uk
Feedback
PolicyLab.UZ

PolicyLab.UZ

Відкрити в Telegram

Jahon siyosati va iqtisodiyoti tahlili

Показати більше
Країна не вказанаКатегорія не вказана
521
Підписники
Немає даних24 години
+97 днів
+11230 день
Архів дописів
Sanoat inqiloblari: texnologik o‘zgarishlar dunyoni qanday o‘zgartirdi? Insoniyat tarixida har bir yirik texnologik yangilik iqtisodiyot va jamiyatni tubdan o‘zgartirgan. Har bir sanoat inqilobi eski ishlab chiqarish usullarini yangilari bilan almashtirib, yangi kompaniya va davlatlarning yuksalishiga yo‘l ochgan. Birinchi sanoat inqilobi bug‘ dvigateli va mexanizatsiya bilan boshlandi. Qo‘l mehnati o‘rnini mashinalar egalladi, fabrikalar va temir yo‘llar rivojlandi. Ikkinchi sanoat inqilobi elektr energiyasi, neft, po‘lat va ommaviy ishlab chiqarishni olib keldi. Uchinchi sanoat inqilobi kompyuterlar, internet va avtomatlashtirish davrini boshlab berdi. To‘rtinchi sanoat inqilobi esa sun’iy intellekt, robototexnika, katta ma’lumotlar va o‘zaro ulangan qurilmalar bilan bog‘liq. Bugun esa inson va mashina hamkorligi, biotexnologiyalar hamda kvant texnologiyalariga asoslangan beshinchi sanoat inqilobi haqida gapirilmoqda. Bu tarixning asosiy sabog‘i oddiy shuki bugungi yetakchilik ertangi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Yangi texnologiyalarni vaqtida anglab, ularga tez moslashgan davlatlar va kompaniyalar yangi davr yetakchilariga aylanadi. Kech qolganlar esa Nokia misolida bo‘lgani kabi, qisqa vaqt ichida o‘z ustunligini yo‘qotishi mumkin. Bu O‘zbekiston uchun ham juda muhim. Bugun yangi texnologiyalar global iqtisodiyotdagi kuchlar nisbatini qayta shakllantirmoqda. Bizning vazifamiz esa bu o‘zgarishlarni vaqtida anglab, yangi texnologiyalarni iqtisodiyot, sanoat va davlat boshqaruviga tez joriy etishdir. Chunki bugun qabul qilayotgan qarorlarimiz ertaga dunyodagi o‘rnimizni belgilaydi. https://t.me/policylaab

🇧🇷 Foreign Policy: Lula XXI asrning eng muvaffaqiyatli siyosatchilaridan birimi? Foreign Policy braziliyalik tarixchi André Pagliarinining Lula haqidagi yangi kitobini tahlil qilib, uning favqulodda siyosiy yo‘li va zamonaviy Braziliya tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratadi. Oddiy ishchi oilasidan chiqqan, metallurg va kasaba uyushmasi yetakchisi bo‘lgan Luiz Inasiu Lula da Silva 2003 yilda prezidentlikka kelib, Braziliya siyosatining markaziy figurasiga aylandi. Uning davrida iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy dasturlar millionlab braziliyaliklarning turmush darajasini yaxshiladi. Shu bilan birga, uning siyosiy merosi korrupsiya mojarolari va jamiyatdagi chuqur qutblashuvdan xoli emas. Lulaning siyosiy faoliyatidagi eng hayratlanarli jihat - uning qayta-qayta siyosiy “o‘lim”dan qaytishidir. U prezidentlikka bir necha bor muvaffaqiyatsiz nomzod bo‘ldi, keyinchalik qamaldi va 2018 yilgi saylovlarda qatnasha olmadi. Ammo sud hukmlari bekor qilingach, siyosatga qaytdi va 2022 yilda Jair Bolsonaroni mag‘lub etib, yana prezident bo‘ldi. Maqolaga ko‘ra, Braziliyaning so‘nggi chorak asrlik siyosiy tarixini ko‘p jihatdan “Lula davri” sifatida ko‘rish mumkin. Hatto Bolsonaro fenomeni ham Lulaga va uning Ishchilar partiyasi hukmronligiga qarshi siyosiy reaksiya sifatida shakllandi. Natijada mamlakat siyosati hanuz lulizm va bolsonarizm o‘rtasidagi kurash atrofida aylanmoqda. Lula tarafdorlari uchun u kambag‘allikdan chiqqan, aholining quyi qatlamlarini siyosat markaziga olib kelgan va Braziliyaning xalqaro nufuzini oshirgan tarixiy liderdir. Tanqidchilari esa uni populizm, korrupsiya va eski siyosiy tizim bilan bog‘laydi. Endi 2026 yilgi prezidentlik saylovlari Lula merosining navbatdagi katta sinoviga aylanmoqda. Foreign Policy’ning asosiy xulosasi shuki, Lula XXI asrning eng chidamli va siyosiy jihatdan eng muvaffaqiyatli liderlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning eng katta yutug‘i esa - qariyb chorak asrdan beri Braziliya siyosiy kun tartibi hanuz uning shaxsi va merosi atrofida shakllanayotganidir.

