Bir kuni men...
Open in Telegram
Hayot, qarashlar, tamoyillar, qoidalar, odamlar, safsatalar, stereotiplar, xullas siz psixologiya deydigan olam haqida bir kuni men o‘ylagan fikrlar...
Show moreThe country is not specifiedThe category is not specified
506
Subscribers
No data24 hours
No data7 days
No data30 days
Posts Archive
Zo'r-a? Ikki masalaga ayricha prinsip. Bunday ikki xil standart aslida menda ham, sizda ham bor. Yaxshilab o'zingizni taftish qilsangiz o'zingizdagi mana shunday ikki xil standartni, yana ham to'g'rirog'i ikkiyuzlamachilik yoki kognitiv dissonans holatlarini topasiz. Muammo shundaki aqlli odamlar mana shunday narsani sezganida o'zini zudlik bilan tahrir qilish tadorigini ko'radi. Johil, ya'ni o'rganishni istamaydigan, o'zimniki to'g'ri deydigan kishi esa bu yo'ldan bormaydi.
Ilm-fanning etagini tutgan odam hech qachon adashmaydi deb kecha bekorga aytmagan edim. Boisi fan sizga hamma narsaga shubha ko'zi bilan qarashni o'rgatadi. Siz hamma ma'lumotni mustaqil ravishda tekshiradigan bo'lib qolasiz. Hech narsa haqida shoshib xulosa qilmaysiz, ma'lumotni rasmiy manbalar orqali tasdiqlashni, ularni tahlil qilishni o'rganasiz. O'zingizga yoqqan ma'lumotni emas, to'g'ri ma'lumotni olishni o'rganasiz.
Sizni manipulyatsiya qilishlariga yo'l bermang, hissiyot bilan fikrlashga o'zingizga imkon bermang, har doim sovuq aql bilan o'ylashga, eshitayotgan har bir ma'lumotingizni eng kamida ikkita mustaqil ishonchli manba orqali tasdiqlashga o'rganing. Aks holda bir umr iste'molchi bo'lib qolasiz. Unday holda sizga nima deyishsa ishonishga, nima buyurishsa o'shani qilishga, qisqa qilib aytganda miyasiz qulga, manqurtga aylanishga majbur bo'lasiz.
@birkunimen
Ikki yoqlama standart
Odamlarni tashqaridan jim turib kuzatishni yoqtiraman. Bu jarayonda o'rganish mumkin bo'lgan narsalarni hech qaysi psixologiya kitoblaridan o'rgana olmaysiz. Ana shu kuzatuvlarim asosida bugun sizga bir narsa haqida aytmoqchiman.
Odam odatda o'zi ko'rishni, eshitishni istagan narsani ko'radi, eshitadi. Ya'ni siz eshitishni istagan narsalaringizni qabul qilasiz, aksincha eshitishni istamaganingiz haqida aytilsa darrovda rad qilishga shoshasiz. Fikrimni shu kunlarda kuzatilayotgan ikki analog holat bilan asoslab ko'rsataman.
So'nggi kunlarda aholi orasida kundan-kunga antivaksinistlar ortib bormoqda. Ularga ming vaksina haqida gapiring foydasiz. Bir oycha avval vaksina borasidagi savollarga manbalari bilan audio tarzida javob berdim (matn yozsam baribir o'qishmayapti), o'sha audio turli TG kanallarida tarqalgach, bir kishi izoh yozmoqda, vaksina odamni o'ldiradi, falon-falon. Unga ikkinchi odam, bu audioni eshitib ko'r, asosli fikrlar aytmoqda desa, unga javoban eshitmasam ham bilaman, vaksina falon-piston. Audioni eshitib ko'rmasdanoq baribir vaksina yomon degan fikrini asoslashda davom etmoqda. Ba'zida tuppa-tuzuk biologlar yozib qoladi: qo'shnimning qarindoshini mahallasida bir kishi vaksina olib ertasiga o'lib qolibdi. Xo'sh deyman. Yozayotgan kishi esa bu xabar to'g'riligini menga isbotlamoqchi bo'ladi. Yoki vaksina olgan ikki yildan keyin o'larkan, vaksina olsa homilasiga falon-piston bo'larkan, Xorazmda bittasi vaksina olgach necha kundan keyin ko'zi ko'rmay qolibdi, shol bo'lib qolibdi, vaksina bilan bizni chiplashtirmoqda, vaksina bu aholini qisqartirtish uchun o'ylab topilgan va yana bir olam falon-pistonlar. Va eng qizig'i shu gaplarni aytayotganlar bu ma'lumotlarni tekshirib ko'rishni umuman istamaydi. Aslini aytsangiz ishonmaydi. Nega? Chunki bu odamlar o'zi eshitishni istagan narsalarini eshitmoqda va ularni qabul qilmoqda. Vaksina haqida kimdir yomon gapirsa ularga moydek yoqib eshitadi, tasdiqlab qo'yadi.
Ikkinchi holat. Toliblar mana yarim oycha (bir yarim oy, tahrir) avval Afg'onistonni tamoman qo'lga oldi. Biz endi avvalgi toliblar emasmiz, biz boshqamiz, odamlarni hech qanday sababsiz so'ymaymiz, ayollarga ilgarigidek munosabatda bo'lmaymiz, musiqa harom, lekin buni keskin taqiqlamaymiz, aholiga tushuntiramiz va falon-falon deb va'dalar bera boshladi. Bizni jamiyatdagi tolibonsevarlarning kuni tug'di. Bechoralar nega ular tolibon orasida emasligidan afsuslanib ham qo'ygan bo'lsalar ajab emas. Ana endi Afg'onistonda haqiqiy islom davlati bo'ladi deb bir-birlariga maqtana boshladilar. Ayrimlari hatto o'zlarini toliblarning norasmiy advokatidek tutdi desam ham adashmagan bo'laman. Oradan mana ikki hafta o'tmay turli OAV tolibonning yana eski hunarlarini boshlagani haqida, ayollarga ko'chaga chiqmaslikni buyurgani, musiqa harom deb bir musiqachini hech qanday mahkamasiz otib tashlagani, yana bir uchuvchi ayolni ham qatl qilganliklari kabi xabarlarni bera boshladi. Buni qarangki, ayni shu odamlar vaksina borasidagi mish-mish yolg'onlarga hech qanday shaksiz ishongan, ularni hatto tekshirib ko'rishni rad etgan holda, toliblarning mana bunday jinoyatlari haqidagi xabarlarga "Bu feyk xabar, ishonmanglar, toliblarni ataylab g'arb davlatlari yomonotliq qilmoqda, bular hammasi eski videolar, bular hammasi yolg'on xabarlar, tolibon unday emas" deya baralla qichqirishmoqda.
