Azizbek Mamatqulov
Ir al canal en Telegram
Mostrar más
El país no está especificadoLa categoría no está especificada
199
Suscriptores
-124 horas
-17 días
-330 días
Archivo de publicaciones
📹 O‘zbek tilining boshqa tillar bilan sirli aloqalari #fikratuz →
👤 #Fikrat_|_Tarix →
@youtubabot: 📹480p
O'zbek tilining boshqa tillar bilan aloqalari ancha uzoq tarixga ega. Hozir biz ishlatayotgan so'zlarimizda ham aslan o'zbekcha bo'lmaganlari ko'p.
Iso alayhisalom qaysi tilda gaplashgan? Ko‘pchilik uni bugungi ibroniy tilida gaplashgan deb o‘ylaydi, ammo tarixiy haqiqat biroz boshqacharoq. Olimlarning fikricha, Iso alayhisalom asosan oromiy (aramaik) tilida so‘zlashgan. Bu til ikki ming yil avval Yaqin Sharqda oddiy xalqning kundalik muloqot tili bo‘lgan. Xuddi bugungi kunda odamlar rasmiy til bilan birga xalq tilida gaplashgandek, o‘sha davrda ham diniy va xalq tili orasida farq mavjud edi. Masalan, ibodat va muqaddas matnlar ko‘proq ibroniy tilida, savdo-sotiq hamda turli xalqlar bilan aloqa esa yunon tilida olib borilgan. Yaqin sharqda etnik guruhlarning tili bir biridan farli ko'rinishda bo'lgan. Yana bir qiziq fakt: bugungi kunda ham oromiy tilining ayrim lahjalari butunlay yo‘qolib ketmagan — Yaqin Sharqdagi kichik jamoalarda hali ham shu qadimiy tilning davomchilari yashab turibdi. Demak, ehtimol, ikki ming yil avval aytilgan ayrim so‘zlarni bugun ham ma’lum darajada tushunish mumkin.
(Tore Yanson)
O'N IKKI MING YIL OLDIN
12 ming yil oldin ham Yer yuzida tillar soni hozirgiga yaqin bo‘lganmi? Bu g‘alati tuyulishi mumkin. Axir biz odatda tarixga qarab: “Avvallari odamlar kam bo‘lgan, demak tillar ham kam bo‘lgan”, deb o‘ylaymiz. Ammo ayrim tilshunoslarga ko'ra 12 ming yil oldin ham dunyoda tillar soni hozirgiga yaqin, balki undan ham ko‘proq bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sababi oddiy: tillar tarix davomida ko‘payishdan ko‘ra ko‘proq yo‘qolgan. Qadim zamonlarda bugungidek yirik davlatlarda emas, balki bir-biridan ajralgan kichik qabilalar yashagan. Eng qiziq tomoni shundaki, hozir ham yangi tillar paydo bo‘lishda davom etmoqda, ammo ularning tug‘ilishidan ko‘ra o‘limi tezroq kechmoqda. Shuning uchun ayrim olimlar bugungi dunyoni tillar ko‘payayotgan emas, balki sekin-asta “sukutga cho‘kayotgan” dunyo deb ham tasvirlaydi. Ehtimol, bundan 12 ming yil oldingi insonlarning til manzarasiga nazar tashlay olganimizda, biz kutganimizdan ham ko‘proq til va lahjalarning ovozini eshitgan bo‘larmidik.
Til-miyamizning siri, kognitologiya nimani o‘rganadi?
Bir o‘ylab ko‘ring: nega biz “vaqt uchib ketdi”, “oldinda katta ishlar turibdi” yoki “ko‘ngli keng odam” deymiz? Axir vaqtning qanoti ham, kelajakning qadami ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bu gaplarni hammamiz birday tushunamiz. Sababi inson miyasi dunyoni quruq qoidalar bilan emas, obrazlar va tasavvurlar orqali anglaydi. Ana shu jarayonlarni o‘rganadigan fan kognitologiya deb ataladi.
Kognitologiya insonning fikrlashi, eslab qolishi, idrok qilishi va til orqali ma’no yaratishini o‘rganadi. Eng qiziq tomoni inson tafakkuri tilimizda yashirinib yotadi. Shu sababli tilshunoslikda kognitiv tilshunoslik degan yo‘nalish paydo bo‘lgan. U savol beradi: inson dunyoni qanday tasavvur qilsa, bu tilida qanday aks etadi?