Foreign Affairs: BMTni qutqarish Xalqaro Atom energiyai agentligi direktori va BMT bosh kotibligi uchun davogar Rafael Mariano Grossi Foreign Affairsda maqola e’lon qildi. Maqolani nafaqat BMT haqidagi tahlil, balki tashkilotni qanday boshqarish bo‘yicha o‘ziga xos Grossining siyosiy dasturi sifatida ham ko’rish mumkin. Grossining fikricha, BMT tobora global inqirozlarni hal qilish markazidan chetda qolmoqda. Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi qarama-qarshiliklar va boshqa mojarolarda tashkilotning amaliy ta’siri sezilmayapti. Grossining fikricha BMT muzokaralar olib borilayotgan joyda bo‘lmasa, asta-sekin ahamiyatini yo‘qotadi. Muammo faqat moliyaviy tanqislikda emas. BMT haddan tashqari ko‘p mandatlar, takrorlanuvchi tuzilmalar va byurokratik jarayonlar bilan to’lib ketgan. Natijada tashkilot ko‘pincha deklaratsiyalar ishlab chiqarishda faol, ammo amaliy natijalarga erishishda sust ko‘rinmoqda. Grossi BMTni uch asosiy vazifaga - tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlariga qaytarishni taklif qiladi. Ayniqsa, Bosh kotib esa faol vositachi bo‘lishi, barcha tomonlar bilan gaplasha olishi va inqirozlar markazida shaxsan ishtirok etishi kerak. Uning formulasi: “Presence is the job” - voqealar markazida bo‘lishning o‘zi vazifaning bir qismidir. Grossi idealistik emas, pragmatik BMT tarafdori. Davlatlar o‘z milliy manfaatlaridan voz kechmaydi, shu sababli xalqaro hamkorlik manfaatlar kesishadigan masalalar - yadro urushining oldini olish, pandemiyalar, iqtisodiy inqirozlar, sun’iy intellekt va texnologik xavflar atrofida qurilishi kerak. https://t.me/policylaab

🇺🇸 The Economist: AQShning moliyaviy hukmronligi ustida bulutlar AQShning global moliyaviy ustunligi faqat dollarning dunyodagi asosiy zaxira va hisob-kitob valyutasi ekaniga tayanmaydi. Amerika kompaniyalari xalqaro moliyaviy infratuzilmaning ko‘plab muhim bo‘g‘inlarini ham nazorat qiladi. Visa va Mastercard kabi to‘lov gigantlari o‘nlab yillar davomida dunyo bo‘ylab kartali to‘lovlarning asosiy vositachilariga aylandi. Biroq The Economist tahliliga ko‘ra, bu ustunlikning ayrim tayanchlari endi bosim ostida qolmoqda. Dunyoning turli mamlakatlari Amerika kompaniyalariga bog‘liq bo‘lmagan, tezkor va arzon milliy raqamli to‘lov tizimlarini yaratmoqda. Eng yorqin misollardan biri Braziliyaning Pix tizimi. U foydalanuvchilarga banklar o‘rtasida deyarli bir zumda pul o‘tkazish va kundalik xaridlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bunday tizimlar kengaygani sari an’anaviy karta tarmoqlariga ehtiyoj kamayishi mumkin. Bu jarayon oddiy texnologik raqobatdan ko‘ra kengroq geoiqtisodiy ahamiyatga ega. To‘lov tizimlari nafaqat katta daromad manbai, balki moliyaviy ta’sir vositasi hamdir. Global tranzaksiyalarning katta qismi Amerika kompaniyalari infratuzilmasi orqali amalga oshirilishi AQShga xalqaro moliya tizimida katta iqtisodiy va siyosiy ustunlik beradi. Endilikda esa davlatlar o‘z to‘lov infratuzilmasini milliy suverenitetning bir qismi sifatida ko‘ra boshlamoqda. Mahalliy tezkor to‘lov tizimlari banklar va iste’molchilar uchun xarajatlarni kamaytirishi, raqobatni kuchaytirishi hamda xorijiy vositachilarga qaramlikni pasaytirishi mumkin. Shu sababli Braziliya tajribasi boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham muhim namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. The Economist e’tibor qaratayotgan asosiy xavf shundaki, Vashington Amerika kompaniyalarining ustun mavqeini siyosiy yoki savdo bosimi orqali himoya qilishga urinsa, bu teskari natija berishi mumkin. Boshqa davlatlar bunday bosimni o‘z moliyaviy mustaqilligiga tahdid sifatida qabul qilib, milliy yoki muqobil to‘lov tizimlarini yanada tezroq rivojlantirishga kirishishi ehtimol. Natijada jahon moliyaviy tizimi asta-sekin fragmentatsiyalashishi mumkin. Dollar yaqin kelajakda o‘zining markaziy mavqeini yo‘qotmasligi mumkin, biroq uning atrofida shakllangan Amerika moliyaviy ekotizimi -to‘lov kompaniyalari, banklar va boshqa vositachilarning global ustunligi asta-sekin zaiflashishi mumkin. https://t.me/policylaab

