2871 ta testdan iborat 8-sinf darsligining “Kundalik-optimal” test to‘plami nashrdan chiqdi
Bu raqam og‘izning bir chetidan chiqib ketadi. Quruq raqamdek tuyiladi. Xuddi tarix kitoblarida “falon urushda 28541 kishi halok bo‘ldi” degan jumlani o‘qiganimizda 28 541 shunchaki raqam bo‘lib ko‘ringani kabi. Holbuki, uning ortida 28 541 ta alohida taqdir, alohida hayot bor.
2871 ta test ham men uchun shunchaki 2871 emas. Har birining ortida vaqt, o‘qish, izlanish, tekshirish, xato qilish, qayta tuzish va yana qayta tekshirish bor. Har bir testga mehnatim singgan.
Lekin bu safar o‘sha mehnat haqida emas,
shu mehnatni qilishimga imkon bergan odamlar haqida yozmoqchiman.
Men test tuzishga har kunimning kamida 8 soatini ajrataman. Shu sababli ba’zan kanalda kamnamo bo‘lib qolaman. Aslida 10 ta gapdan iborat postni yozishim 5 daqiqa ham vaqt olmaydi. Ammo 8 soat davomida test tuzgan bo‘lsam, o‘sha kun uchun eng muhim ishimni bajargan bo‘laman.
Men uchun hozir eng katta “foydali ish koeffitsiyenti” “
Kundalik-optimal”larni yaratish.
Kimdir “Nega bepul dars o‘tmaysiz?” deb so‘ragandi. Ishoning, men uchun bepul dars o‘tish – Kundalik-optimal tuzishdan 100 baravar osonroq ish. Xohlasam, kuniga ikki soat ajratib, bemalol dars o‘tishim mumkin. Lekin bunday qilsam, ichimda boshqa bir gap turadi:
“sen hozir “Kundalik-optimal”ni tuzishing kerak-ku”. Shu fikrning o‘zi meni tinch qo‘ymaydi.
Chunki oldimga aniq maqsad qo‘yganman –
qishgacha barcha darsliklar uchun “Kundalik-optimal” test to‘plamlarini chiqarish.
Ayni paytda biror kitobni bepul o‘tishdan ko‘ra, shu to‘plamlarni nashr ettirish odamlar uchun ham 100 baravar katta foyda beradi aslida (“Kundalik-optimal”ni ishlaganlar buni yaxshi tushunadi).
Bu ishlarni qilish uchun menga vaqt kerak. Vaqt esa ayrim ishlarni kimdir o‘z zimmasiga olganidagina paydo bo‘ladi.
Shu ma’noda “Kundalik-optimal”lar faqat mening mehnatim mahsuli emas. Masalan, onlayn guruhlarimda savol-javoblarni
bir kun men, bir kun Mardon ustoz olib boramiz. Mardon ustoz savol-javobni olib borgan kuni men 8 soatdan ham ko‘proq ishlay olaman.
Ochig‘i, kasbiy hamkorlik masalasida odamlarga juda kam ishonaman. Bu – sifat masalasi. Biror ishni boshqa odamga topshirishim uchun uning natijasi men qilganimdek chiqishiga ishonishim kerak.
Mardon ustozga esa o‘zimga ishongandek ishonaman. Savol-javoblarimiz ham deyarli bir xil bo‘ladi. Qolaversa, uning boshqa ko‘plab xislatlari ham bu ishonchni oqlab kelmoqda.
To‘g‘ri, “
Kundalik-optimal”ning o‘zini yaratish jarayonida hech kim bilan hamkorlik qilmayman. Har bir ma’lumotni qayta-qayta tekshirish, o‘z tuzgan testiga tanqidiy qarash, testni boshidan tuzish talab etiladi. Xullas, sifatga bo‘lgan talabim juda yuqori.
Lekin bu kitoblarning
yaratilishiga sharoit yaratishda jamoamning hissasi juda katta. Ular bo‘lmaganida men katta vaqtimni test tuzishga ajrata olmasdim.
Ayni paytda bir necha yildan beri menda tahsil olib kelayotgan
Oygul Ikromova ustoz ham tashkiliy ishlarda menga ancha dastak bo‘lib kelmoqda. Unga ham alohida rahmat.
Oflayndagi shogirdim
Sarvinoz esa haqiqiy menejerlik qobiliyatiga ega. Ko‘p ishlarimni yengillashtirib, menga ancha dastak bo‘lmoqda.
Shuning uchun kitob chiqqanida “mana, yana bir kitobim chiqdi” deb, buni faqat o‘z mehnatimning natijasi sifatida ko‘rsatgim kelmadi.
Bu kitoblarda mening mehnatim juda katta, lekin uning ortida mening vaqtimni bo‘shatib bergan, tashkiliy ishlarni ko‘targan, o‘quvchilarimiz bilan ishlagan, menga ishongan odamlarning ham mehnati bor.
Men bu to‘plamlarni juda qadrlayman. Bu kitoblar tarix fanini o‘rganayotgan odam uchun
eng tizimli va uzoq muddat foydalaniladigan materiallardir.
Shu sababli 2871 ta testni ko‘rganingizda, uni shunchaki
“2871 ta test” deb qaramang.
👉 @TESTLIDER