@birkunimen
#özimga_nasihat
Seni atrofingdagilar hurmat qilishini istaysanmi? U holda sen ham boshqalarni hurmat qil degan gapga ishonib yurma, bu bo‘lmagan gap. Biz bizni hurmat qilganni emas, o‘zini hurmat qiladiganlarni hurmat qilamiz. Shunday ekan o‘zingni hurmat qilishni boshla!
@birkunimen
Odam organizmi va ruhiyati qiziqda, agar uni e'tibor berib tinglasangiz, nima demoqchi bo'layotganini his qiladi. U har qanday holda ham belgi beradi.
Qizib turgan yerga sepilgan suvning hidini sezyapsiz va bu his sizga yoqyaptimi, demak organizmda mis mikroelementi yetishmayapti. Darsda o'tirganingizda kimdir doskaga bo'r bilan yozayotganda bo'r doskada siyg'onib g'iiyyq etgan ovoz chiqarganda badaningizda g'alati hissiyot his qilyapsizmi, demak organizm kalsiy yetishmovchiligi haqida belgi bermoqda. Benzin, lak, kraska, sigaret kabi narsalarning badbo'y hidiga mast bo'lyapsizmi, demak sizda kamqonlik kuzatilmoqda. Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.
Ruhiyatimiz ham ana shunday belgilar beradi. Turib-turib olis qishloqda qolgan beg'ubor bolaligingizni qo'msab sog'inib qolyapsizmi? Bolaligingizga bir zumga bo'lsa ham qaytib qolgingiz kelyaptimi? Demak ruhiyatingizning energiyasini so'rib olayotgan surunkali qandaydir yechilmagan muammoyingiz anchadan beri yechilmasdan, kutish rejimida turibdi. Kutish rejimidagi ishlar, muammolar ruhiyatning energiyasini yeb yuboradi, bu hol uzoq davom etganda ruhiyat halokat signalini yoqadi. Bunda boshlanishiga siz bolalikni sog'ina boshlaysiz, chunki ruhiyatingiz xotirasida eng muammosiz, himoyalangan holatingiz sifatida bolalik davrlaringiz qolgan va sizni o'sha davrga qaytarishga urunish orqali o'zini himoya qilmoqchi bo'ladi. Agar bu holat uzoq davom etaversa odam bo'lar bo'lmasga siqiladigan bo'ladi, yana ham og'ir formada uyqusizlik, ishtahasizlik, halovatsizlik rivojlanadi.
@birkunimen
Istalgan narsaga qaramlikning birinchi belgisi shuki, siz uni istalgan vaqtda tark qilishingizga (tashlashingizga) mutlaqo ishonasiz 😄. Ana o‘sha ishonch sizni qaramlik botqog‘iga bo‘yningizgacha botguningizgacha saqlanib turadi. Qaramlikka qulog‘ingizgacha botgach hammasi oson emasligini his qilasiz va qaramlikdan qutulish oson emasligi haqida bahonalar to‘qiy boshlaysiz.
Mana shu tipik irodasiz odamning tipik portreti bo‘ladi 😁. O‘zingizni taniyapsizmi? 😉
@birkunimen
Xitoydagi so‘nggi ikki yil menga nafaqat ilmiy daraja olishimga yordam berdi. Balki yolg‘iz qolib hayotning juda ko‘p jihatlari haqida o‘ylab olish, fikrlash, mulohaza qilish imkonini ham berdi.
Men o‘zi kimman? Nima uchun yashayapman? Asosiy maqsadim nima? O‘sha maqsad qay darajada muhim? Men uchun eng qadrli inson/narsa o‘zi kim/nima? kabi savollarimga o‘zimdan javob izladim. Olgan javoblarim kelajakda qanday yashashimni rejalashtirishga yordam bermoqda.
Sizchi, siz bu dunyoda nima uchun yashayotganingizni bilasizmi?
@birkunimen
Amaliy tajriba
Tovuq yetishtirish bilan shug'ullanadiganlar biladi, bir necha kunlik jo'jalarni moda va nar qilib jinsiga ko'ra ajratish juda ham qiyin. Chunki ularni tashqi tomondan ajratish oson ish emas. Umuman olganda jo'jalar jinsini aniqlashning o'z metodikasi mavjud, bunda jo'janing orqa teshigi - kloakasi tekshiriladi. Lekin bu ham oson emas, chunki turli tovuq zotlarida orqa teshikning tuzilishi ham farqlanadi.
Lekin tovuq yetishtiruvchilar jo'jalarni jinsiga ko'ra qancha erta ajratilsa, shuncha foyda. Chunki tuxum qo'yuvchi jo'jalar va go'sht uchun boqiladigan xo'rozlar yoshligidan alohida ozuqa bilan boqilishi kerak.
Jo'jalarning jinsiga ko'ra nar va modaga ajratish bo'yicha hech kim yaponlarning oldiga tusha olmasa kerak. Ularning jo'jalarni jinsiga ko'ra ajratuvchi maxsus vakillari yoshligidan jo'jalarni ajratish bo'yicha shu darajada kuchli ko'nikma va mahoratga ega bo'lib yetishadiki, bir kunda o'rtacha 800-1200 tagacha jo'jani 98% aniqlikda nar va modaga ajrata oladi. Lekin ulardan buni qanday qilayotganini so'rasangiz ular buni sizga aniq izohlab bera olmaydi.
Yaponlardagi bu jihat olimlarni ham qiziqtirmay qo'ymagan. Ayrimlar ularni ichki intuitsiyaga quloq solib ajratadi desa, ayrimlari esa mohir tajribali jo'ja ajratuvchi qo'liga olgan jo'jani bundan avvalgi ushlagan jo'jalari bilan avtomatik tarzda solishtiradi va shundan kelib chiqib jinsi borasida qaror qiladi deb izohlaydi. AQSh dagi tovuqchilik bilan shug'ullanuvchi fermerlar orasida shu bois ham aynan kelib chiqishi yapon bo'lgan amerikalik jo'jalarni jinsiga ko'ra ajratuvchilarga talab juda yuqori.
