emas, shaxsiy tomondan ham unutilmas bo‘ldi. Yana bir bor ota maqomiga erishdim, xonadonimiz qiz farzand bilan yana fayz va barakaga to‘ldi. Bu ne’mat barcha yutuqlarning asl ma’nosini yanada teranroq anglashga yordam berdi. Jamoamiz bilan birgalikda o‘quv, tarbiya va ilmiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamlar qo‘ydik. Universitetimizda xalqaro va respublika miqyosidagi ikki yirik ilmiy konferensiyaga mezbonlik qilinishi bu yo‘ldagi jamoaviy mehnatimizning amaliy natijasi bo‘ldi. Shu bilan birga, yil davomida universitetda 4 ta fan va soha yo‘nalishida bepul kurslar tashkil etildi. Ushbu kurslarda 100 nafardan ortiq talaba-yoshlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu tashabbus biz uchun raqam emas, balki ilmning amaliy qiymatini yoshlar hayotiga olib kirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Bu yil menga yana bir muhim haqiqatni tasdiqladi: natija — yakka holdagi mehnat emas, balki jamoa, tizimli yondashuv va ishonch mahsulidir.2026 — mas’uliyat va rivojlanish yili Oldinda turgan 2026-yilni yanada samarali, chuqur va barqaror rivojlanish yiliga aylantirish niyatidaman. Bu yil rejalardan ko‘ra amaliyot, intizom va natija ustuvor bo‘lishi kerak. Asosiy e’tiborni quyidagi yo‘nalishlarga qaratmoqchiman: • ta’limda sifat va mazmunni kuchaytirish; • ilmiy faoliyatda amaliy natijaga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni rivojlantirish; • yoshlar bilan ishlashda erkin fikrlovchi, mas’uliyatli va tashabbuskor avlodni qo‘llab-quvvatlash; • xalqaro hamkorlik va ilmiy platformalarda faollikni oshirish. Oila, jamoa, jamiyat va Vatan oldida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p, mas’uliyat esa katta. Hayot shiddat bilan davom etmoqda, lekin har bir qadam, har bir mehnatimiz kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Shu bois ilm, halollik va izchillikni yo‘ldosh qilib, oldinga intilamiz Ilm bilan. Mas’uliyat bilan. Ishonch bilan. Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Kelayotgan Yangi yil muborak!
Yakunlanayotgan yil hayotimizda muhim saboqlar va tajribalar bilan yodda qolmoqda. Kirib kelayotgan Yangi yil esa har birimiz uchun yangi imkoniyatlar, ezgu niyatlar va ijobiy o‘zgarishlar yili bo‘lishiga ishonaman.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik va baraka, kasbiy va ilmiy faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman. Yangi yilda ham ezgu maqsadlar yo‘lida birga bo‘laylik.Yangi yil barchamiz uchun qutlug‘ bo‘lsin! Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
Assalomu alaykum, qadrli kuzatuvchilar!
Ayni kanalda ta’lim tizimi, ilm-fan hamda yoshlar bilan bog‘liq fikr-mulohaza va tajribalarimni bo‘lishib boraman. Ba’zan akademik muhit haqida, ba’zan ta’lim sifati haqida, ba’zan esa yoshlarni o‘ylantirishi kerak bo‘lgan hayotiy xulosalar haqida yozaman.
Maqsadim — shunchaki yozish emas, fikr uyg‘otish va foydali bo‘lish. Samimiy bo‘lsa, qadrli bo‘ladi deyishadiku. Qiziq bo‘lsa, kuzatib boring.Kanalga ulanish: @azizxon_axmedov