The National Interest: Ozarbayjon mintaqada barqaror texnologik ustunlikni mustahkamladi Amerikaning The National Interest jurnali Janubiy Kavkazdagi harbiy kuchlar nisbatini tahlil qildi. Ekspertlar qayd etishicha, 2025 yilgi kelishuvlardan so‘ng Boku va Yerevan munosabatlarni normallashtirish yo‘lidan izchil borayotgan bir paytda, xalqaro tahlilchilar bu jarayonning obyektiv omillariga e’tibor qaratmoqda. Nashrga ko‘ra, mintaqada shakllangan kuchlar muvozanati uzoq muddatli barqarorlikni tanlash uchun muhim pragmatik omilga aylangan. Asosiy farq qurolli kuchlarning tuzilishida namoyon bo‘ladi. Armaniston tarixan statsionar havo hujumidan mudofaa tizimlari va og‘ir boshqariladigan aviatsiyaga tayangan klassik harbiy konsepsiyalar doirasida qolgan. Ozarbayjon esa taqsimlangan uchuvchisiz operatsiyalar, radioelektron kurash va uzluksiz razvedkaga asoslangan yangi modelga o‘tdi. Iqtisodiy va demografik salohiyat ham bu tafovutni yaqqol ko‘rsatadi. Ozarbayjon YAIMi 76 mlrd dollarni tashkil etib, Armanistonning 31,87 mlrd dollarlik ko‘rsatkichidan qariyb 2,5 baravar yuqori. Aholi soni esa mos ravishda 10,69 mln va 2,96 mln kishini tashkil qiladi. Bu Bokuga MiG-29 samolyotlarini modernizatsiya qilish, JF-17 Thunder Block III qiruvchilarini integratsiya qilish, shuningdek, Turkiyaning Bayraktar TB2 dronlari hamda Isroilning Harop va SkyStriker o‘q-dorilaridan iborat kuchli uchuvchisiz arsenal yaratish imkonini berdi. Natijada Turkiya va Isroil bilan mustahkam hamkorlik Ozarbayjonga havoda tezkor ustunlikni qo‘lga kiritish imkonini yaratdi. The National Interest ekspertlari fikricha, Bokuning bunday yaqqol doktrinal va texnologik ustunligi har qanday harbiy revansh g‘oyasini istiqbolsiz qiladi. Bu esa tomonlarning diplomatik muzokaralarga moyilligini kuchaytirib, Janubiy Kavkazdagi uzoq muddatli barqarorlik uchun zamin yaratadi. https://t.me/policylaab

