Erkin Malik
Open in Telegram
860
Subscribers
No data24 hours
-67 days
-4230 days
Posts Archive
860
UZLUKSIZ SAVOB
Ota o‘g‘liga: «Mabodo o‘tib qolsam, qabrim ustini qishdan eson-omon chiqishini o‘ylab somon suvoq qilishingni bilaman. Odatda ko‘pchilik shunday qiladi. O‘shanda loyga bir siqim bug‘doy qo‘shib yubor», dedi vasiyat ma’nosida. O‘shanda so‘rash noqulay bo‘lgani uchun o‘g‘il sababiga qiziqmagan edi.
Vaqti kelib, ota omonatini topshirdi. O‘g‘il otasining aytganini qildi. Qish o‘tib, bahor kelganida qabr usti bug‘doy maysalaridan yam-yashil tusga kirdi. Go‘rkovlar ziyoratga kelganlarga: «Qabrdan o‘sgan maysalarga tegmanglar. Ular to quriguncha qabr egasiga salavot aytib turadi. Qurigandan keyin olib tashlasa bo‘laveradi», deb uqtirishardi. Darhaqiqat, bahor oyoqlab, yoz boshlangach, qabr ustidagi o‘tlar qovjiray boshladi. Qabrlar usti tozalanib, ba’zilar qayta suvaldi. Biroq otaning qabri ustidagi bug‘doy boshoqlari sarg‘ayib, doni pishishini kutishga to‘g‘ri keldi. «Qo‘ying, pishsin, chumolilarning rizqi», dedi qabrlarga qarab yuruvchi xodim.
O‘g‘il bir kun ziyoratga kelsa, bug‘doy boshoqlari pishibdi. Ba’zi boshlari sinib, qabr ustiga tushgan, ba’zilari tik turibdi. Ammo rosa chumoli bosibdi. Ular iniga bamaylixotir don tashishardi. Bu holatning guvohi bo‘lgan o‘g‘il o‘ylanib qoldi. Nahotki otam rahmatli loyga bir siqim bug‘doy qo‘shib yubor deganda, shu chumolilarni ham o‘ylagan bo‘lsalar? Ajabo!
Keyingi safar kelganda qabr ustida chumolilar yo‘q edi. Bug‘doy poyalarini yulib, qabrni chiroyli qilib qaytadan suvab qo‘ydi. Lekin loyiga bu gal bug‘doy qo‘shmadi. Chunki otasi har doim shunday qilgin, demagan edi-da.
Eng hayratlanarlisi keyingi bahorda bo‘ldi. Qabr usti yana bug‘doy maysalari bilan bezandi. Ajabo, bu mo‘jiza qaydan bo‘ldi? Axir o‘g‘il qayta suvaganda bug‘doy qo‘shilmagan edi-ku?! Tepasiga kelib qolgan go‘rkov uning xayolini buzdi.
‒ Mabodo bug‘doyni otamning qabriga siz sepib qo‘ymadingizmi, salavot aytib turadi deb? ‒ so‘radi o‘g‘il undan.
‒ Bizning ishimiz ekish emas, ko‘mish, ‒ deb kuldi go‘rkov.
O‘g‘il otasi bilan bog‘liq bug‘doy voqeasini go‘rkovga aytib berdi. Shunda go‘rkov:
‒ Otangizni Xudo rahmat qilsin, olim odam bo‘lgan ekan. Chumolilarning odatini bilar ekanlar. Ular bitta donni kelgusi yil uchun ekmay turib, ikkinchi donni iniga olib ketmaydi. Bu ish endi har yili o‘z-o‘zidan davom etaveradi, otangizga bug‘doy maysalaridan ham, chumolilardan ham savob borib turadi. Qari bilganni pari bilmas...
O‘g‘il otasining qabrini quchoqlab, ho‘ngrab yig‘lab yubordi...
860
УЗЛУКСИЗ САВОБ
Ота ўғлига: «Мабодо ўтиб қолсам, қабрим устини қишдан эсон-омон чиқишини ўйлаб сомон сувоқ қилишингни биламан. Одатда кўпчилик шундай қилади. Ўшанда лойга бир сиқим буғдой қўшиб юбор», деди васият маъносида. Ўшанда сўраш ноқулай бўлгани учун ўғил сабабига қизиқмаган эди.
Вақти келиб, ота омонатини топширди. Ўғил отасининг айтганини қилди. Қиш ўтиб, баҳор келганида қабр усти буғдой майсаларидан ям-яшил тусга кирди. Гўрковлар зиёратга келганларга: «Қабрдан ўсган майсаларга тегманглар. Улар то қуригунча қабр эгасига салавот айтиб туради. Қуригандан кейин олиб ташласа бўлаверади», деб уқтиришарди. Дарҳақиқат, баҳор оёқлаб, ёз бошлангач, қабр устидаги ўтлар қовжирай бошлади. Қабрлар усти тозаланиб, баъзилар қайта сувалди. Бироқ отанинг қабри устидаги буғдой бошоқлари сарғайиб, дони пишишини кутишга тўғри келди. «Қўйинг, пишсин, чумолиларнинг ризқи», деди қабрларга қараб юрувчи ходим.
Ўғил бир кун зиёратга келса, буғдой бошоқлари пишибди. Баъзи бошлари синиб, қабр устига тушган, баъзилари тик турибди. Аммо роса чумоли босибди. Улар инига бамайлихотир дон ташишарди. Бу ҳолатнинг гувоҳи бўлган ўғил ўйланиб қолди. Наҳотки отам раҳматли лойга бир сиқим буғдой қўшиб юбор деганда, шу чумолиларни ҳам ўйлаган бўлсалар? Ажабо!
Кейинги сафар келганда қабр устида чумолилар йўқ эди. Буғдой пояларини юлиб, қабрни чиройли қилиб қайтадан суваб қўйди. Лекин лойига бу гал буғдой қўшмади. Чунки отаси ҳар доим шундай қилгин, демаган эди-да.
Энг ҳайратланарлиси кейинги баҳорда бўлди. Қабр усти яна буғдой майсалари билан безанди. Ажабо, бу мўъжиза қайдан бўлди? Ахир ўғил қайта суваганда буғдой қўшилмаган эди-ку?! Тепасига келиб қолган гўрков унинг хаёлини бузди.
‒ Мабодо буғдойни отамнинг қабрига сиз сепиб қўймадингизми, салавот айтиб туради деб? ‒ сўради ўғил ундан.