Masalan, biz vaqtni ko‘pincha yo‘l sifatida tasvirlaymiz: “ortda qolgan yillar”, “bayram yaqinlashmoqda”, “oldinda rejalar ko‘p”. Aslida vaqtning oldi ham, orqasi ham yo‘q. Lekin miyamiz mavhum narsani tushunish uchun uni ko‘zga ko‘rinadigan tajriba bilan bog‘laydi.
+1
Tilshunoslikdan tashqari o'qiladigan kitoblar mavjud. Aynan inson tabiatini tushunish va tarixan ruhiyatidagi evrilishlarni anglash har bir soha vakili uchun keraklidir.
G. Lebon kitobda omma va uning qadriyatlarini nozik jihatlar bilan ochib bera olgan.
SEMİR VA SEMİZ
Turkiy tillar tarixida bir ildizdan shakllangan, ma’no jihatdan o‘zaro yaqin bo‘lgan so‘zlar anchagina uchraydi. Ana shunday birliklardan biri semir va semiz so‘zlaridir. Ushbu leksemalar etimologik jihatdan mushtarak bo‘lib, qadimgi turkiy til qatlamidagi umumiy sem ildiziga borib taqaladi. Shu sababli bugungi o‘zbek tilida ham semiz sifati va semir- fe’li bir-biri bilan ma’noviy va tarixiy aloqador holda yashab kelmoqda.
Qadimgi turkiy yozma manbalarda semiz so‘zi “to‘la, yog‘li, baquvvat” ma’nolarida qo‘llangan bo‘lsa, semir- fe’li “semirmoq, to‘lishmoq” ma’nosini anglatgan. Demak, har ikki birlikning semantik markazida organizmning to‘lishi, vazn ortishi yoki mo‘l-ko‘llik belgisi yotadi. Morfologik jihatdan qaralganda, semiz shaklida qadimgi sifat yasovchi -iz elementi mavjud bo‘lsa, semir- shaklida esa holat o‘zgarishini ifodalovchi -ir fe’l yasovchi komponent kuzatiladi. Natijada bir ildizdan biri sifat, ikkinchisi esa fe’l turkumiga oid ikki mustaqil leksema shakllangan. Lekin so'zning asosi bo'lmish sem so'zinining nima ma'no anglatishi to'liq aniqlanmagan masaladir. Masalan, Samarqand nomining Semizkent (“to‘kin, boy, keng shahar”) shakli bilan bog‘lanishi haqidagi qarashlar mavjud. Ayrim manbalarda bu talqin tilga olinib, shaharning iqtisodiy qudrati va obodligini ifodalovchi nom sifatida izohlanadi. Biroq bu etimologiya barcha olimlar tomonidan bir xil qabul qilingan emas; chunki Samarqand nomining sug‘diy va eroniy qatlam bilan bog‘liq talqinlari ham mavjud.
Repost from Fikrat
⁉️⁉️⁉️⁉️⁉️
Mavzu: Turkiylar yozuvi qanday boʻlgan?
Ekspertimiz: Guliston davlat universiteti "O'zbek tilshunosligi" kafedrasi dotsenti Azizbek Mamatqulov (PhD)
Tomosha qiling ➡️https://youtube.com/live/eKWp4P-qB4w?feature=share
Rasmiy sahifalarimizga obuna bo'ling
telegram |instagram | facebook | youtube | fikratonline
Runik yozuvlarni o'qish ancha mashaqqatli, chunki qadimgi turkiy leksika anyni paytdagi leksikadan jiddiy farq qiladi. Men shu bitiktoshlarni o'qish texnikasini yillar davomida o'rgangan bo'lsam ham, matnlarda ko'p qiynalaman. Bu yozuvda sof turkiy qatlamga ega so'zlar, o'zlashma qatlamga oid so'zlardan mutlaqo ustun. Ya'ni arabcha- forscha so'zlardan holi matn. Ammo hozirgi kunda sof turkiy qatlamga ega ba'zi so'zlardan o'zlashma qatlamga oid so'zlar tushunarliroq.
“Yoz” so‘zi qadimgi turkiy tilga oid eng qadimiy fasl nomlaridan biri bo‘lib, eski manbalarda yāz / ýaz shaklida uchraydi. Tilshunoslar bu so‘zni qadimgi turkiy yaz- / yay- fe’llari bilan bog‘laydilar. Bu fe’llarning asosiy ma’nosi “yoymoq”, “tarqatmoq”, bo‘lgan.