Foreign Policy: Netanyaxu nega Turkiyani yangi asosiy tahdid sifatida ko‘rsatmoqda? Foreign Policy yozishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik yana kuchaygan bir paytda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu asosiy e’tiborni Eronga emas, tobora ko‘proq Turkiyaga qaratmoqda. Nashrga ko‘ra, bu faqat xavfsizlik masalasi emas, unda ichki siyosiy hisob-kitob ham bor. Maqolada qayd etilishicha, Netanyaxu Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiyani Isroil uchun uzoq muddatli strategik raqib sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Anqaraning Suriya va mintaqadagi ta’siri kuchayishi, harbiy salohiyati hamda Falastin masalasidagi keskin pozitsiyasi Isroilda xavotir uyg‘otmoqda. Biroq nashrning asosiy fikri shuki, Netanyaxu Turkiya tahdidini bo‘rttirayotgan bo‘lishi mumkin. Isroilda 2026-yil oktabrida saylovlar kutilayotgan bir paytda, tashqi dushman obrazini kuchaytirish Netanyaxuga o‘zini mamlakat xavfsizligining asosiy kafolati sifatida ko‘rsatishga yordam beradi. Shu sababli Isroil-Turkiya ziddiyati endi faqat ikki davlat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat emas. U Netanyaxuning ichki siyosiy kurashi va hokimiyatni saqlab qolish strategiyasining ham bir qismiga aylanmoqda.

The Economist: Rossiyani o'zgartirishi mumkin bo'lgan odam The Economist yozishicha, Rossiyaning eng yirik sanoatchilaridan biri va o‘g‘it ishlab chiqarish sohasidagi milliarder Andrey Melnichenko ilk bor ochiq chiqish qilib, mamlakat chuqur boshi berk ko‘chaga kirib borayotganidan ogohlantirdi. U Putinga muxolif emas, aksincha urush iqtisodiyotidan foyda ko‘rgan tadbirkorlardan biri. Shu bois uning bayonoti Rossiya elitasidagi kayfiyat o‘zgarayotganining muhim belgisi sifatida baholanmoqda. Qayd etilishicha, urushning oqibatlari endi oddiy rossiyaliklar hayotida ham yaqqol sezila boshlagan. Yoqilg‘i tanqisligi, Ukrainaning dron hujumlari, majburiy safarbarlik va iqtisodiy bosim jamiyatdagi norozilikni asta-sekin kuchaytirmoqda. Bu holat Kremlni urushni yanada kuchaytirish yoki ichki bosimni oshirishga undashi mumkin. Nashrning ta'kidlashicha, Melnichenko Rossiya oldida bir necha xavfli ssenariyni ko‘rmoqda. Unga ko‘ra, mamlakat uzoq davom etadigan inqirozga botishi, tobora Xitoyga qaram bo‘lib qolishi yoki Shimoliy Koreyaga o‘xshash yopiq davlatga aylanishi mumkin. Bunday yo‘l na Rossiya, na qo‘shni davlatlar uchun ijobiy natija bermaydi. Maqolada ta'kidlanishicha, Melnichenko aniq siyosiy islohotlar rejasini taklif qilmayapti. Ammo u Rossiya bir kishiga tayanadigan boshqaruv tizimidan voz kechib, yanada barqaror va oldindan prognoz qilinadigan davlatga aylanishi zarurligini uqtiradi. Nashr bu fikrni 1905-yilgi Rossiya-Yaponiya urushidan keyingi islohotlarga o‘xshatadi.

🇺🇸🇺🇦 FT: NATO sammitida Trampning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi kutilmaganda o‘zgardi Donald Trump NATOning Anqaradagi sammitida Ukrainaga nisbatan avvalgidan ancha ijobiyroq pozitsiyani egalladi. Bu Yevropadagi ittifoqchilar orasida ehtiyotkor optimizm uyg‘otdi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp nafaqat Volodimir Zelenskiy bilan samimiy muloqot qilgan, balki Kiyevga Amerikaning Patriot zenit-raketa majmualarini litsenziya asosida ishlab chiqarish imkoniyatini berishga tayyorligini ham bildirgan. NATOdagi ayrim doiralar buni Vashingtonning Rossiyaga nisbatan yanada qat’iyroq siyosat yuritishi mumkinligining belgisi sifatida baholamoqda. Financial Times yozishicha, Trampga Ukraina jang maydonida tashabbusni qo‘lga olayotgani, Rossiya esa tobora ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. NATOdagi diplomatlardan biri: “Tramp g‘oliblarni yoqtiradi. So‘nggi paytlarda esa Ukraina g‘alaba qozona boshladi”, degan. Shu bilan birga, Tramp yana bir qator Yevropa ittifoqchilarini tanqid qilgan. Biroq sammit ishtirokchilarining aytishicha, yopiq uchrashuvlarda u Kiyevga yordamni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, u yaqin kunlarda Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirayotganini va Moskvaning urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlari o‘zgarayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, The National Interest NATO sammitining asosiy g‘olibi Volodimir Zelenskiy bo‘ldi, degan xulosaga kelgan.