‒ Бизнинг ишимиз экиш эмас, кўмиш, ‒ деб кулди гўрков.
Ўғил отаси билан боғлиқ буғдой воқеасини гўрковга айтиб берди. Шунда гўрков:
‒ Отангизни Худо раҳмат қилсин, олим одам бўлган экан. Чумолиларнинг одатини билар эканлар. Улар битта донни келгуси йил учун экмай туриб, иккинчи донни инига олиб кетмайди. Бу иш энди ҳар йили ўз-ўзидан давом этаверади, отангизга буғдой майсаларидан ҳам, чумолилардан ҳам савоб бориб туради. Қари билганни пари билмас...
Ўғил отасининг қабрини қучоқлаб, ҳўнграб йиғлаб юборди...
860
QABRISTONGA SOYABON
Buvijon bu yorug‘ dunyodagi umri poyoniga yetayotganini sezib, kundan kun bu haqiqatni yurakdan his qilardi. Bir kuni yo‘lga kirib qolgan nabirasini yetaklab qabristonga bordi. O‘tib qolsa, dafn etish uchun ota-onasining yonida joy bormikan? Yo‘q bo‘lsa, qayerga qo‘yishlari mumkinligini ko‘rmoqchi bo‘ldi. Aksiga olib, buvi bilan nabira qabristonga kirishlari bilan yomg‘ir quyib bersa deng. Qochishga joy topolmay qolishdi. Pana joyning o‘zi yo‘q edi-da. Oxiri shalabbo bo‘lib, tobut qo‘yiladigan xonada yomg‘ir tinishini kutishdi. Buvi shu yerda turib, duo qildi:
‒ Ey bor Xudo-yo, jonimni yomg‘irli kunda olma. Dafn marosimiga kelganlarni mana bunday qiyin ahvolga solib qo‘yma...
Ertasiga buvijon nabirasi bilan do‘konga chiqib, yangi gap eshitib qoldi. Nimaymish qabristonga soyabon qurishmoqchimish. Bu gapdan buvining yuziga tabassum yugurdi. Axir qabristonning tobutxonasida Xudodan so‘raganiga hali bir kun ham bo‘lmagan edi-da.
‒ Soyabonni qachon qurisharkan? ‒ so‘radi buvi do‘konchidan.
‒ Bilmadim, hozir shu yerda yig‘ilishib, qabristonga qarab ketishdi. Bitta narsa qurishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor, ena, – dedi do‘konchi.
Buvijonning ichi qizidi. Axir Xudodan so‘ragani ijobat bo‘lib turibdi-da. U do‘kondan nabirasiga shirinlik va ikkita suv olib, to‘g‘ri qabristonga qarab yo‘l oldi. Borsa mahallaning Rahimjon boshliq tinib-tinchimas yigitlari yer chizib, ketadigan xomashyoning hisob-kitobini qilib turishgan ekan. Eng qizig‘i kecha aynan nabirasi bilan jalada qolgan joyda.
‒ Bolalarim, ‒ dedi u, ‒ hozirgina do‘konga kirib, savob ishga qo‘l urganingizni eshitib judayam xursand bo‘ldim. Axir bu yer hammaning keladigan joyi-da, manovi suvlarni chanqaganda icharsizlar deb olib keldim.
‒ Ana aytmadimmi! ‒ dedi yigitlardan biri. ‒ Ishni boshlayveraylik yordamchilar ko‘payib ketadi, deb. Bunga onaxon bitta misol.
Buvi kechagi voqeani ularga aytib o‘tirmadi...
860
ҚАБРИСТОНГА СОЯБОН
Бувижон бу ёруғ дунёдаги умри поёнига етаётганини сезиб, кундан-кун бу ҳақиқатни юракдан ҳис қиларди. Бир куни йўлга кириб қолган набирасини етаклаб қабристонга борди. Ўтиб қолса, дафн этиш учун ота-онасининг ёнида жой бормикан? Йўқ бўлса, қаерга қўйишлари мумкинлигини кўрмоқчи бўлди. Аксига олиб, буви билан набира қабристонга киришлари билан ёмғир қуйиб берса денг. Қочишга жой тополмай қолишди. Пана жойнинг ўзи йўқ эди-да. Охири шалаббо бўлиб, тобут қўйиладиган хонада ёмғир тинишини кутишди. Буви шу ерда туриб, дуо қилди:
‒ Эй бор Худо-ё, жонимни ёмғирли кунда олма. Дафн маросимига келганларни мана бундай қийин аҳволга солиб қўйма...
Эртасига бувижон набираси билан дўконга чиқиб, янги гап эшитиб қолди. Нимаймиш қабристонга соябон қуришмоқчимиш. Бу гапдан бувининг юзига табассум югурди. Ахир қабристоннинг тобутхонасида Худодан сўраганига ҳали бир кун ҳам бўлмаган эди-да.
‒ Соябонни қачон қуришаркан? ‒ сўради буви дўкончидан.
‒ Билмадим, ҳозир шу ерда йиғилишиб, қабристонга қараб кетишди. Битта нарса қуришнинг ҳам ўзига яраша қийинчилиги бор, эна, – деди дўкончи.
Бувижоннинг ичи қизиди. Ахир Худодан сўрагани ижобат бўлиб турибди-да. У дўкондан набирасига ширинлик ва иккита сув олиб, тўғри қабристонга қараб йўл олди. Борса маҳалланинг Раҳимжон бошлиқ тиниб-тинчимас йигитлари ер чизиб, кетадиган хомашёнинг ҳисоб-китобини қилиб туришган экан. Энг қизиғи кеча айнан набираси билан жалада қолган жойда.
‒ Болаларим, ‒ деди у, ‒ ҳозиргина дўконга кириб, савоб ишга қўл урганингизни эшитиб жудаям хурсанд бўлдим. Ахир бу ер ҳамманинг келадиган жойи-да, манови сувларни чанқаганда ичарсизлар деб олиб келдим.
‒ Ана айтмадимми! ‒ деди йигитлардан бири. ‒ Ишни бошлайверайлик ёрдамчилар кўпайиб кетади, деб. Бунга онахон битта мисол.
Буви кечаги воқеани уларга айтиб ўтирмади...
860
Repost from Matn ortida | Kitobxonlik klubi
📚 Yozuvchi Erkin Malikning bolaligidan bir lavha
“Matn ortida” kitobxonlik klubining 3-soni mehmoni kitobga mehr uyg‘onishi qanday kechganini aytib berdi.