Ha, amaliy tajriba ana shunday bo'ladi. Siz bir ishni qilaverganingiz bois, hech qanday asossiz to'g'ri qaror qabul qilasiz. Masalan, tajribali paleontolog-arxeolog qo'liga biror suyak yoki boshqa shunday qoldiq tushganida uni bir qur ko'zdan kechirib, buning yoshi taxminan 3,5 ming yil deb aytadi. Tashqaridan qaraganda bu sizga "sharlatan"likdek tuyuladi, lekin soha mutaxassisi 3,5 ming yoshda degani ostida ko'p yillik tajriba yotgan bo'ladi va ilmiy metodlar bilan tekshirsangiz ham ko'rsatkich deyarli olim aytgan songa juda yaqin chiqadi.
Shunday, tajribada gap ko'p, agar o'sha tajriba ortida uzoq va mashaqqatli ilmiy hayot yotgan bo'lsa, bu tajribaning bahosi benazir hisoblanadi.
@birkunimen
"Butun dunyo sizga qarshi urush boshlasa, ortingizda turib sizga patron uzatib turaman", - mana men nima uchun qizimning onasini behad sevaman va qadrlayman.
Bir muammo vaqtida qachonki u bilan dildan suhbatlashsam motivatsiyam ortadi, ishimga, yashashga bo‘lgan ishtiyoqim ortadi. Ba'zan o‘ylab qolaman, demak xudoga manzur bo‘lgan bir yaxshi ishim bordirki, menga shunday hamrohni ro‘baro‘ qildi.
Buni nega aytyapman, bu orqali yigitlarga demoqchi bo‘lgan gapim bor. Ayol misoli ishlov berilmagan olmosga o‘xshaydi. Unga ega chiqqach, sabr bilan unga ishlov bersangiz u haqiqiy brilliantga aylanadi, buni faqat mohir zargargina qila oladi. Agar ishlov bermasangiz, o‘z holicha qoldirsangiz u bir bo‘lak shisha, toshligicha qolib ketaveradi.
@birkunimen
Bugun chiqargan xulosalarimdan biri:
1. Har narsada ko‘pchilikning fikriga quloq solish doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi.
2. Har narsada sohaning mutaxassis(lar)iga quloq tutish faqat va faqat foyda keltiradi.
3. Kelajakda qabul qilingan noto‘g‘ri xulosa/qaror tufayli "yeb qo‘ymaslik" uchun ikkinchi bandga amal qiling))
Bugungi xulosaga kelishga mana shu sabab bo‘ldi.
@birkunimen
Qon bilan kirgan - jon bilan chiqur...
Bizning qon-qonimizga singib ketgan bir illat bor - "qo'shib yozish", "oshirib ko'rsatish", "dumini likkillatish". Negadir natijalarimizni oshirib ko'rsatishga harakat qilaveramiz. Mana shu yolg'onlarimiz ortidan obro', maqtov olishga umidvor bo'lsin, hattoki, bu oshirib ko'rsatish haqiqatdan ming kilometr uzoqlikdagi gap bo'lsa ham farqi yo'q, betni bez qilib gapiraveramiz.
Birinchi voqea
2011 yil. Maktabda ishlayman. Kimyo o'qituvchisi 7 yoki 8-sinflar orasida "Bilimlar bellashuvi" o'tkazdi va tumanga yuborish uchun natijalarni tayyorlabdi. Nima bo'ldiyu, birinchi o'rinni olgan o'quvchingiz necha ball yig'di desam "Voy, falonchi o'quvchim biram aqlli, biram bilimli, hamma savolga javob berdi. Umumiy 105 ball yig'di". "Nima? 105 ball?! Qanday qilib? Axir, maksimal ball 100 ball-ku!" men hayratimni yashira olmasdim. O'qituvchi esa nima qilganini ham tushunmay o'quvchisi chindan ham shu ballga arzishini isbotlashga harakat qila ketdi. "Xo'p mayli, sizniki ma'qul" deb qo'yaverdim. Hatto men nimani nazarda tutganimni ham tushunmadi boyaqish...
Ikkinchi voqea
2017 yil. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Xorazmga bordi. Xivadagi "Boltaboy oqsoqol" fermer baliqchilik xo'jaligiga bordi. U yerda Vetnam uslubida baliq yetishtirilar ekan. Prezidentga baliq yetishtirish bo'yicha ma'lumot berildi. Muxbir bu haqida og'zidan bol tomib UzA saytida yozdi, emishki, odatda bir gektardan 15-20 sentner baliq olinadi, Vetnam usulida esa 400 sentnergacha olinayotgan ekan. Shu xabar hozir ham kun.uz saytida turibdi. Prezidentga ma'lumot berayotgan ham uyalmaydi, og'ziga kelgan raqamni aytaveradi, prezident ham o'ziga beriladigan ma'lumotlarni mustaqil tekshirtirmaydi, balki o'zi ham aldashayotganini sezib, o'zini sezmaganga olar, endi bunisi menga qorong'u.
Uchinchi voqea
2017 yil. Martning oxiri. Men biologiya fanidan Farg'ona viloyat olimpiadasiga bosh hakam etib tayinlandim. Kollej va akademik litseyning 2- va 3-kurslarini bir necha kun davomida bilimlarini sinadik. O'shanda falonchiga ozgina yon bosishim uchun taklif qilingan pullarni hisoblasam... Xullas, men bunaqa narsalarda "nemis"man, meni taniydiganlar ham biladi buni. O'shanda 3-kurslardan birinchi o'rinni olgan yigitning bali 67 ball bo'ldi. Qoida bo'yicha 71 baldan past ball olganlar respublikaga chiqmas ekan, birinchi o'rin bo'lsa ham. Ana o'shandan keyin har tomondan telefonlar, bosimlar boshlandi, balini ko'tarib ber degan. O'zim ishlaydigan universitet rahbariyati, hokimlik, qisqasi meni xarakterimni yaqindan bilmaydigan borki, bir marta tel qilib ko'rdi. Hatto o'sha olimpiadaga Toshkentdan nazoratchi bo'lib kelgan odamning o'zi "Uka, birinchi o'rin ekan-ku, ko'tarib bering balini, atigi 4 ball qo'shib bering, natija baribir o'zgarmaydi-ku" deb so'radi. "Siz uchun o'zgarmaydi, lekin men uchun o'zgaradi. Men o'quvchilarning ichida hammaning balini e'lon qilib bo'lganman, hech qachon bunaqa ish qilmayman" deb javob berdim. Bir vaqt universitetdan prorektor tel qilib tezda balini ko'tarib ber dedi buyruq ohangida "Siz meni qoidabuzarlikka boshlayapsizmi? Qolaversa, bu yerda biologiya olimpiadasiga men bosh hakamman, siz emas, siz menga universitetda rahbarsiz" dedim. Qisqasi ko'tarmadim. Balki o'sha yigit mendan xafa bo'lgandir, lekin o'sha olimpiadada birorta o'quvchi ularga nisbatan nohaqlik qilinmaganini o'z tanalari bilan his qilishganiga ishonchim komil.