🇺🇸🇮🇷 Axios: Oq uy Hormuz bo‘g‘ozida Eron bilan uzoq davom etadigan qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rmoqda Prezident Tramp ma’muriyati Hormuz bo‘g‘ozi hududida Eron bilan bir necha kun, hatto bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan o‘zaro zarbalar almashinuvi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Axios AQSh rasmiylariga tayanib xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, mojaroning keyingi rivoji, avvalo, Tehronning harakatlariga, xususan, tijorat kemalariga ehtimoliy hujumlariga bog‘liq bo‘ladi. Oq uy AQSh vaziyat keskinlashgan taqdirda ham javob choralarini kengaytirish imkoniyatiga ega, deb hisoblamoqda. Shuningdek, yuzlab neft tankerlarining Hormuz bo‘g‘ozidan muvaffaqiyatli o‘tishi natijasida jahon neft narxlarining keskin oshib ketish xavfi avvalgiga qaraganda kamaygani qayd etilgan. Axios suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, keskinlikning yana kuchayishiga Eron rahbariyatining bir qismi AQSh bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi natijalaridan norozi ekani sabab bo‘lgan. Ularning fikricha, Tehron kutilgan iqtisodiy foydalarni, jumladan, neft eksportining to‘liq tiklanishi va muzlatilgan aktivlardan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kirita olmagan. Bu esa qarama-qarshilikning qayta avj olishiga turtki bergan.

The Wall Street Journal: Sun'iy intellekt davlat boshqaruvini samaraliroq qila oladimi? The Wall Street Journal yozishicha, bugungi kunda ko‘plab demokratik davlatlarning asosiy muammosi pul yoki resurs yetishmasligi emas. Muammo shundaki, davlat fuqarolarga va'da bergan xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli bajara olmayapti. Natijada odamlarning hukumatga bo‘lgan ishonchi pasaymoqda va ko‘plab mamlakatlarda amaldagi hukumatlar saylovlarda mag‘lub bo‘lmoqda. Misol uchun AQSHda 2021-yilda qishloq hududlariga internet olib kirish uchun 42 milliard dollar ajratilgan bo‘lsa-da, oradan to‘rt yarim yil o‘tib atigi ikkita aloqa minorasi ishga tushirilgan. Elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari qurish dasturi ham milliardlab dollar sarflanganiga qaramay, juda sekin amalga oshmoqda. Buyuk Britaniya va Yevropada esa fuqarolar oddiy davlat xizmatlarini olish yoki ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun uzoq vaqt kutishga majbur. Ta'kidlanishicha, bu muammoni yana ko‘proq amaldor yollash yoki budjetni oshirish orqali hal qilib bo‘lmaydi. Yechim - sun'iy intellektni davlat boshqaruviga keng joriy etishdir. Masalan, qurilish uchun ruxsatnoma yoki soliq hisob-kitoblarini sun'iy intellekt bir necha daqiqa ichida tekshirishi, fuqarolarga esa oddiy va tushunarli javob berishi mumkin. Maqolada Ukraina misoli ham keltiriladi. Urush davom etayotganiga qaramay, Diia raqamli platformasi orqali fuqarolar pasport olish, soliq to‘lash, nafaqa rasmiylashtirish va boshqa ko‘plab davlat xizmatlaridan mobil telefon orqali foydalanmoqda. Bunday tizimlarga sun'iy intellekt qo‘shilsa, davlat xizmatlari yanada tez va samarali bo‘lishi mumkin. Kelajakda davlatning kuchi qancha qonun qabul qilganida emas, balki fuqarolarga xizmatni qanchalik tez va sifatli ko‘rsata olganida namoyon bo‘ladi. Agar sun'iy intellekt to‘g‘ri qo‘llansa, u byurokratiyani emas, davlatning samaradorligini oshirishi mumkin.