Bir paytlar qishloqda bitta kitob bo‘lishi — butun bir voqea edi. Erkin Malik bolaligidan shunday xotirani eslaydi: mahalladagi bolalar yig‘ilishib, yagona nusxadagi tarjima Turgenev kitobini birga o‘qib chiqishgan.
Bugungidek kitob mo‘l bo‘lmagan davrda, bitta asar butun mahallani bog‘lagan lavha.
▶️ To‘liq suhbatni “Qamar_uz” YouTube sahifamizda tomosha qiling!
860
KO‘CHA TO‘LA TARBIYA
Chegaradan chiqib ketgan ba’zi odamlarga nisbatan «Ha, umi? Ko‘chaning odami-da», deb ko‘cha muhitini ayblashadi. Yaqinda bir voqea bo‘ldi...
Bir boshdan boshlay qolay. Dam olish kuni uyimizga uzoq-yaqindan mehmonlar kelishdi. Oralarida 3-4 yoshlar chamasidagi kichkintoy ham bor edi. Davrada u bilan o‘ynaydigan tengdoshi yo‘q. Javdirayotgan ko‘zlaridan sezib turibman, kattalarning gap-so‘zidan zerikyapti.
Shundoqqina yonimizda bolalar maydonchasi bor. «Mehmoncha»ni o‘sha yerda aylantirib kelmoqchi bo‘ldim. Yo‘lakdan ketayotgan edik o‘yingoh tarafdagi o‘tlar orasidan yo‘limizga bir toshbaqacha o‘rmalab chiqib qoldi. E’tibor qilmasam, u yo‘lakdan o‘tadi-yu, ko‘chadan g‘izza-g‘izza o‘tib borayotgan mashinalar g‘ildiragi tagiga tushadi. Uni darrov hovuchimga oldim. Jonivor qo‘l taftini sezib boshi va oyoqchalarini kosachasi tagiga yashirdi. Bolakay ham qiziqib qarab turibdi.
‒ Obbo, seni-yey! Uyda o‘tirib zerikib, ko‘chaga chiqqing keldimi? ‒ dedim toshbaqachaga qarab.
Ajabo u hozirgina ichiga tortib olgan boshchasini chiqarib, «ha» degandek likillatdi.
‒ Esing ko‘pga o‘xshaydi seni, gapimga tushunyapsan. Ayt-chi, oyijoningdan so‘rab chiqdingmi ko‘chaga? – dedim.
Yana mo‘jiza yuz berdi. Toshbaqacha boshini u yoq, bu yoq qilib «yo‘q» degan ishorani qildi.
‒ Ana, so‘ramay chiqishning oqibati yomon bo‘lishini ko‘rdingmi?! Biz seni ko‘rib qolmaganimizda, nima bo‘lardi? Ko‘chaga tusharding-da, mashinalar g‘ildiragi tagida qolarding. Keyin oyijoning seni qidirib yig‘lab yurardi. Endi oyingdan beso‘roq ko‘chaga chiqmagin, xo‘pmi?
Toshbaqacha boshchasini baland-past qilib «xo‘p» dedi.
‒ E, barakalla, ‒ dedim-da uni o‘tlar orasiga qo‘yib yubordim.
Mehmon bolakay voqeaga shunchaki tomoshabin bo‘lib qaramadi, balki biz kattalar «Ko‘chaga chiqma!» deb qayta-qayta takrorlaydigan ogohlantirishimizning ma’nosini esida saqlab qoldi. Uning hayratomuz ko‘zlarida shuni his qildim. Nima demoqchiman, ko‘cha to‘la tarbiya unga «ko‘cha» ko‘zi bilan qaramaylik.
860
Repost from Hilol Nashr
#тез_кунда
🎉 Тез кунда болажонлар учун устоз Эркин Маликнинг «Яхши деган сўз» номли китоблари нашрдан чиқади.
@hilolnashr
860
КЎЧА ТЎЛА ТАРБИЯ
Чегарадан чиқиб кетган баъзи одамларга нисбатан «Ҳа, уми? Кўчанинг одами-да», деб кўча муҳитини айблашади. Яқинда бир воқеа бўлди...
Бир бошдан бошлай қолай. Дам олиш куни уйимизга узоқ-яқиндан меҳмонлар келишди. Ораларида 3-4 ёшлар чамасидаги кичкинтой ҳам бор эди. Даврада у билан ўйнайдиган тенгдоши йўқ. Жавдираётган кўзларидан сезиб турибман, катталарнинг гап-сўзидан зерикяпти.
Шундоққина ёнимизда болалар майдончаси бор. «Меҳмонча»ни ўша ерда айлантириб келмоқчи бўлдим. Йўлакдан кетаётган эдик ўйингоҳ тарафдаги ўтлар орасидан йўлимизга бир тошбақача ўрмалаб чиқиб қолди. Эътибор қилмасам, у йўлакдан ўтади-ю, кўчадан ғизза-ғизза ўтиб бораётган машиналар ғилдираги тагига тушади. Уни дарров ҳовучимга олдим. Жонивор қўл тафтини сезиб боши ва оёқчаларини косачаси тагига яширди. Болакай ҳам қизиқиб қараб турибди.
‒ Оббо, сени-ей! Уйда ўтириб зерикиб, кўчага чиққинг келдими? ‒ дедим тошбақачага қараб.
Ажабо у ҳозиргина ичига тортиб олган бошчасини чиқариб, «ҳа» дегандек ликиллатди.
‒ Эсинг кўпга ўхшайди сени, гапимга тушуняпсан. Айт-чи, ойижонингдан сўраб чиқдингми кўчага? – дедим.
Яна мўъжиза юз берди. Тошбақача бошини у ёқ, бу ёқ қилиб «йўқ» деган ишорани қилди.
‒ Ана, сўрамай чиқишнинг оқибати ёмон бўлишини кўрдингми?! Биз сени кўриб қолмаганимизда, нима бўларди? Кўчага тушардинг-да, машиналар ғилдираги тагида қолардинг. Кейин ойижонинг сени қидириб йиғлаб юрарди. Энди ойингдан бесўроқ кўчага чиқмагин, хўпми?
Тошбақача бошчасини баланд-паст қилиб «хўп» деди.
‒ Э, баракалла, ‒ дедим-да уни ўтлар орасига қўйиб юбордим.