Natijalar haqida qo'shib ko'rsatish bu avvalo odamning o'z-o'zini aldashidir. Odam o'zini qachon aldaydi? O'ziga nisbatan ishonchi, ichki bahosi past, o'z kuchiga ishonmasa, qo'rqoq bo'lsa odam o'zini ikkilanishsiz aldaydi. Ilmiy nuqtai nazarda qo'shib yozish bu qip-qizil plagiat hisoblanadi. Katta xarakterni mayda-mayda detallar yaratadi. Shu bois o'zingizga nisbatan eneg elementar narsalarda ham ikkiyuzlamachilik qilishdan saqlaning. Sizga nisbatan shunday qilganni esa andisha qilib o'tirmang, o'rnida aybini o'ziga bildirib qo'yingki, qaytib sizni aldashga (qo'shib ko'rsatishga) harakat ham qilmasin.
@birkunimen
Odamzot o'zgaradi...
Tabiatda bo'lsin, yon atrofimizda bo'lsin, ruhiyatimizda bo'lsin, o'zgarishlar asta-sekinlik bilan sodir bo'lgani bois biz odatda ularni sezmaymiz.
Bolaman, taxminan birinchi yoki ikkinchi sinf bo'lsa kerak. Erta tong buvam (onamning onasi bilan o'sganman) mahallada bir xolanikiga nimanidir aytib kelish uchun yubordi. Hali odamlar endi-endi uyg'ona boshlagan vaqt. O'sha tong hamon yodimda, osmon qora bulutlar, yomg'ir yog'adiganga o'xshardi. Borib o'sha xolaga buvam tayinlagan gapni aytdim. Uyga qaytyapman, taxminan 500 metrcha qolgan. Birdan boshim ustida osmon ikkiga bo'lib ketgandek bo'ldi. Kuchli momoqaldiroqning gumbirlashi bola yuragimga o'shanda olam-olam vahima va qo'rqinch solgan edi. Uyga qanday yetganim esimda yo'q, o'shanda buvam eshik oldida meni kutib turgan va qo'rqmaganimni so'ragan edilar. Qo'rqmadim deb aytgandim, lekin aslida bunday emas edi. O'sha holat, chaqmoq chaqqan lahza, uning ketidan osmon qarining ich-ichidan vahimali gumburlash, o'sha vaqtda men kelayotgan ko'cha, chap tomonimdagi tol... qisqasi hamma-hammasi shuurimga singib qolgan va har gal oradan necha yil o'tishiga qaramay kuchli momoqaldiroqni eshitgan vaqtimda o'sha kunni eslayman, beixtiyor yuragimni qo'rquv egallaydi.
Men yana shamoldan qo'rqaman. Qattiq shamol turgan vaqtda, osmon tund, daraxtlar g'iyq-g'iyq tebranib yig'lagan mahal, osmonda qandaydir eski paketlar uchib yurgan va uy ichida turganda derazani tashqaridan kimdir "och-och, men ichkariga kiraman" deyayotgan tortadi va bularning barchasi yuragimni vahimaga to'ldiradi. O'zimni xuddi shunaqa vaqtda qo'rasining burchagiga biqinib, bir-birining pinjiga kirib ketishga uringandek tutadigan qo'ylardek his qilaman. Uyda o'tirar ekanman, shamol hozir olamni boshimga qulatadigandek tuyuladi. Agar kechasi bo'lib qolsa bormi, mijja qoqmay shamolning tinishini kutaman, nazarimda uxlab qolsam nimadir bo'ladigandek...
Xullas, mana shunaqa antiqa fobiyalarim bor, to'g'rirog'i bor edi. O'tgan yili shamolga qarshi fobiyam ustida ishlay boshladim. Shamolni shuurimga boshqa narsa bilan assotsiatsiyalashga harakat qildim. Bu narsa qanchalik ish bergan, buni o'sha vaqtda sezmagandim.
Bugun antiqa voqea bo'ldi. Iftorlikdan keyin birdan yomg'ir yog'a boshladi. Oddiy yomg'ir emas, momoqaldiroqli, shamolli yomg'ir, yurakni vahimaga soladigan. Ne ajabki, bu gal hammasi boshqacha bo'layotgan edi. Qaniki, momoqaldiroq to'xtamasa, qarsillab, gumbirlab osmonni, olamni larzaga keltiraversa... Har bir qars-qurs qilganida maza qilayotgandim. Shamol esa zarracha qo'rqitmasdi. Aksincha atrofimda bo'layotgan hamma narsa menga yoqayotgandi. Ich-ichimdan yanada qattiq, kuchliroq gumbirlasa ham mayli deyayotgandim. O'zimga o'zim hayron qoldim. Nahotki bu men?!
@birkunimen
Odamzot o'zgaradi...
Tabiatda bo'lsin, yon atrofimizda bo'lsin, ruhiyatimizda bo'lsin, o'zgarishlar asta-sekinlik bilan sodir bo'lgani bois biz odatda ularni sezmaymiz.