The Wall Street Journal: Sun'iy intellekt davlat boshqaruvini samaraliroq qila oladimi? The Wall Street Journal yozishicha, bugungi kunda ko‘plab demokratik davlatlarning asosiy muammosi pul yoki resurs yetishmasligi emas. Muammo shundaki, davlat fuqarolarga va'da bergan xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli bajara olmayapti. Natijada odamlarning hukumatga bo‘lgan ishonchi pasaymoqda va ko‘plab mamlakatlarda amaldagi hukumatlar saylovlarda mag‘lub bo‘lmoqda. Misol uchun AQSHda 2021-yilda qishloq hududlariga internet olib kirish uchun 42 milliard dollar ajratilgan bo‘lsa-da, oradan to‘rt yarim yil o‘tib atigi ikkita aloqa minorasi ishga tushirilgan. Elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari qurish dasturi ham milliardlab dollar sarflanganiga qaramay, juda sekin amalga oshmoqda. Buyuk Britaniya va Yevropada esa fuqarolar oddiy davlat xizmatlarini olish yoki ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun uzoq vaqt kutishga majbur. Ta'kidlanishicha, bu muammoni yana ko‘proq amaldor yollash yoki budjetni oshirish orqali hal qilib bo‘lmaydi. Yechim - sun'iy intellektni davlat boshqaruviga keng joriy etishdir. Masalan, qurilish uchun ruxsatnoma yoki soliq hisob-kitoblarini sun'iy intellekt bir necha daqiqa ichida tekshirishi, fuqarolarga esa oddiy va tushunarli javob berishi mumkin. Maqolada Ukraina misoli ham keltiriladi. Urush davom etayotganiga qaramay, Diia raqamli platformasi orqali fuqarolar pasport olish, soliq to‘lash, nafaqa rasmiylashtirish va boshqa ko‘plab davlat xizmatlaridan mobil telefon orqali foydalanmoqda. Bunday tizimlarga sun'iy intellekt qo‘shilsa, davlat xizmatlari yanada tez va samarali bo‘lishi mumkin. Kelajakda davlatning kuchi qancha qonun qabul qilganida emas, balki fuqarolarga xizmatni qanchalik tez va sifatli ko‘rsata olganida namoyon bo‘ladi. Agar sun'iy intellekt to‘g‘ri qo‘llansa, u byurokratiyani emas, davlatning samaradorligini oshirishi mumkin.

Foreign Affairs: Yevropa endi Putin bilan muloqotga tayyorlanmoqda Foreign Affairs yozishicha, Yevropada Rossiya bilan aloqalarni butunlay uzib qo‘yish siyosati asta-sekin qayta ko‘rib chiqilmoqda. Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni kabi yetakchilar urush davom etayotgan bo‘lsa ham, kelajakda Moskva bilan siyosiy muloqotni tiklash zarurligini ochiq ayta boshladi. Yevropaning maqsadi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish emas. Aksincha, Rossiya bilan nazoratsiz qurollanish poygasi, gibrid hujumlar va NATO bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini kamaytirish uchun doimiy aloqa kanallarini yaratish zarur deb hisoblanmoqda. Maqolada ta'kidlanishicha, hozircha Vladimir Putin bunday muloqotga tayyor emasdek ko‘rinadi. Ammo Ukrainaning Rossiya hududiga berayotgan zarbalari, urush xarajatlarining ortishi va ichki bosim kuchayishi Kremlni vaqt o‘tishi bilan muzokaralarga yaqinlashtirishi mumkin. Shu sababli Yevropa bugundan diplomatik kanallarni tayyorlab qo‘yishi kerak. P.S. Yevropa endi Rossiya bilan "do‘stlashish"ni emas, balki xavfli qarama-qarshilikni boshqarishni o‘ylay boshladi. Chunki muloqotning yo‘qligi ba'zan mojaroning o‘zidan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin.

🇹🇷 Bugun Anqarada NATO davlat rahbarlarining sammiti boshlanadi. The Wall Street Journal yozishicha, sammitdagi eng muhim masala mudofaa xarajatlarini oshirish emas, balki AQSHning Yevropadagi harbiy ishtirokining kelajagi bo‘ladi. Donald Tramp ma'muriyati Yevropadagi Amerika qo‘shinlarini bosqichma-bosqich qisqartirmoqda. Bu qaror Rossiyaga G‘arbning qat'iyati susaymoqda, degan signal berishi mumkin. Nashr ta'kidlashicha, Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirayotgan bo‘lsa-da, ular hali AQSHning harbiy salohiyatini to‘liq almashtirishga tayyor emas. Shu sababli hozir qo‘shinlarni kamaytirish NATOning tiyib turish salohiyatini zaiflashtirishi mumkin.

⚡ Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi amaldagi prezidentga yana prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida qatnashish huquqi
Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi amaldagi prezidentga yana prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida qatnashish huquqini beradi. Bu haqda Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi o‘z qarorida ma’lum qildi.