Hozirgi “yoymoq” fe’li ham aslida shu ildizning fonetik o‘zgargan ko‘rinishi deb qaraladi.
Eng qiziq jihatlardan biri “yaylov” so‘zining ham shu ildiz bilan bog‘liqligidir. “Yaylov” qadimda chorva yozda chiqariladigan keng ochiq yozloq hududni bildirgan. So‘z tarkibidagi yay- qismi aynan “yoyilmoq”, “keng ochilmoq” ma’nosi bilan aloqador. Demak, yoz fasli, yaylov va yoyilish tasavvurlari qadimgi turkiy tafakkurda bir-biridan ajralmagan. Yoz kelishi chorvaning yaylovga yoyilishi, tabiatning keng ochilishi va hayotning tashqariga tarqalishi degani bo‘lgan.
Shu bois “yoz”, “yozmoq”, “yoymoq” va “yaylov” so‘zlari tasodifan o‘xshash emas; ular qadimgi turkiylarning tabiat va makon haqidagi umumiy tasavvuridan kelib chiqqan tarixiy ildizdosh birliklardir.
KENJA
O‘zbek tilidagi “kenja” so‘zi juda oddiy va kundalik tuyuladi. Uni eshitganimizda ko‘z oldimizga oiladagi eng kichik farzand keladi. Ammo bu so‘zning ichida ming yillik tarix, qadimgi turkiy tafakkur va murakkab tovush o‘zgarishlari yashirinligini ko‘pchilik bilmaydi. Aslida “kenja” so‘zi tug‘ilish tartibini bildiruvchi oddiy qarindoshlik atamasi emas, balki qadimgi turkiylarning vaqt va ketma-ketlik haqidagi tasavvurlarini ham saqlab qolgan tirik til yodgorligidir.
Qadimgi turkiy tilda “ked” degan asos mavjud bo‘lib, u “oxir”, “tugash qismi”, “chekka”, “orqa tomon” kabi ma’nolarni bildirgan. Bu ildizdan keyinchalik “kedin” shakli yuzaga keladi. Mazkur birlik “keyin”, “so‘ng”, “ortda” degan ma’nolarda ishlatilgan. E’tiborli jihati shundaki, bugungi o‘zbek tilidagi “keyin” so‘zi ham aynan shu qadimgi shaklning davomchisidir. Demak, biz har kuni ishlatadigan “keyin” so‘zi bilan “kenja” aslida bir so'zdir
“Kedin” shakliga qadimgi turkiy tilning “-chi” qo‘shimchasi qo‘shilib, “kedinchi” shakli hosil bo‘lgan. Bu esa “eng keyingi”, “oxirgi kelgan” degan ma’noni anglatgan. Vaqt o‘tishi bilan so‘z talaffuzi o‘zgaradi: ayrim tovushlar tushib qoladi, ba’zilari almashadi, jarangsiz undoshlar jaranglilashadi. “d” tovushi “y”ga o‘tadi, keyin ayrim unlilar qisqaradi, “ch” esa “j”ga aylanadi. Natijada uzun va murakkab “kedinchi” shakli asta-sekin ixchamlashib, bugungi “kenja” ko‘rinishini oladi.
Shu sabab “kenja farzand” deganda aslida “eng keyin kelgan bola” ma’nosi yashirin turadi. Bu juda qadimiy semantik izdir. Qiziq tomoni shundaki, turkiy xalqlarda oiladagi yosh tartibi nihoyatda muhim tushuncha bo‘lgan. Katta farzand — tajriba va mas’uliyat timsoli bo‘lsa, kenja farzand ko‘pincha ota-onaga eng yaqin, uyda qoluvchi, oilaviy o‘choqni davom ettiruvchi shaxs sifatida tasavvur qilingan. Balki shuning uchun ham “eng keyin kelgan” ma’nosidagi so‘z asta-sekin mehr va qarindoshlik ma’nosini ham o‘ziga singdirgan.