Bolaman, taxminan birinchi yoki ikkinchi sinf bo'lsa kerak. Erta tong buvam (onamning onasi bilan o'sganman) mahallada bir xolanikiga nimanidir aytib kelish uchun yubordi. Hali odamlar endi-endi uyg'ona boshlagan vaqt. O'sha tong hamon yodimda, osmon qora bulutlar, yomg'ir yog'adiganga o'xshardi. Borib o'sha xolaga buvam tayinlagan gapni aytdim. Uyga qaytyapman, taxminan 500 metrcha qolgan. Birdan boshim ustida osmon ikkiga bo'lib ketgandek bo'ldi. Kuchli momoqaldiroqning gumbirlashi bola yuragimga o'shanda olam-olam vahima va qo'rqinch solgan edi. Uyga qanday yetganim esimda yo'q, o'shanda buvam eshik oldida meni kutib turgan va qo'rqmaganimni so'ragan edilar. Qo'rqmadim deb aytgandim, lekin aslida bunday emas edi. O'sha holat, chaqmoq chaqqan lahza, uning ketidan osmon qarining ich-ichidan vahimali gumburlash, o'sha vaqtda men kelayotgan ko'cha, chap tomonimdagi tol... qisqasi hamma-hammasi shuurimga singib qolgan va har gal oradan necha yil o'tishiga qaramay kuchli momoqaldiroqni eshitgan vaqtimda o'sha kunni eslayman, beixtiyor yuragimni qo'rquv egallaydi.
Men yana shamoldan qo'rqaman. Qattiq shamol turgan vaqtda, osmon tund, daraxtlar g'iq-g
Hamyurtimiz Nigina O‘ktamova yoshlar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. Tarbiya qilgan ota-onasi, ustozlariga ming rahmat!
O‘zbekning qizlari har tomonlama qobiliyatli, ularning hech qaysi xalq qizlaridan kam joyi yo‘q. Imkoniyat berilsa, kifoya.
Mana shunaqa qizing bo‘lsa, eri g‘iring deganida 360 darajada aylantirib sola oladi 😆
Yashavor, singlim! Rosa faxrlandim! Har doim g‘olib bo‘l!
@birkunimen
Odamlarning sen haqingdagi shakllangan fikrini o'zgartirishga urinish, xuddiki katta dehqon bozori o'rtasida turib olib, to'xtovsiz va tartibsiz harakatlanayotgan ommalarni bir yo'nalishda harakatlanishga undashga o'xshaydi. Aqlli odam buning foydasizligini tezda anglaydi va kishilarning u haqidagi fikrlarini o'zgartirish fikridan voz kechadi.
Odamlarga sen haqingda istagancha fikrlashlariga qo'yib ber. Sen o'zingning asosiy yo'lingdan chalg'ima, agar to'g'ri yo'lda bo'lsang, kun keladi va o'sha odamlarning o'zi senga "Men siz haqingizda noto'g'ri o'ylagan ekanman" deb aytadi.
Ishonmasang sinab ko'r, sinalgan 😉
Bir kuni men...
Turmushimning avvalgi yillarida ayolimga moddiyat muhim emasligini qancha tushuntirishga harakat qilsam ham tushunmas edi. Biz u bilan 6 yil farzandsizlikdan "azob chekkanmiz". Biz ikkimiz ham juda ham farzandli bo'lishni istaganmiz, lekin undan farqli ravishda men bundan ruhan siqilmaganman, bu mening taqdirim ekanligini tushunib yetganman, agar Alloh oxirigacha shu sinov bilan sinashni iroda qilganda ham bunga sabrim yetishiga ichki ishonchim bo'lgan. Ayolimga mana shuni tushuntirishga harakatlarim uzoq vaqt natijasiz kechgan (miyasidagi kichkina teshik tushuntirishlarimni to'liq tushunishga imkon bermas edi). U meni men uni tushunmayotganimni aytib ayblar edi. Men buning sababini bilardim, shu bois asosiy e'tiborimni unga vaziyatni tushuntirishga emas, aksincha uning miyasidagi teshikni ochishga qaratdim. Keyinchalik ayolim o'zi istab psixologiyaga o'qidi. Birgalikda Xitoyda yashaganimizda o'z shaxsiyati ustida jiddiy ishladi. Miyasidagi teshigi kengaya boshlagach hammasi butkul o'zgara boshladi. Xuddi shuni kutib turgandek, Alloh bizga farzand ham berdi (O'ziga beadad shukur). Hozir ayolim aytadiki, "hayotimizning avvalida siz moddiyat haqida gapirganingizda siqilardim, nega erim bularni tushunmaydi deb o'ylardim, hozir esa atrofimdagilarni ko'rib, siz o'sha vaqtda menga aytganlaringizni aytyapman, ulardan sizga avval o'zim aytgan gaplarni eshityapman". Kulib "akangga quloq sol, uka" deb hazillashib qo'yaman))
Hozir endi o'zi psixolog bo'lib, boshqa o'ziga o'xshaganlarning miya teshigini kengaytirish bilan shug'ullanmoqda)))
Agar kishiga nimanidir uqtirmoqchi bo'lsangiz avvalo uning miyasidagi teshigini kengaytirib olish muhimligini tushuning, ana undan keyin unga nimadir tushuntirsangiz tushunadi va u qabul qiladi. Aks holda gaplar havoga uchadi. Miyasidagi teshigi katta bo'lganlar bilan o'zaro gaplashish, suhbatlashish, dardlashish qanchalik mazzaligini hatto tasavvur ham qilolmaysiz, dillar suhbatlashgandek bo'ladi.
Miyadagi teshikni qanday kengaytirish kerak?
Avvalo o'sha odam miyasidagi teshigini kengaytirishga imkon berishi, buni uning o'zi istashi kerak. Agar o'zi istamasa, kengaytirmoqchi bo'lganga imkon bermasa hech qanday foydasi yo'q. Men bu borada odamlarni quyidagicha saralayman. Agar kimningdir teshigini kengaytirishga kirishmoqchi bo'lsam, o'sha insonning bunga ehtiyoji qay darajada kuchli ekanligini sinab ko'raman. Buning uchun unga muhim bo'lgan biror narsaga kelishamizda biror haftadan keyin yoki falon kundan keyin menga eslating deb aytaman. Keyin o'sha odamni o'sha aytilgan muddatda o'sha narsani qayta eslatishini, murojaat qilishini kutaman. 10 tadan 9 ta odam qaytib murojaat qilmaydi, chunki unga hozirgi teshigi bilan yashash shundoq ham qulay, men ham o'zimni unutganga solaman)) Unga kerak bo'lmagandan keyin nega men u uchun harakat qilishim kerak? Lekin ba'zilar bo'ladi ketingizdan quvib yuradi, ana ularga yordam bersangiz bo'ladi. Men ana shunday odamlarni bilaman, hozir ular mening do'stlarim qatorida ham bor, ular bilan ba'zida o'zlariga sezdirib, ba'zida sezdirmasdan ishlaganman.