⚡️Damashqda Fransiya prezidenti Makron yashayotgan mehmonhona oldida portlash bo’libdi. Suriyada xavfsizlik bo’yicha muammolar to’liq hal etilmaganga o’xshaydi.

Project Syndicate: Sun'iy intellekt "dizayner chaqaloqlar" davrini boshlab berishi mumkinmi? Nobel mukofoti sovrindori Daron Achemoglu yozishicha, sun'iy intellekt va genlarni tahrirlash texnologiyalarining birlashuvi yaqin kelajakda ota-onalarga farzandining nafaqat irsiy kasalliklarini bartaraf etish, balki uning aqliy salohiyati, jismoniy xususiyatlari va boshqa sifatlarini oldindan tanlash imkonini berishi mumkin. Muammo shundaki, bunday imkoniyat dastlab faqat badavlat oilalar uchun ochiq bo‘ladi. Ta'kidlanishicha, agar bu jarayon bozor qoidalariga tashlab qo‘yilsa, jamiyatda yangi tengsizlik paydo bo‘lishi mumkin. Avvallari boylik avloddan-avlodga mol-mulk orqali o‘tgan bo‘lsa, endi genetik ustunlik ham meros bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Natijada iqtisodiy tengsizlik biologik tengsizlik bilan mustahkamlanishi mumkin. Achemoglu fikricha, texnologiyaning o‘zi muammo emas. Asosiy masala - undan qanday foydalanilishida. Agar genlarni tahrirlash og‘ir irsiy kasalliklarning oldini olish uchun barcha fuqarolar uchun teng va ommabop tibbiy xizmat sifatida qo‘llansa, u insoniyat uchun katta foyda keltirishi mumkin. Ammo u faqat tijorat mahsulotiga aylansa, jamiyatni yanada chuqur tabaqalashtiradi Shu bois olim hukumatlar texnologiya ommalashishini kutib o‘tirmasdan, hozirdanoq aniq qoidalar ishlab chiqishi kerakligini ta'kidlaydi. Sun'iy intellekt va genetika sohasidagi qarorlar faqat laboratoriyalar yoki xususiy kompaniyalar qo‘lida qolmasligi, balki jamiyat manfaatlari asosida boshqarilishi lozim.

FT: Putinning urushni kuchaytirish imkoniyatlari qisqarmoqda Financial Times yozishicha, Kreml oldida Ukraina bilan urushni kuchaytirishning to‘rtta asosiy yo‘li bor. Bular frontga ko‘proq qo‘shin tashlash, yadroviy tahdidni kuchaytirish, NATO bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga kirish yoki G‘arbga qarshi gibrid hujumlarni kengaytirish. Biroq tahlilga ko‘ra, bu variantlarning har biri Rossiya uchun katta xavf va cheklovlarga ega. Nashrning ta'kidlashicha, Rossiya har oy 35 mingga yaqin harbiydan ayrilmoqda va ularning o‘rnini to‘ldirish tobora qiyinlashmoqda. Umumiy safarbarlik e'lon qilinishi esa ichki norozilikni kuchaytirishi mumkin. Yadroviy qurol bo‘yicha tahdidlar esa avvalgidek ta'sir qilmayapti - G‘arb bunday bayonotlarni jiddiy qabul qilmayapti emas, lekin ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Shuningdek, NATO davlatlariga bevosita hujum qilish yoki Boltiqbo‘yi hududida mojaro chiqarish ehtimoli ham past baholanmoqda. Chunki bu Rossiyani Ukrainadan tashqari yana bir front ochishga majbur qiladi va NATO bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush xavfini keskin oshiradi. Gibrid hujumlar - kiberhujumlar, sabotaj yoki infratuzilmaga zarar yetkazish - davom etishi mumkin, ammo G‘arbning javob choralarini ham keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori.