Bo'ri so'zi turkiy xalqlarda madaniy bir maqomdagi alohida tushunchaga asoslanadi. Hozirda ham bo'riga nisbatan turkiy xalqlarda hurmat va fetshizm belgilari(bo'ri terisi, tishi) ko'zga tashlanib qoladi. Bu belgilar yaqin o'tmishning qoldiqlari emas, balki buning tarixi ming yillarni qamrab oladi. Afsonalarda turkiy xalqlar bo'ridan tarqalgan yoki ularga bo'ri yo'lboshchi bo'lgani haqida afsonalar bor( Erganakon. L.Gumiyov QT). O'sha davr uchun bu norma bo'lgan. Bu kabi holatlarni janubiy sharqiy Osiyo mamalakatlarida, g'arbiy Yevropada ham kuzatish mukin. Inson bir so'zni aytganida u bilan boğliq bir qancha tushunchalar ko'z oldiga kelishi mumkin. Misol uchun ona so'zi o'zbek xalqi tafakkurida turli konsept tashkil qilishi mumkin. Bo'ri so'zi ham tafakkurda ilohiy motivni uyushtira olgan. U turkiy xalqlarda xudo, omad, botirlik ramz hosil qila olgan.
Vafot so‘zi kundalik hayotda juda ko‘p ishlatiladi, ammo uning ichki ma’nosi haqida hamma ham o‘ylab ko‘rmaydi. Bugun o‘zbek tilida bu so‘z odatda “o‘lim” ma’nosida qo‘llanadi. Biroq uning kelib chiqishiga nazar tashlasak, juda nozik, chuqur va falsafiy mazmun yashiringanini ko‘ramiz.
Bu so‘z arab tilidagi w-f-y (و ف ي) ildizidan kelib chiqqan. Mazkur ildizning asosiy ma’nolari to‘liq bo‘lish, bir ishni oxirigacha bajarish, qarzni ado etish, va’daga vafo qilish kabi tushunchalarni bildiradi. Shu ildizdan chiqqan vafo so‘zi ham sadoqat, vada ustida turish, ishonchni oqlash ma’nolarini anglatadi. Demak, ildiz markazida har doim bir narsani chala qoldirmaslik, to‘liq ado etish g‘oyasi turadi.
Eng qiziq jihati shundaki, aynan shu ildizdan keyinchalik vafot ma’nosi ham yuzaga kelgan. Ya’ni insonning umrini tugatishi, unga berilgan muddatni yashab bo‘lishi, hayotdagi vazifasini ado etib bo‘lishi ma’nosida ishlatilgan.
JANOB
"Janob” so‘zi arab tilidagi janab(un) shaklidan kirib kelgan bo‘lib, aslida janaba — “chetga surmoq”, “uzoqlashtirmoq” ma’nosini anglatadigan fe’ldan yasalgan masdardir. Ilk ma’noda u “chetda turgan”, “boshqalardan ajralib turadigan shaxs” kabi tushunchalarni ifodalagan. Asta-sekin bu so‘z oddiy tasvirdan ijtimoiy ma’noga ko‘chadi: ya’ni “boshqalardan ajralib turish” — obro‘, maqom va hurmat belgisi sifatida talqin qilina boshlaydi. Arab madaniyatida aynan shu sababli “janob” rasmiy murojaat shakliga aylangan va ko‘proq chet ellik yoki nufuzli shaxslarga nisbatan hurmat ifodasi sifatida qo‘llangan. O‘zbek tiliga kirgach esa bu so‘zning ma’nosi yanada aniqlashib, ijtimoiy mavqe bilan bog‘langan holda “hurmatli shaxs”, “martabali kishi” degan mazmunda mustahkamlangan. Endi “janub” so'ziga e'tibor bering. Bu ham o‘sha ildizdan. Lekin bu safar “chet” tushunchasi makonga ko‘chadi. Qadimda odamlar yo‘nalishlarni o‘z tanasiga nisbatan belgilagan: yuz sharqqa — o‘ng tomon janub. Ya’ni “janub” — aslida “yon tomon”, “chet taraf”. Vaqt o‘tishi bilan bu tushuncha aniq bir geografik yo‘nalishga aylanib, “shimolning aksi” sifatida mustahkamlanadi.