Post juda cho'zilib ketdi, xullas ashnaqa gaplar. Agar kimdir sizni tushunmayaptimi? Hamma ko'rib turgan xavfni ko'rmayaptimi, ogohlantirishlaringizni jiddiy qabul qilmayaptimi demak uning teshigidan siz aytayotgan informatsiya sig'mayapti. Unaqalar tek qo'yib bering, ular hech bo'lmaganda 1-2 marta o'z xatolarini qilib olishlari kerak, ana shunda teshigi kengayadi yoki kengaytirishlariga imkon beradi.
Bir kuni men...
Men nega o'zgarib qoldim?
#teshigi_kattalar_uchun_post
Men psixologiyani havasga o'rganmaganman. Shu narsaga o'zimda kuchli ehtiyojning borligi, odamlar bilan munosabatlarimni izga solish, atrofimdagi jamiyat a'zolari bilan osonroq til topish, ularni tushinish uchun o'rganishni boshlaganman. O'rganish shunchaki bo'lmagan, men har bir o'rgangan narsamni hayotda qo'llab ko'rardim. Mana shu yo'l bilan o'rganganlarimni saralardim, keraklilarini o'zlashtirib, xarakterimga "qo'shib" olardim.
O'zim o'rgana boshlagach bilganlarimni boshqalar bilan bo'lishishga harakat qilganman. Qarshimdagi odam tushunsa-tushunmasa, qabul qilsa-qilmasa unga leksiya o'qishga, nasihat qilishga harakat qilaverardim. Ayni o'sha vaqtda gaplarim suhbatdoshimni qiziqtirar, buni uning ko'zlaridan ko'rardim. Lekin ko'p o'tmay shuncha gaplarim havoga uchganini, u odamdagi o'zgartirish yoki tahrirlash kerak bo'lgan jihatning mutlaqo o'zgarmaganini ko'rib biroz hayron qolardim. Nega menda ishlagan psixologik metodlar unda ishlamadi deb o'ylardim.
Ana o'shanda men bir muhim narsani hali bilmas edim. Keyinchalik mana shu narsani o'rgangach hayotim yanada osonlashdim. Odamlar bilan munosabat o'rnatishim avvalgidan yaxshilandi, avvallari o'xshasa-o'xshamasa sarflaydigan ko'pgina energiyamni o'zimda saqlab qolishga muvaffaq bo'ldim. Bu qanday sir edi.
Quyidagi rasmni ko'ring. U yerda 4 ta aylana, to'g'rirog'i teshik tasvirlangan. Bu teshiklar bizning miyamizdagi ma'lumot qabul qila oladigan ramziy teshiklardir. Miyadagi teshik har bir odamda har xil bo'ladi, bu uning dunyoqarashiga bog'liq, aslo ma'lumoti yoki yoshiga emas. Agar qarshimda miyasidagi teshiklar mana shu rasmda tasvirlangandek 4 xil kattalikdagi to'rt kishi bo'lsa, ularga biror narsa haqida aytsam, mana shu 4 odam o'sha gapni, deylik nasihatni yoki maslahatni 4 xil qabul qiladi. Teshigi kichkina odam o'sha teshigiga sig'adigan darajasini oladi, teshigi kattarog'i esa o'ziga mosini, teshigi eng kattasi esa men nimani nazarda tutganimni to'liq tushunib, qabul qiladi, chunki men bermoqchi bo'lgan informatsiyaning hajmi uning miyasidagi teshikdan sig'adi.
Teshigi kichkina odam teshigi kattaroq bo'lgan odamning gaplarini tushunmaydi, to'g'rirog'i tushunishni istamaydi. Uning nazdida, boshqalar vaziyatni tushunmagandek tuyuladi. Mana sizga jonli misol bilan tushuntiraman. Menda ham avval boshda boshqalarda bo'lgani kabi boy bo'lish, ko'p pulim bo'lishi, farovon yashashim kerakligi haqida o'ylar, rejalar bo'lgan. Lekin miyamning teshigi kengaygach tushundimki, bu narsalar men uchun umuman muhim narsalar emas ekan. Albatta yashash uchun moddiyat kerak, men buni aslo rad etmayman, lekin ayni vaqtda mening hayotimda moddiyat prioriterda emas, men ko'p pul topishga, amalga, qanaqadir karyeraviy o'sishlarga qiziqmayman, chunki ularning menga qizig'i yo'q, ular men istagan biror narsani ham bera olmasligini anglab yetganman. Men uchun ilm-fan, ilm-fanda nomim qolishi, ilm-fan orqali insoniyat tarixi o'z izimni qoldirish, shu yo'lda o'zimning izdoshlarimni topish va ularga o'zlarini topishda yordamlashish asosiy prioritetga aylangan.
Bir kuni men...
Bugun g'alati voqea bo'ldi. O'n kuncha avval O'zbekistondan menga pochta orqali tadqiqot uchun baliq to'qimalari yuborishgan edi. Mana shu pochta men yashaydigan shahar pochtasiga kelgan, lekin xalqaro pochtani tekshirish bo'limi uni ochib, ichida hayvon to'qimasi borligini ko'rgach menga qo'ng'iroq qildi. O'sha vaqt hali yotoqxonada edim. Men bilan gaplashgan xodimning ingliz tilisi yaxshi emas ekan, birorta xitoy tilini biladigan o'rtog'ing yo'qmi dedi, bor, birozdan keyin telefon qiling unda dedim. Hayronman, nima deyishi mumkin ekan deb. Keyin laboratoriyaga yo'l oldim.
Borib yetganimdan keyin yana qo'ng'iroq bo'ldi. Xitoylik kursdoshimga berdim. U uzoq gaplashdi. Keyin menga qarab "afsus, senga yomon xabar. Namunalaringni yo'q qilishar ekan. Hozir chet eldan Xitoy hududiga hayvon to'qimasi olib kirish taqiqlangan ekan" deb aytdi. Qo'ng'iroq "domashniy" raqamdan bo'lgan edi. Ha maylida deb o'z ishimga chalg'ib ketdim.