The Economist: Hindistonliklar qanday kitob o‘qiyapti va bu jamiyat haqida nimani anglatadi? The Economist yozishicha, Hindistonda kitob bozori mamlakatdagi ijtimoiy kayfiyatni aks ettiruvchi o‘ziga xos ko‘zguga aylangan. Qiziq tomoni shundaki, mamlakatda yuzlab tillar mavjud bo‘lsa-da, eng ko‘p o‘qilayotgan kitoblarning aksariyati ingliz tilida. Ingliz tili hindlar uchun shunchaki muloqot vositasi emas, balki yaxshi ta'lim, muvaffaqiyat va ijtimoiy yuksalish ramzi hisoblanadi. Eng ommabop kitoblar badiiy asarlar emas, balki o‘zini rivojlantirish (self-help) janridagi kitoblardir. "Atomic Habits", "The Psychology of Money", "How to Win Friends and Influence People" kabi kitoblar yillar davomida bestseller bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda hind mualliflarining zamonaviy hayot, martaba, sog‘liq va shaxsiy rivojlanish haqidagi kitoblari ham katta talabga ega bo‘lmoqda. Nashrning ta'kidlashicha, hind kitobxonlari faqat muvaffaqiyat sirlarini emas, balki o‘z tarixi va milliy o‘zligini ham faol izlamoqda. Hindiston tarixi, dini, mifologiyasi va geosiyosatiga bag‘ishlangan kitoblar savdosi sezilarli oshgan. Ayniqsa, qadimgi diniy matnlar va zamonaviy talqindagi ruhiy-ma'rifiy asarlar keng ommalashmoqda. Yana bir qiziqarli tendensiya esa ijtimoiy tarmoqlar kitob o‘qishga salbiy emas, aksincha, ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Mashhur blogerlar va YouTube mualliflari yozgan kitoblar millionlab nusxada sotilmoqda, Instagram va YouTube esa kitoblarni targ‘ib qiluvchi muhim maydonga aylangan.

CFR: AQSH tashqi siyosatidagi eng to‘g‘ri va eng xato qarorlar AQSH Mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Council on Foreign Relations (CFR) 350 dan ortiq tarixchi ishtirokida so‘rov o‘tkazib, AQSH tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng muvaffaqiyatsiz tashqi siyosiy qarorlar reytingini tuzdi. Tarixchilar fikricha, eng muvaffaqiyatli qarorlar AQSH xalqaro hamkorlikni kuchaytirgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Reytingda Marshall rejasi, BMTning tashkil etilishi, Fransiya bilan ittifoq, NATO va Bretton-Vuds moliyaviy tizimini yaratish kabi qarorlar yuqori o‘rinlarni egallagan. Ularning barchasi AQSHning nafaqat o‘z manfaatlarini himoya qilgani, balki xalqaro barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga ham xizmat qilgani bilan izohlanadi. Eng katta xatolar qatoriga esa 2003-yilda Iroqqa bostirib kirish, Vetnam urushiga keng ko‘lamda qo‘shin yuborish, mahalliy hindularni majburiy ko‘chirish siyosati va xalqaro hamkorlikdan voz kechilgan ayrim qarorlar kiritilgan. Tarixchilar fikricha, bu qarorlar AQSHning xalqaro nufuziga putur yetkazgan, katta iqtisodiy va insoniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan. CFR tahliliga ko‘ra, AQSH xalqaro institutlar va ittifoqlar orqali harakat qilgan paytda ko‘proq muvaffaqiyat qozongan, bir tomonlama va harbiy kuchga tayangan qarorlar esa aksariyat hollarda salbiy oqibatlarga olib kelgan.

WSJ: Tramp Jahon chempionati qaroriga aralashmoqda The Wall Street Journal yozishicha, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun bahsli qizil kartochka olib, keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq bu masala kutilmaganda Oq uy darajasiga chiqdi. Prezident Donald Tramp bu qaror AQSHning Jahon chempionatidagi imkoniyatlariga salbiy ta'sir qilishini aytib, ma'muriyatiga vaziyatni o‘zgartirish yo‘lini topishni topshirgan. Shundan so‘ng Oq uy rasmiylari FIFA qaroriga huquqiy e'tiroz tayyorlashni boshlagan. Tramp shaxsan FIFA prezidenti Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgan. Oradan bir necha kun o‘tib FIFA Intizom qo‘mitasi kam qo‘llanadigan qoidaga tayangan holda Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilgan. Bu qaror ko‘plab davlatlarda keskin tanqid qilindi. Belgiya futbol federatsiyasi norozilik bildirgan bo‘lsa, boshqa murabbiy va mutaxassislar siyosiy bosim futbol hakamligi mustaqilligiga putur yetkazishini ta'kidlashmoqda. P.S. Futbolda odatda hakamning so‘nggi hushtagi oxirgi so‘z hisoblanadi. Bu safar esa ko‘pchilik nazarida hal qiluvchi hushtak stadiondan emas, Oq uydan yangragandek bo‘lmoqda.