Меҳмон болакай воқеага шунчаки томошабин бўлиб қарамади, балки биз катталар «Кўчага чиқма!» деб қайта-қайта такрорлайдиган огоҳлантиришимизнинг маъносини эсида сақлаб қолди. Унинг ҳайратомуз кўзларида шуни ҳис қилдим. Нима демоқчиман, кўча тўла тарбия унга «кўча» кўзи билан қарамайлик.
860
BUG‘DOY BOSHOG‘I
Kuz oylarining birida mayin tuproq bag‘riga don tushdi. Yomg‘ir suvlari tanasiga sim-sim singib, bag‘ridagi kurtakchalarni uyg‘otdi. Toshdek qattiq don mehr va muhabbatga to‘la ona bug‘doyga aylandi. Endi u vujudida g‘imirlayotgan kurtakchalarini katta qilish uchun kuch-quvvatga to‘lishi kerak. Lekin uni qayerdan oladi? Albatta, ona Yer bag‘ridan-da. Tashqaridan yomg‘ir suvi, toza havo va oftob nurini oladi. Momo Yer mo‘l-ko‘l dasturxon yozib, ildizchalarning chiqishini kutyapti. Boshoqning ilk ildizlari chiqishi bilan bu ne’matlardan to‘yib-to‘yib bahra oladi. Shunda kurtakchalar birin-ketin ko‘z ochib yer betiga chiqa boshlaydi. Kurtakchalar ham bir-ikkita emas, naqd 12 ta! Qarang, bitta Ona bug‘doy, o‘ziga o‘xshagan 12 tasini dunyoga keltirsa-ya. Hali ularning har biri ulg‘ayib, 60 tadan bug‘doy doni hosil qiladi. O‘h-ho‘... bu juda ko‘p-a?! Tasavvur qilish qiyin. Keling, 12 ni 60 ga ko‘paytiraylik-chi qancha bo‘lar ekan? Qancha bo‘ldi? 720 dona bug‘doy doni! Ana sizga bir dona Ona bug‘doydan yog‘iladigan baraka-yu to‘kinlik.
Ona bug‘doyning jismi joni tuproq orqali bolalariga o‘tadi. Ularning qon tomirida oqib, har bir kurtakcha mustaqil oilaga aylanadi. Yer bag‘rida ildiz ota boshlaydi. Ildiz qanchalik chuqur kirib borsa, qishdan chiqish shunchalik osonlashadi. Ular yer tagida aka-uka, opa-singil bo‘lib bir-birlariga chirmashadi. Biri sovuq qotsa, ikkinchisi isitadi, biri dard cheksa, ikkinchisi davolaydi. Hali qish kelmasidan turib yer betini baxmaldek qoplashga ulguradi. Qish kelib ularning ustiga oppoq, momiq qor yog‘adi. Bu qor ular uchun Allohning paxtali ko‘rpasi misolidir. Oh, bu ko‘rpa naqadar sirli va yoqimli. Qish uyqusiga tortadi.
Vaqti kelib qishli qirovli kunlar poyoniga yetadi. Oftob butun borliqni qizdira boshlaydi. Oq ko‘rpalar erib, yerga singadi. Singmaganlari esa yomg‘ir bo‘lib qaytaman, deb osmoni falakka ko‘tariladi. Goh iliq, goh salqin shamol esib, bug‘doy maysalarini to‘zg‘itib o‘ynaydi. Qaragan ko‘zga xuddi dengiz to‘lqinlarini eslatadi. Yer ham zangori tusda, osmon ham zangori. Bir-biri bilan tutashib ketgandek. Shamol maysalarni qanchalik kuch bilan tebratsa, ildizlar ham yerga shunchalik chuqur yoyiladi. Yuqoridagi badantarbiya natijasida ildizlarning mushaklari kuchga to‘lib boraveradi. Maysalar orasidan osmoni falakka yashil naychasi bo‘y cho‘zadi. Barglar oftob nuridan quvvat olib, uni tanaga uzatadi. Nihoyat, naycha uchida qiltanoqli mo‘ylovchalar ko‘rinish beradi. Har bir qiltanoq tagida esa bittadan «qopchiq» bo‘ladi. Bu «qopchiq»lar yer bag‘ridan ildiz orqali kelayotgan sut bulog‘i bilan to‘la boshlaydi. Ular bir-birining yelkasiga mingashgan, biri ikkinchisini ko‘tarib turadi. Sut bulog‘iga pastdagilari to‘yib olgach, yuqoriga uzatishadi. Nasibani o‘rtada teng bo‘lashishadi. Bu jarayon 60-qavatgacha davom etadi. Biroq yuqoridagilarni to‘ydiraman deb pastdagi bir-ikkita don qopchasi yarim bo‘lib qoladi. Uni puch bug‘doy deyishadi. Oxir-oqibat ular elakdan tushib qoladi...
Kamina bu puch bug‘doylarni o‘zi yemay-ichmay orqasida qolayotgan bolalarini o‘ylagan ota-onalarga o‘xshatgim keladi. Nima dedingiz? O‘xshaydi-a?
860
БУҒДОЙ БОШОҒИ
Куз ойларининг бирида майин тупроқ бағрига дон тушди. Ёмғир сувлари танасига сим-сим сингиб, бағридаги куртакчаларни уйғотди. Тошдек қаттиқ дон меҳр ва муҳаббатга тўла она буғдойга айланди. Энди у вужудида ғимирлаётган куртакчаларини катта қилиш учун куч-қувватга тўлиши керак. Лекин уни қаердан олади? Албатта, она Ер бағридан-да. Ташқаридан ёмғир суви, тоза ҳаво ва офтоб нурини олади. Момо Ер мўл-кўл дастурхон ёзиб, илдизчаларнинг чиқишини кутяпти. Бошоқнинг илк илдизлари чиқиши билан бу неъматлардан тўйиб-тўйиб баҳра олади. Шунда куртакчалар бирин-кетин кўз очиб ер бетига чиқа бошлайди. Куртакчалар ҳам бир-иккита эмас, нақд 12 та! Қаранг, битта Она буғдой, ўзига ўхшаган 12 тасини дунёга келтирса-я. Ҳали уларнинг ҳар бири улғайиб, 60 тадан буғдой дони ҳосил қилади. Ўҳ-ҳў... бу жуда кўп-а?! Тасаввур қилиш қийин. Келинг, 12 ни 60 га кўпайтирайлик-чи қанча бўлар экан? Қанча бўлди? 720 дона буғдой дони! Ана сизга бир дона Она буғдойдан ёғиладиган барака-ю тўкинлик.