JIYAN
“Jiyan” so‘zi o‘zbek tilida qarindoshlik tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib, uning semantik mazmuni tarixiy taraqqiyot jarayonida ancha keng va ko‘p qatlamli bo‘lgan. Ushbu so‘z qadimgi turkiy shakli yeg'en/yig'en ko‘rinishida dastlab uyg‘ur yozma yodgorliklarida qayd etilib, ilk bosqichda asosan “opa-singilning o‘g‘li”, ya’ni erkak jiyan ma’nosini anglatgan. Biroq uning semantik doirasi faqat shu bilan cheklanmagan: ayrim manbalarda u “qiz farzandidan tug‘ilgan nabira”, ya’ni qiz tomondan nevarani ham ifodalagan. Demak, bu leksema dastlab ona tomondan kelib chiqadigan qarindoshlikni umumlashtiruvchi atama sifatida shakllangan. Vaqt o‘tishi bilan “jiyan” so‘zining ma’nosi kengayib, jinsiy farqlanishni ham qamrab ola boshlagan, ya’ni u nafaqat erkak, balki ayol jiyanni ham ifodalovchi umumiy termin sifatida mustahkamlangan. Shu bilan birga, turkiy tillarning ayrim guruhlarida bu so‘zning semantik maydoni yanada kengayib, “nabira”, “qarindosh bola”, kabi qarindoshlik munosabatlarini ham anglatgan. Bu holat qarindoshlik terminologiyasining qadimgi davrlarda aniq differensiyalanmaganligini, balki umumlashtiruvchi xarakterga ega bo‘lganligini ko‘rsatadi. Fonetik jihatdan ham so‘z turli tillarda yegen, yigen, yiyen, jiyen kabi variantlarda uchraydi, bu esa uning umumturkiy ildizga ega ekanini tasdiqlaydi. Qizig‘i shundaki, mazkur leksemaning ayrim ma’no va shakllari mo‘g‘ul tillarida ham kuzatiladi, bu esa qadimgi turkiy va mo‘g‘ul xalqlari o‘rtasidagi uzoq davom etgan til va madaniy aloqalarning natijasi sifatida izohlanadi.
JIN
Arab tilidagi “jannat” va “jin” so‘zlari tashqi jihatdan turlicha ma’nolarni ifodalasa-da, ularning ildiz asosida chuqur ichki bog‘liqlik mavjud. Har ikkisi ham qadimiy arab tilidagi j-n-n (جنن) ildizidan kelib chiqqan bo‘lib, bu ildizning asosiy ma’nosi “yashirmoq, berkitmoq, ko‘zdan panada tutmoq” tushunchasiga borib taqaladi. Semit tillarga xos bo‘lgan uch undoshli ildiz tizimida aynan shu kabi asos turli shakllar orqali keng ma’no qatlamlarini yuzaga chiqaradi.
“Jannat” (arabcha janna) dastlab “daraxtlar bilan qoplangan, ichkarisi ko‘rinmaydigan bog‘” degan konkret tasviriy ma’noni bildirgan. Ya’ni daraxtlar va o‘simliklar yer yuzini go‘yo “yopib”, uning ichki qismini tashqi nigohdan yashirib qo‘yadi. Shu sababli bu so‘zning dastlabki ma’nosi tabiiy landshaft bilan bog‘liq bo‘lsa, keyinchalik u diniy-falsafiy mazmunga ko‘chib, inson uchun tayyorlangan mukammal, yashirin va ilohiy makon — jannat tushunchasini anglatadigan bo‘lib qolgan.
“Jin” (arabcha "to'silgan") esa ayni ildizning boshqa semantik yo‘nalishda rivojlangan hosilasidir. Bu so‘z “ko‘zga ko‘rinmaydigan, yashirin mavjudot” degan ma’noni anglatadi. Bu yerda ham asosiy belgi — inson sezgisidan panada bo‘lish holati. ya’ni hali ko‘rinmaydigan.
Shunday qilib, “jannat”, “jin” kabi so‘zlar turli tushunchalarni ifodalasa-da, ularni yagona ma’no ildizi — yashirinlik, berkinlik va ko‘zdan panadalik g‘oyasi birlashtirib turadi. Bu holat tilshunoslikda leksik-semantik taraqqiyotning muhim ko‘rinishi bo‘lib, bir ildizdan chiqqan so‘zlarning vaqt o‘tishi bilan qanday qilib turli, ammo ichki jihatdan bog‘liq ma’nolarni ifodalay boshlashini yaqqol namoyon etadi.
