Bankomatlar pulingizni qabul qilmasa nima qilish kerak?
Bankomatlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanganiga ancha bo'ldi. Ular naqd pul yechib olish yoki hisobni to‘ldirish kerak bo‘lganda juda asqotadi. Ammo ular bilan bog'liq turli xildagi muammolar ham uchrab turadi.
Shulardan biri bu bankomatlar kupyuralarni qabul qilmasligidir. Xo'sh, shunday holatlarda nima qilish kerak? Buning sabablari nima bo'lishi mumkin? Biz ushbu postimizda javob topishga harakat qilamiz.
Nega bankomat kupyuralarni qabul qilmaydi?
Agar kupyura soxta bo'lmasa, aslida hech qanday muammo bo’lishi keremas. Lekin bunday vaziyat sodir bo’lsa, quyidagi sabablardan biri bo'lishi mumkin:
1. Kupyuraning yomon holati. U g’ijimlangan, bir qirrasi yirtilgan, yog'li dog'lar yoki kir narsa yopishgan qismlari bo’lsa, bankomat qabul qilmaydi.
2. Xizmatni tanlashda xato qilish. Ehtimol, "pul kiritish" o'rniga "naqd pul olish" yoki "balansni tekshirish" xizmatlari tanlangan bo’lishi mumkin.
3. Yangi banknota. Nazariy jihatdan, agar banknota yangi bo'lsa (yangi chop etilgan ma'noda emas, balki yangi "dizayn" bilan chiqarilgan bo’lsa) va bank xodimlar bankomatning dasturiy ta'minotini yangilashga ulgurmagan bo'lsa, bankomat uni qabul qilmaydi.
4. Bankomat ekranida "pulni kiriting" yozuvi paydo bo'lishidan oldin pul kiritilishi. Pul mablag’lari yozuv chiqqanidan so’ng kiritilishi kerak.
5. Bankomatda begona predmetlar tiqilgan bo’lishi. Bank xodimlari bu holatda ushbu bankomatdan foydalanish kerak emasligi haqida ogohlantiradilar. Bu holat biror mijozning e’tiborsizligi tufayli vujudga kelgan bo’lishi mumkin. Lekin eng yomoni, bu firibgarlar tomonidan ham qilingan bo’lishi mumkin. Shuning uchun bunday bankomatdan foydalanmaslik kerak.
6. Terminal ishlamasligi.
Agar shunday vaziyatga tushib qolsangiz, vahimaga o'rin yo'q. Sizga bunday vaziyatdan chiqish yo'llarini aytib beramiz:
- Agar kupyura g’ijimlangan yoki dog'lar bilan qoplangan bo'lsa, eng oson yechim uni tekislash va qayta urinib ko'rish. Agar bu yo’l yordam bermasa, uni boshqa tomondan aylantirib, bir necha marta urinib ko’rish kerak. Agar yaqin atrofda bank filiali bo'lsa, bank kassasiga murojaat qilib banknotani almashtirish mumkin.
- Ekrandagi ma'lumotni tekshirish kerak. Agar xato bo'lsa, ma'lumotlarni qayta kiritish kerak.
- Agar banknota yangi bo'lsa va bankomat pulni qabul qilmasligi sababi ham shu bo'lsa, operatsiyani boshqa bankomatda amalga oshirish mumkin. Agar boshqasi ham ishlamasa, bu holda bank bilan bog'lanish kerak.
- Agar bankomat mijoz qanday xizmatdan foydalanishini aniqlamagan bo'lsa, ekranda "pulni kiriting" degan yozuv chiqmaydi. Bunday holda, ozgina vaqt sabr qilib kutish kerak.
- Bankomatda begona narsalar borligi firibgarlar pulni o'g'irlashni rejalashtirayotganligidan dalil berishi mumkin. Bunday holda, ehtiyot bo'lish kerak. Bank xodimlarini xabardor qilish kerak.
- Agar terminal ishlamasa, odatda ekranda bu haqda xabar paydo bo'ladi. Ammo dastur o'z-o'zidan ham qotib qolishi mumkin.
Yodda tuting: shunday muammolar yuzaga kelgan bo'lsa, eng to’gri yo’l bu bankning texnik yordamiga murojaat qilishdir. Odatda bu raqam bankomatning o'zida ko'rsatiladi. Agar raqam ko'rsatilmagan bo'lsa, bankning saytida raqamni topib qo'ng'iroq qilish mumkin. Qo'llab-quvvatlash xizmati dam olish kunlarisiz va bayramlarda ham ishlaydi.
Telelgram •
Instagram •
YouTube