Она буғдойнинг жисми жони тупроқ орқали болаларига ўтади. Уларнинг қон томирида оқиб, ҳар бир куртакча мустақил оилага айланади. Ер бағрида илдиз ота бошлайди. Илдиз қанчалик чуқур кириб борса, қишдан чиқиш шунчалик осонлашади. Улар ер тагида ака-ука, опа-сингил бўлиб бир-бирларига чирмашади. Бири совуқ қотса, иккинчиси иситади, бири дард чекса, иккинчиси даволайди. Ҳали қиш келмасидан туриб ер бетини бахмалдек қоплашга улгуради. Қиш келиб уларнинг устига оппоқ, момиқ қор ёғади. Бу қор улар учун Аллоҳнинг пахтали кўрпаси мисолидир. Оҳ, бу кўрпа нақадар сирли ва ёқимли. Қиш уйқусига тортади.
Вақти келиб қишли қировли кунлар поёнига етади. Офтоб бутун борлиқни қиздира бошлайди. Оқ кўрпалар эриб, ерга сингади. Сингмаганлари эса ёмғир бўлиб қайтаман, деб осмони фалакка кўтарилади. Гоҳ илиқ, гоҳ салқин шамол эсиб, буғдой майсаларини тўзғитиб ўйнайди. Қараган кўзга худди денгиз тўлқинларини эслатади. Ер ҳам зангори тусда, осмон ҳам зангори. Бир-бири билан туташиб кетгандек. Шамол майсаларни қанчалик куч билан тебратса, илдизлар ҳам ерга шунчалик чуқур ёйилади. Юқоридаги бадантарбия натижасида илдизларнинг мушаклари кучга тўлиб бораверади. Майсалар орасидан осмони фалакка яшил найчаси бўй чўзади. Барглар офтоб нуридан қувват олиб, уни танага узатади. Ниҳоят, найча учида қилтаноқли мўйловчалар кўриниш беради. Ҳар бир қилтаноқ тагида эса биттадан «қопчиқ» бўлади. Бу «қопчиқ»лар ер бағридан илдиз орқали келаётган сут булоғи билан тўла бошлайди. Улар бир-бирининг елкасига мингашган, бири иккинчисини кўтариб туради. Сут булоғига пастдагилари тўйиб олгач, юқорига узатишади. Насибани ўртада тенг бўлашишади. Бу жараён 60-қаватгача давом этади. Бироқ юқоридагиларни тўйдираман деб пастдаги бир-иккита дон қопчаси ярим бўлиб қолади. Уни пуч буғдой дейишади. Охир-оқибат улар элакдан тушиб қолади...
Камина бу пуч буғдойларни ўзи емай-ичмай орқасида қолаётган болаларини ўйлаган ота-оналарга ўхшатгим келади. Нима дедингиз? Ўхшайди-а?
860
KATTA SABOQ
(Bugunning hikoyasi)
Uning bobosi fizika va matematika fanlari doktori, katta olim. Hamma «yadershik» deydi. Sababi u kishi atom yadrosi tadqiqoti ilmiy markazida ishlagan. Bobo salkam qirq yil shu sohada xizmat qilib, nafaqaga chiqdilar. Ammo nafaqaga chiqqach, zerika boshladilar. Bu zerikishni o‘rta maktabni tamomlayotgan biyrongina nabirasi birinchilarda sezdi. U buvasiga o‘xshab «yadershik» bo‘lishni orzu qilar va bu borada buvasidan har zamonda dars olib turardi. «Senga maza, orqangda buvang bor, bir deganda o‘qishga kirib ketasan», deb unga havas qilishardi o‘rtoqlari.
Bu gap-so‘zlar va bobosining holati sabab bo‘lajak «yadershik»ning kallasini ishlatib yubordi. O‘zicha bir narsalarni o‘ylab, ishga kirishib ketdi. Bobosiga hozirgi tilda aytganda «repetitorlik» qilish taklifi bilan chiqib, ham u kishini zerikishdan qutqarmoqchi, ham o‘rtoqlarini o‘qishga tayyorlamoqchi bo‘ldi. Qandoq yaxshi!
Puldor o‘rtoqlaridan 30 nafari unga qo‘l tashladi. Har biri oyiga bir milliondan pul to‘laydigan bo‘ldi. Hali imtihon topshiradigan kunga 4 oycha vaqt bor. Demak, umumiy hisobda 120 million so‘m pul naqd degani.
‒ Bobojon, ‒ dedi nabira buvasining pinjiga tiqilib, ‒ bilaman, ishingizni davom ettira olmaysiz, nurlangansiz. Faoliyatingizni davom ettirishga do‘xtirlar ruxsat berishmaydi. Sir bo‘lmasa, ayting-chi, qancha oylik olardingiz?
‒ O‘rtacha 15 million so‘m, bolam. Yana mukofot pullari ham chiqardi. Nega so‘rayapsan?
‒ Men sizga oyiga 30 million so‘m beraman, ‒ deb pishirib qo‘ygan rejasini aytdi nabira.
‒ O‘h-o‘... – deb bobo kulib yubordi. ‒ Juda ko‘p-ku bu pul, bolam.
‒ Axir fan doktori degan nomingiz bor! Bundan ham ko‘piga arziysiz, bobojon.
‒ Yaxshi, unda o‘rtoqlaringni har kuni beshta-beshtadan oldimga olib kel. Ko‘ray-chi, pichoqqa ilinadigani bormikan.
Suhbat davomida bolalardan faqat uch nafari «yadershik» otaning «pichog‘iga ilindi».
‒ O‘qitavermaysizmi, doda? O‘qishga kirsa kirdi, kirmasa o‘zidan ko‘rsin, ‒ dedi nabira.
‒ Tunov kuni o‘zing doktor degan nomingiz bor, deding. O‘qishga kira olmasa kimsan doktorga pul to‘lab o‘qitgan edik deb ota-onasi malomat qilmaydimi, bolam? Mening nomim sen aytgan o‘shancha puldan ancha-muncha yuqori turadi. Keyin ularning umriga, ulardan olgan pulimga ertaga Xudoning oldida nima deb javob beraman? Anovi uchtasi bo‘ladigan xilidan, ularni yaxshi ko‘rib qoldim. Shundoq pulsiz, savob uchun o‘qitaman, tushundingmi?