Qadimgi turkiy tilida qop fe’li dastlab “yopmoq, qoplamoq” ma’nosini bildirgan. Masalan, “qor yer yuzini qopdı” deganda hamma joyni bosib, yopib ketish tushunilgan. Vaqt o‘tishi bilan bu fe’lning ma’nosi kengayib, “egallamoq, qamrab olmoq” va “keskin tutib olmoq” mazmunlarini ham ifodalay boshlagan. Shu bois “tishlab olish”ga yaqin ma’noda ham ishlatilgan: “it qopdı” — ya’ni it keskin tishlab oldi. Aynan shu “ushlab olish, yopib olish” g‘oyasi asosida bir qator qiziqarli so‘zlar yuzaga kelgan. Masalan, qoplon — o‘ljasiga sakrab yopishib, uni mahkam tishlovchi hayvon; qopqon — hayvonni ushlab qoladigan tuzoq. Shuningdek, qopqoq — idishning ustini yopadigan narsa; qop — ichiga biror narsa solinib, og‘zi yopiladigan idish; qadimgi shakl sifatida uchraydigan qopuğ esa “yopiq joy, qoplangan holat” ma’nolarini bildirgan.
Bu so‘zlarning barchasini birlashtirib turadigan so'z qop fe'lidir. Demak, oddiygina qop fe’li songradan kengayib, “yopish”, “egallash” va “tishlash” ma’nolarini ham o‘zida jamlagan.
ТАМОЖНЯ
«Таможня» so‘zining etimologiyasi turkiy tillar tarixiga borib taqaladi va u qadimgi turk-mo‘g‘ul “tamğa” leksemasi bilan genetik jihatdan bog‘liqdir. “Tamğa” dastlab ko‘chmanchi jamiyatlarda mulkni identifikatsiya qilish vositasi sifatida qo‘llanilgan. Ushbu birlik ijtimoiy-iqtisodiy tizimda muhim funksiyani bajargan, ya’ni u egalik munosabatlarini tartibga soluvchi semiotik vosita sifatida xizmat qilgan. Keyinchalik tarixiy taraqqiyot jarayonida, xususan, Oltin O‘rda davrida semantik kengayishga uchraydi: “Tamğa” endi faqat mulk belgisi emas, balki rasmiy belgi va shu belgi evaziga undiriladigan boj, ya’ni soliq ma’nosini ham ifodalay boshlaydi. Mazkur semantik termin slavyan til muhitiga o‘tib, yangi funksional yuklama kasb etgan. Qadimgi rus tilida “tamga” asosida hosil qilingan “таможня” shakli dastlab “tamg‘a qo‘yiladigan va boj olinadigan joy” ma’nosida qo‘llangan. Bu yerda morfologik jihatdan -ожня (-ожн-я) affiksal kengayish orqali yangi nom hosil qilingan bo‘lib, u joy nomini bildiruvchi derivatsion modelga mos keladi. Vaqt o‘tishi bilan “davlat bojxona organi, tovarlar va yuklar ustidan nazorat o‘rnatiladigan muassasa” sifatida mustahkamlangan.
Shu tariqa, “tamğa” → “tamojnya” rivojlanish zanjiri leksik-semantik derivatsiya, funksional kengayish va areal til aloqalarining tipik namunasi hisoblanadi. Hozirgi o‘zbek tilida “tamg‘a” shakli saqlanib qolgan bo‘lib, u hanuz “belgi, muhr” ma’nosini bildiradi va o‘zining dastlabki semantik yadrosini yo‘qotmagan.
CHOY
Choy so’zining asli ko’pchilik kuzatuvchilarimiz belgilaganidek xitoy tilidan o’zlashgan. Tillar tarixida biror mahsulotni ilk bor ishlab chiqargan xalq mahsulot bilan birga uning nomini ham “eksport” qilishi ma’lum. Unda choy xitoycha so’z bo’lsa, ilk bor choyni xitoyliklar ishlab chiqargan bo’lishi kerak. G’arb tillarining ko’pida so’z boshida ç undoshi o’rniga t borligi ko’riladi. Lekin ildizini olib qaraganda choy bilan g’arb tillaridagi tea/te bir so’z. Bizga ham, g’arbga ham choy Xitoydan kelgan. Farqi shuki bizga choy karvon yo’llari orqali kelgan bo’lsa, g’arbga dengiz yo’li bilan borgan. U davrning xitoycha xususiyatiga ko’ra shimolda yashovchilarning tilida so’z boshidagi ç tovushi janubda t sifatida talaffuz qilingan. Shimoldagi ça janubda ta/te bo’lgan. Natijada kema bilan Xitoyga ilk kelgan gollandiyaliklar g’arbga choyni olib borayotganda janubiy Xitoy shevasiga mos ravishda te sifatida tanishtirgan. Bizga esa çay o’laroq Xitoyning shimoliy qismidan o’zlashgan. Demak choy va tea bir so’zning ikki ko’rinishi ekan.