Bir mahal yana "domashniy" raqamdan qo'ng'iroq bo'ldi. U vaqtda xonadoshlarim hammasi kech ovqatga chiqib ketgan, xonada bir o'zim edim. Olsam erkak kishi, men yana o'sha pochtadagilar deb o'yladim. "Iltimos, inglizcha gapira olasizmi, men xitoycha gapira olmayman" dedim. U xitoychada bir narsalar dedi. Orada inglizchada nimadir deyishga harakat qildi, tushundimki menga politsiyadan qo'ng'iroq qilishmoqda ekan. Qolgan gapidan faqatgina "ehtiyot bo'l, ehtiyot bo'l" degan gapiga tushundim. Shundan keyin go'shakning narigi tarafidagi odamga "birozdan keyin qo'ng'iroq qila olasizmi, hozir yonimda birorta ham xitoylik yo'q edi, men esa sizni tushuna olmayapman" dedim. U "ok ok" deb go'shakni qo'ydi.
O'zimcha o'ylayman, nega menga politsiyadan qo'ng'iroq qiladi? Besh yilga yaqin Xitoyda yashayotgan bo'lsam biror marta politsiya bezovta qilmagan. Xayolimda pochtadagilar mana bu chet ellikka shunaqa taqiqlangan buyum keldi, bir surishtiringlar dedimikan degan fikr keladi. Unda nega "ehtiyot bo'l" dedi deb hayronman. Qarasam, iftor vaqti yaqinlashmoqda. Tezda laboratoriyada og'zimni ochdimda shomni o'qib, uyga yo'lga chiqdim. Telefonimni qarasam SMS kelibdi, begona raqamdan. Ochib qarasam quyidagi xabar kelgan. U yerda "Biz politsiyadanmiz. Kimdir seni aldashga harakat qilmoqda. Hech kimga tarmoq orqali pul yuborma. Ehtiyot bo'l" deb yozilgan. Shunda hammasi ayon bo'ldi.
Demak, hali politsiyadan qilingan qo'ng'iroqning pochtaga hech qanday aloqasi bo'lmagan. Bular meni onlayn firibgarlikdan ogohlantirmoqchi bo'lgan ekan.
Politsiya faqat odamni tekshiradi, ayblaydi degan miyamda qotib qolgan stereotip ular seni kutilmagan xavfdan ham himoya qiladi degan narsani o'ylashga yo'l bermagan ekan. Bilmadim politsiya meni kim qanday qilib aldashga urinayotganini aniqladi ekan, bilganim chet elliklarning telefonlari, hamma-hamma narsalari kuzatiladi, balki chindan ham kimdir shunday shubhali urunish qilgandir, bu yog'i menga qorong'u. Meni o'yga toldirgani politsiyaning telefon qilib ogohlantirishi bo'ldi.
Ana shunaqa gaplar...
Bir kuni men...
#Faqat_erkaklar_öqisin
- Yaxshi ishlab keldingizmi dadajonisi? Rosa charchagansiz, hozir oyog'ingizga issiqqina suv tayyorlab beraman, tuzli vanna qilasiz, charchog'ingiz bir pastda chiqadi.
- Shunday qil xotin. Nima gap? Uy tinchmi?
- Ha, albatta, hammasi yaxshi! Kunduzi singillaringiz kelishdi, oyijon bilan akangizni ko'rgani borib kelishdi, barakatopgurlar!
- Ha, onam: "Akangni ko'rgani boraman" degandilar, akam yaxshi ekanlarmi?
- Yaxshi bo'lsalar kerak, oyijon bilan gaplashmadim hali. Lekin singillaringiz ajoyibda, biram katta akalariga mehribon, biram g'amxo'r! Katta akamiz betob deb ikkalasi ham alohida-alohida ovqatlar qilishibdi.
- Ha, ko'z tegmasin, singillarim tillo!
- Shuni aytamanda, akalariga juda mehribon. Siz qishda shamollaganingizda qishligi uchun kela olishmagan bo'lsa ham telefonda ikki kunda bir mendan so'rab turishgan. Esizda bo'lsa o'shanda sovuq edi, esizga tushdimi, ayamlarbilan dadam ko'rgani kelishgandi-ku!
- Ha esimda-esimda...
- Singlingizni qo'li shirinda shunaqa chiroyli xonim qilibdi bugun. Ha darvoqe, tushlikka mastava qilgandim, ozgina isitib kelaymi?
- Yo'q, qornim to'q, uxlaymiz endi.
- Xo'p, oyog'ingizni quritib oling unda, men suvni to'kib kelaman.
*****
Ana hikoya tugadi. Odatdagi er-xotin suhbati, to'g'rimi? Bir qarashda ajablanadigan hech narsa yo'qdek. Aslida esa psixologik nuqtai nazarda ayol ongsiz tarzda (anglanmagan, ataylab ko'zlamasdan) erini miyasiga yangi programmani joyladi. Endi er kechqurun yotganida kasal yotgan akasini, singillarini o'ylaydi. Mehribon singillari borligini o'ylab suyunadi. Faqat... faqat, nega qishda u kasal bo'lib yotganida singillari uni ko'rgani kelmagani uni biroz qiynab o'tadi. Akamni ko'rgani ikkalasi ham kelibdi-da. Yoshligimizda ham akamni mendan ko'proq yaxshi ko'rishar edi. Ha to'g'ri, turmushga chiqayotganda ham akamni quchoqlab yig'lashgandi... Nimalar deyapman, xotinim rosa maqtadiku ularni, singillarim yaxshi. Lekin baribir meni ham akamdek yaxshi ko'rishsa yaxshi bo'lar edi-da...
Hurmatli yigitlar, men ERRRkakman deb kerilib aldanib qolmang, men uyning xo'jayiniman, meni aytganim aytgan, deganim degan deb havolanib qolmang, ayol kishi sizni sizga sezdirmay shunday manipulyatsiya qiladiki, boshi baylangan qo'ydek, qanday qilib uning yo'rig'iga yurib ketganingizni o'zingiz sezmay qolasiz. Ayollar buni ataylab qilmaydi, bu ularning qonida bor, ular buni tabiiy tarzda amalga oshiradi.