Bu voqea bo‘lajak «yadershik» nabira uchun ilk va esdan chiqmaydigan katta saboq bo‘ldi.
860
КАТТА САБОҚ
(Бугуннинг ҳикояси)
Унинг бобоси физика ва математика фанлари доктори, катта олим. Ҳамма «ядершик» дейди. Сабаби у киши атом ядроси тадқиқоти илмий марказида ишлаган. Бобо салкам қирқ йил шу соҳада хизмат қилиб, нафақага чиқдилар. Аммо нафақага чиққач, зерика бошладилар. Бу зерикишни ўрта мактабни тамомлаётган бийронгина набираси биринчиларда сезди. У бувасига ўхшаб «ядершик» бўлишни орзу қилар ва бу борада бувасидан ҳар замонда дарс олиб турарди. «Сенга маза, орқангда буванг бор, бир деганда ўқишга кириб кетасан», деб унга ҳавас қилишарди ўртоқлари.
Бу гап-сўзлар ва бобосининг ҳолати сабаб бўлажак «ядершик»нинг калласини ишлатиб юборди. Ўзича бир нарсаларни ўйлаб, ишга киришиб кетди. Бобосига ҳозирги тилда айтганда «репетиторлик» қилиш таклифи билан чиқиб, ҳам у кишини зерикишдан қутқармоқчи, ҳам ўртоқларини ўқишга тайёрламоқчи бўлди. Қандоқ яхши!
Пулдор ўртоқларидан 30 нафари унга қўл ташлади. Ҳар бири ойига бир миллиондан пул тўлайдиган бўлди. Ҳали имтиҳон топширадиган кунга 4 ойча вақт бор. Демак, умумий ҳисобда 120 миллион сўм пул нақд дегани.
‒ Бобожон, ‒ деди набира бувасининг пинжига тиқилиб, ‒ биламан, ишингизни давом эттира олмайсиз, нурлангансиз. Фаолиятингизни давом эттиришга дўхтирлар рухсат беришмайди. Сир бўлмаса, айтинг-чи, қанча ойлик олардингиз?
‒ Ўртача 15 миллион сўм, болам. Яна мукофот пуллари ҳам чиқарди. Нега сўраяпсан?
‒ Мен сизга ойига 30 миллион сўм бераман, ‒ деб пишириб қўйган режасини айтди набира.
‒ Ўҳ-ў... – деб бобо кулиб юборди. ‒ Жуда кўп-ку бу пул, болам.
‒ Ахир фан доктори деган номингиз бор! Бундан ҳам кўпига арзийсиз, бобожон.
‒ Яхши, унда ўртоқларингни ҳар куни бешта-бештадан олдимга олиб кел. Кўрай-чи, пичоққа илинадигани бормикан.
Суҳбат давомида болалардан фақат уч нафари «ядершик» отанинг «пичоғига илинди».
‒ Ўқитавермайсизми, дода? Ўқишга кирса кирди, кирмаса ўзидан кўрсин, ‒ деди набира.
‒ Тунов куни ўзинг доктор деган номингиз бор, дединг. Ўқишга кира олмаса кимсан докторга пул тўлаб ўқитган эдик деб ота-онаси маломат қилмайдими, болам? Менинг номим сен айтган ўшанча пулдан анча-мунча юқори туради. Кейин уларнинг умрига, улардан олган пулимга эртага Худонинг олдида нима деб жавоб бераман? Анови учтаси бўладиган хилидан, уларни яхши кўриб қолдим. Шундоқ пулсиз, савоб учун ўқитаман, тушундингми?
Бу воқеа бўлажак «ядершик» набира учун илк ва эсдан чиқмайдиган катта сабоқ бўлди.
860
Repost from Matn ortida | Kitobxonlik klubi
📆 Erkin Malik bilan suhbatning to‘liq soni | “Matn ortida”
🪶 An’anaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Matn ortida” kitobxonlik klubimizning 3-sonida mehmon sifatida yozuvchi Erkin Malik ishtirok etgan edi.
Yozuvchi Erkin Malik bilan bolalar adabiyotidagi yutuq va muammolar bilan bir qatorda u kishining muallifligidagi bir nechta kitoblarni tahlil qildik. Ishtirokchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar.
💡 Yozuvchining “Shaytonvachchaning nayranglari” to‘plami hamda “Sajdada orom bor” kitoblari ko‘pchilikning mehrini qozonib kelayotgan asarlardan hisoblanadi.
🛎 To‘liq videoni YouTube sahifamizda tomosha qiling!
@matn_ortida
860
PUL VA BOLALAR
Aka-uka Nodirjon bilan Qodirjonning «dardi» faqat pul bo‘lib qolgan. Chunki bog‘chaga borishganida tarbiyachi opalar ham, maktabdagi ustozlari ham pul haqida ko‘p gapirishadi. Uyda ham har kuni shu gap. Oyijonisi dadasidan unga-bunga pul tashlab keting, deb nuqul pul so‘raydi. Dadajonisi esa bir «uf-f..»lab olib, «Shu... yetkazish qiyin bo‘lyapti-da, onasi», deb qo‘yadi.
Shularni ko‘rgan aka-uka «pul» deganini ko‘proq qilib qo‘ysa bo‘lmasmikan, deb o‘ylanib qolishadi. Axir pul qog‘ozdan bo‘larkan-ku. Bitta kitobning varag‘idan bir dunyo pul chiqadi! Aka-uka gapni bir joyga qo‘yib, dadajonisidan so‘rashdi:
‒ Dadajon, pulni ko‘paytirib qo‘ysa bo‘lmaydimi?
Bu gapdan dadasi ham, oyijonisi ham qotib-qotib kulishdi.
‒ Kulmanglar-da, ‒ dedi kenja o‘g‘il, ‒ akam aytdilar, bitta kitobning varag‘idan ancha pul chiqarsa bo‘larkan-ku.
‒ Yaxshi, yaxshi, ‒ dedi dadajonisi kulishdan to‘xtab. ‒ Hammani qiynayotgan masalani aka-uka osongina hal qilib qo‘ya qolibsizlar, qoyil qoldim, ‒ deb kenja o‘g‘ilga qaradi. ‒ Ana, akangning kitobidan pul yasadik deylik, u pulga nima olamiz?
‒ Hammamizga yap-yangi kostyum-shim, tufli, oyimga ko‘ylak, ro‘mol olamiz, ‒ deyishdi bolalar.
‒ E-e... boshimni qotirmanglar. O‘zi shundoq ham ishkopda joy yo‘g‘-u, ‒ dedi oyisi kulib.
‒ O‘shandoq narsalarni olsak ham bari bir pulimiz ortib qoladi, ‒ dedi dadasi.
‒ Qolganiga «Chupa-chups» olamiz...
‒ O‘h-ho‘... Bir mashina «Chupa-chups»ni qayerga qo‘yamiz? Pulimiz esa yana ortib qolyapti?
Aka-uka o‘ylanib qolishdi...
‒ Mayli, dadajon, kitobimiz kitobligicha qolsin , ‒ dedi katta o‘g‘il.
‒ Ana shunaqa, bolalarim, pul qancha ko‘p bo‘lsa, uning rohatidan ko‘ra tashvishi ko‘payadi. To‘g‘ri, pul kamligida tashvishlar ham ko‘payadi. Lekin shunga yarasha foydasiyam ortadi.
Aziz muxlis, siz pul va uning o‘ziga xos muammolarini bolalaringizga qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
860
Repost from Matn ortida | Kitobxonlik klubi
📚 “Matn ortida” klubida Erkin Malik bilan boʻlgan suhbatdan
🖌 “Matn ortida” kitobxonlik klubining 3-sonida mehmon sifatida yozuvchi Erkin Malik ishtirok etgan edi.
Mehmonimiz, ustoz Erkin Malik bilan tadbir doirasida bolalar adabiyotidagi bugungi holat bilan bir qatorda u kishining muallifligidagi bir nechta kitoblarni ham tahlil qildik.
⚡ Yozuvchining “Shaytonvachchaning nayranglari” to‘plami hamda “Sajdada orom bor” kitoblari ko‘pchilikning mehrini qozonib kelayotgan asarlardan sanaladi.
🔴 TEZ KUNDA YouTube sahifamizda to‘liq videoni tomosha qiling!
@matn_ortida
860
ПУЛ ВА БОЛАЛАР
Ака-ука Нодиржон билан Қодиржоннинг «дарди» фақат пул бўлиб қолган. Чунки боғчага боришганида тарбиячи опалар ҳам, мактабдаги устозлари ҳам пул ҳақида кўп гапиришади. Уйда ҳам ҳар куни шу гап. Ойижониси дадасидан унга-бунга пул ташлаб кетинг, деб нуқул пул сўрайди. Дадажониси эса бир «уф-ф..»лаб олиб, «Шу... етказиш қийин бўляпти-да, онаси», деб қўяди.
Шуларни кўрган ака-ука «пул» деганини кўпроқ қилиб қўйса бўлмасмикан, деб ўйланиб қолишади. Ахир пул қоғоздан бўларкан-ку. Битта китобнинг варағидан бир дунё пул чиқади! Ака-ука гапни бир жойга қўйиб, дадажонисидан сўрашди:
‒ Дадажон, пулни кўпайтириб қўйса бўлмайдими?
Бу гапдан дадаси ҳам, ойижониси ҳам қотиб-қотиб кулишди.
‒ Кулманглар-да, ‒ деди кенжа ўғил, ‒ акам айтдилар, битта китобнинг варағидан анча пул чиқарса бўларкан-ку.
‒ Яхши, яхши, ‒ деди дадажониси кулишдан тўхтаб. ‒ Ҳаммани қийнаётган масалани ака-ука осонгина ҳал қилиб қўя қолибсизлар, қойил қолдим, ‒ деб кенжа ўғилга қаради. ‒ Ана, акангнинг китобидан пул ясадик дейлик, у пулга нима оламиз?
‒ Ҳаммамизга яп-янги костюм-шим, туфли, ойимга кўйлак, рўмол оламиз, ‒ дейишди болалар.
‒ Э-э... бошимни қотирманглар. Ўзи шундоқ ҳам ишкопда жой йўғ-у, ‒ деди ойиси кулиб.
‒ Ўшандоқ нарсаларни олсак ҳам бари бир пулимиз ортиб қолади, ‒ деди дадаси.
‒ Қолганига «Чупа-чупс» оламиз...
‒ Ўҳ-ҳў... Бир машина «Чупа-чупс»ни қаерга қўямиз? Пулимиз эса яна ортиб қоляпти?
Ака-ука ўйланиб қолишди...
‒ Майли, дадажон, китобимиз китоблигича қолсин , ‒ деди катта ўғил.
‒ Ана шунақа, болаларим, пул қанча кўп бўлса, унинг роҳатидан кўра ташвиши кўпаяди. Тўғри, пул камлигида ташвишлар ҳам кўпаяди. Лекин шунга яраша фойдасиям ортади.
Азиз мухлис, сиз пул ва унинг ўзига хос муаммоларини болаларингизга қандай тушунтирган бўлардингиз?
860
FIKR QILGANLARIM VA KUZATGANLARIM
Nurning ta’rifi
Ko‘zi ochiq odamga savol berishibdi:
‒ Nur nima?
‒ Nur ‒ ko‘rish vositasi. Yorug‘liksiz qorong‘ida yura olmaymiz-ku, ‒ deya javob beribdi u.
Xuddi shu savolni ko‘zi ojiz odamga ham berishibdi. Ko‘zi ojiz odam o‘ylanib turib:
‒ Nur kitob, ilm bo‘lsa kerak, ‒ deb javob beribdi.
Har kim o‘z ehtiyoji va dunyosidan kelib chiqib, o‘z haqiqatiga ega bo‘lar ekan-da. Siz uchun nur nima, aziz o‘quvchilarim?
Kitob va qamchi
Shunday kitoblar borki, o‘qiganda xuddi osuda dengiz ustida suzib ketayotgan kema sahnidek allalaydi. Bunday kitobning nomini «oromijon» deyish mumkin. Yana shundaylari borki, mutolaaga kirishganingizda tuyqus yelkangizga bir qamchi tushadi. Bu «zarb»dan o‘tirgan bo‘lsangiz turib, turgan bo‘lsangiz, yugurib ketasiz. Bunday kitobning nomini «tarbiya» deyiladi. Aslida odam bolasi uchun ikkovi ham muhim.