Yuqoridagi voqeaga ham qarasangiz xotin eriga bir og'iz ham singillarini yomonlamadi, lekin er singillari haqida salbiy fikrlashi uchun erning miyasini erga sezdirmasdan turib sozladi. Ertaga er oilada qandaydir bo'lib konflikt chiqsa singillariga sizlar meni ajratasizlar deb baralla aytadi. Singillar esa ayol bo'lgani uchun bu g'oya muallifini darrovda tushunadilar va akaga xotingiz sizga shunday dedimi deb so'rashadi. Aka esa xotini aksincha ularni maqtaganini aytib, hammasini o'zi tushunib yetganini aytib diydiyo qiladi. Ex ayollar, Shrekning mushukchasi bo'lib olib biz erkaklarni shunchalik oson manipulyatsiya qila olasizlar-a))))
Xo'sh, nima qilish kerak?
Xudo bergan aqlni ishlatish kerak. Xulosa chiqarishda shoshib qolmaslik kerak. Ayol kishiga albatta quloq tutish lozim, chunki ayol kishidagi sezgirlik, ayrim instinktlar erkaklarda yaxshi rivojlanmagan bo'ladi, bu tomondan ayollarga suyanish kerak, lekin qaror qabul qilishda, aqlga ko'proq quloq tutish lozim. Va eng muhimi Alloh bog'lagan rishtalaringiz (ota-ona, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug') haqidagi har qanday salbiy fikr sizni qattiq ranjitishini ayolingizga yaxshilab tushuntirib qo'yishingiz lozim. Ana shundagina ayolning miyasida ham ularni raqib sifatida emas, eri kabi o'zining tarafdorlari sifatida ko'ra boshlaydi.
1-qism tugadi))
Keyingi qismda ayollar qanday qilib o'zining fikrini sizga singdirishini va tashabbus go'yoki sizdan chiqqandek qilib sizni manipulyatsiya qilishini aytib beraman))
Bir kuni men...
Bola psixologiyadan bir shingil...
Ayol oilaning ham jannati, ham do'zzaxidir. Boisi uning arzimas harakatlari ham oila o'zanining keskin burilib ketishiga sabab bo'lishi mumkin. Hozir sizga onadagi juda ham kichik bir harakatning bola tarbiyasidagi roli va 15-20 yildan keyingi oqibati qanday bo'lishini ko'rsatib beraman.
Mana sizga tipik misol. 5-6 yoshli o'g'il bola. Hovlida qo'shnining bolasi bilan o'ynayapti. Tushlik vaqti bo'ldi. Ona oshxonadan chiqib qo'llarini fartugiga artar ekan:
- Falonchijon bolam, tushlik vaqti bo'ldi, kelaqon endi, yuz-qo'lingni yuv, tushlik qilamiz. Pistonchijon o'g'lim, sen ham uylaringga boraqol endi bolam, onang seni ham izlab yurgandir. Ertaga yana o'ynagani chiqqin, xo'pmi? Onangga salom ayt.
Qarang, ayol hech kimga baqirmadi, chaqirmadi, aksincha ikki bolaga ham juda yaxshi gapirdi. Lekin u mana shu yerda o'g'lining qalbiga xasislik urug'ini qadadi. U buni balki o'zi bilmay turib qilgandir, lekin buni aynan u qildi.
Onalar ana shunday qilib o'g'il o'stiradi-da, ertaga u 30-35 ga kirganda hunar chiqarib onani kuydirganda, yig'lab "Men o'zim yemay yedirib, oq yuvib, oq tarab katta qilsam ham bolam shunaqa chiqdi" deb nola qiladi. Esda tuting, bola qulog'i bilan emas, ko'zi bilan tarbiya oladi. Bolaga aytib emas, ko'rsatib tarbiyalash kerak.
Bola o'zidagi nimanidir yon-atrofdagilari bilan bo'lishishni o'rganishi uchun unga avval kattalar shu ishni qilib ko'rsatishi kerak. Chunki bola hali bo'lishish nimaligini bilmaydi. Yuqoridagi holatda bola ovqatlanish vaqtida do'stini taklif qilish kerak emasligini/shart emasligini ong osti darajasida tushundi. Bu holat bir ikki takrorlangach, keyin onasi aytmasa ham o'zi o'rtog'iga "sen turib tur yoki uyingga borib tur, men ovqatlanib chiqay" deydigan bo'ladi. Agar ona o'sha holatda ikki bolani chaqirib baravar ovqatlantirganida bola bundan butkul boshqacha narsani o'rganar edi.
"Kapalak effekti" degan narsa bor. Odamning yoshlidagi mana shunday juda ham arzimas hisoblangan jihatlar uning ruhiyati shakllanishida muhim rol o'ynaganini u voyaga yetib o'sha tarbiyani namoyish qilganda ko'ramiz. Shu bois yaxshilab fikrlab, atrofingizdagilarni kuzating, o'zingizni kuzating, farzandingizga qanday tarbiya berayotganligingizni taftish qiling, ana shunda juda ko'p xatoliklarga yo'l qo'yayotganingizni anglab yetasiz.
Ana shunaqa gaplar...
Bir kuni men...
- Qanday boy bo‘lish, falon-falon...
- Vaqtni rejalashtirish, falon-falon...
- Munosabatlardagi falon-falon...
- Omadli biznes boshlash, falon-falon...
- Biznesda taym-menejment, falon-falon...
- Baxtli bo‘lishning super sirlari, falon-falon...
- Uydan chiqmasdan pul topish, falon-falon...
- Facebookda o‘tirib pul topish, falon-falon...
Bu hozir bizning trendda bo‘lgan kitoblar, suhbatlar, seminarlarning mavzulari. Hammasi ajoyib, faqat meni bir narsa rosa qiziqtirmoqda, unsiz qanday qilib non, guruchsiz qanday qilib osh pishirishmoqchi, shunga aqlim yetmayapti?
Taraqqiyotning asosi bu fundamental aniq va tabiiy fanlar. Bu fanlarni bilmasdan turib falon-falonlar ortidan chopish unsiz non yopaman, guruchsiz osh damlayman deyishdan boshqa narsa emas!
Osh pishganda chaqirarsizlar 😉
Bir kuni men...