Mehr va qahr
Qo‘lidan ish kelib qolgan farzandini uxlab, orom ola qolsin yoki ko‘chada bir zum o‘ynab kelsin, deydigan ota-onalar mehr ko‘rsatyapman deb o‘ylamasin. Bu mehr emas, aslida qahrdir. Oqibati yaxshilikka olib bormaydi. Aytishadi-ku asalning ozi shirin deb. Mehr ko‘rsatish ham xuddi shunday bo‘lishi kerak.
Sevgining ko‘zi ko‘rmi?
Sevgi ‒ muqaddas, pokiza tuyg‘u. Unga aslo tosh otmang. Tosh otib, sindirib, ko‘zini ko‘r qiladigan o‘zimizdir.
Buzuqlik
Bu illat hamma zamonda bo‘lgan. Bugun ham, ertaga ham bo‘ladi. U yo‘lda uchraydigan bir tikanzordir. Ehtiyotingizni qilib, yo u yonidan, yo bu yonidan o‘ting. Qo‘lingizdan kelsa, yo‘lingizda uchragan buzuqlikni tozalang, orqangizdan boshqalar ham yursin. Keyingisi ma’qul-a, azizlar?
860
ФИКР ҚИЛГАНЛАРИМ ВА КУЗАТГАНЛАРИМ
Нурнинг таърифи
Кўзи очиқ одамга савол беришибди:
‒ Нур нима?
‒ Нур ‒ кўриш воситаси. Ёруғликсиз қоронғида юра олмаймиз-ку, ‒ дея жавоб берибди у.
Худди шу саволни кўзи ожиз одамга ҳам беришибди. Кўзи ожиз одам ўйланиб туриб:
‒ Нур китоб, илм бўлса керак, ‒ деб жавоб берибди.
Ҳар ким ўз эҳтиёжи ва дунёсидан келиб чиқиб, ўз ҳақиқатига эга бўлар экан-да. Сиз учун нур нима, азиз ўқувчиларим?
Китоб ва қамчи
Шундай китоблар борки, ўқиганда худди осуда денгиз устида сузиб кетаётган кема саҳнидек аллалайди. Бундай китобнинг номини «оромижон» дейиш мумкин. Яна шундайлари борки, мутолаага киришганингизда туйқус елкангизга бир қамчи тушади. Бу «зарб»дан ўтирган бўлсангиз туриб, турган бўлсангиз, югуриб кетасиз. Бундай китобнинг номини «тарбия» дейилади. Аслида одам боласи учун иккови ҳам муҳим.
Меҳр ва қаҳр
Қўлидан иш келиб қолган фарзандини ухлаб, ором ола қолсин ёки кўчада бир зум ўйнаб келсин, дейдиган ота-оналар меҳр кўрсатяпман деб ўйламасин. Бу меҳр эмас, аслида қаҳрдир. Оқибати яхшиликка олиб бормайди. Айтишади-ку асалнинг ози ширин деб. Меҳр кўрсатиш ҳам худди шундай бўлиши керак.
Севгининг кўзи кўрми?
Севги ‒ муқаддас, покиза туйғу. Унга асло тош отманг. Тош отиб, синдириб, кўзини кўр қиладиган ўзимиздир.
Бузуқлик
Бу иллат ҳамма замонда бўлган. Бугун ҳам, эртага ҳам бўлади. У йўлда учрайдиган бир тиканзордир. Эҳтиётингизни қилиб, ё у ёнидан, ё бу ёнидан ўтинг. Қўлингиздан келса, йўлингизда учраган бузуқликни тозаланг, орқангиздан бошқалар ҳам юрсин. Кейингиси маъқул-а, азизлар?
860
Assalomu alaykum!
Aziz kanalimiz a’zolari! Yoz oylarida bolalarimiz ta’tilni yanada maroqli o‘tkazishsin deb ularga asalarilar haqidagi qissani taqdim qildim. Bir hisobda yaxshi bo‘ldi, shu bahona bu asar haqida o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini o‘rganish imkoni tug‘ildi. Lekin aksariyat o‘quvchilar mening hayotiy hikoyalarimni sog‘inishgan. Men ham qissani e’lon qilib qo‘yib, bo‘sh o‘tirmadim, sizlar uchun yangi hikoyalar yozish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Ularni o‘qib, yaqinlaringizga ham ulashib, kaminani xursand qilasiz degan umiddaman. Bu ishda xolis yordam berayotgan yozuvchi, jurnalist, “Qora qalam” telegram kanalining sohibi Mahmudjonni duo qilib qo‘yasizlar. U kishi kanalga qo‘yiladigan materiallarni tahrir qilish bilan birga, siz azizlarni o‘ylab, kunlik postlar to‘xtab qolmasin degan o‘yda meni ham shoshirib turadi. Shunday qilib boshladik bo‘lmasa:
BA’ZAN...
Ba’zan shunday bo‘ladiki, yoningdagi odam hamma narsasi bo‘la turib, nuqul noliyveradi. Hali qarasang, yetishmovchilikni pesh qilsa, goh zamon yaxshi emasligini aytadi. Odatda bunday noshukur insonlarni yeb turib ham ma’rayveradigan qo‘yga o‘xshatib, tanbeh berishadi. Qo‘ylarning ichida ba’zan uchrab turadigan “jag‘i ochiq”lari shunaqa oxuri to‘la yem bo‘lsa ham tinimsiz “ba-ba”layveradi.
O‘sha sizga har narsadan noliyotgan odam ham bugungi tinch-xotirjam o‘tayotgan kunining shukrini qilmay, ertaga nima bo‘ladi endi, degan tashvishda bo‘ladi. Hoy, baraka topgur, sen oldin bugungi ne’matlarni tanangga singdirib ol-da, uning kuchi bilan ertangi kuningga biron-bir ulgi tayyorla. O‘sha tayyorlagan ulging seni ertangi kuningga «kel» deb chaqirsin. Axir ertaning poydevori bugunning ustida-ku?! Sen esa poydevor qurish o‘rniga vaqtni nolish bilan o‘tkazyapsan. Yana shunisi ham bor-ki, bugun sening oxirgi kuning ham bo‘lishi mumkin. Kechagi kun o‘tib ketdi, ertaning kelishi esa dargumon. Shunday ekan, ayni sen yashab turgan damlar seniki, ertangi kunning esa senga nasib etishi noma’lum. Ha, avvalo buguningni qadriga yet! U sendan nolib, besamar ketmasin.
Ilohim, ushbu aytganlarimiz haqida fikr yuritgan, undan kerakli xulosani olganlar murodiga yetsinlar!
