Fikriyat.
رفتن به کانال در Telegram
Post olinganda manba koʻrsatilsin. https://t.me/Tafakkur_chizgilari https://t.me/+eBnTEMe4-ShiNjMy
نمایش بیشتر469
مشترکین
-124 ساعت
-17 روز
-130 روز
آرشیو پست ها
469
Tarix haqisa oʻylasam, xayolimga maktab darsliklari va ularda keltirilgan mavzular hamda yillar ketma-ketligi kelaveradi. Aniqroq aytganda, tarixni maktab darsliklari linzasi orqali koʻraman. Butun bolalik yillarida oʻqilgan va miyaga, tafakkurga quyilib qolgan bu kitoblar voyaga yetgach ham tarixga, umuman har qanday sohaga nisbatan dunyoqarashni belgilashdagi birlamchi rolini yoʻqotmaydi, qanchalik koʻp kitob oʻqisak va yo dunyo koʻrsak-da. Xuddi hafta kunlarini maktabda tutiladigan kundalik daftar shaklidek tasavvur qilganimiz kabi, boshqa barcha jabhalarda ham tevarak olam haqidagi tasavvur va tafakkurimiz ham bolalik chogʻlarida ongimizga quyilgan tushunchalar yoxud koʻrgan-kechirgan on-jarayonlarimizning in'ikosi boʻlib qolaverarkan.
Bundan boshqacha va farqliroq manzarani, tasvirni koʻra bilish esa insondan mutlaqo boshqacha yondashuvlarni taqozo qiladiki, buning uchun u tafakkur tarzi va xayol kuchini mutlaq qaytadan koʻrib chiqishi kerak.
Shu bilan birga, yashab turgan muhitimiz ham bir ijtimoiy tizim ustida mavjuddir va usiz yashay olmaydi. Ayni paytda, biz dunyoda yolgʻiz mavjud boʻlish qobiliyatiga-da sohib emasmiz. Yuqorida aytganimdek, xayolimizda yillar ichra qurilgan ramziy borliqdan tashqari real mavjud boʻlgan borliq, lekin aslida bizdan oldingilar tomonidan yaratilgan sun'iy konstruktiv borliq ham mavjud. Pazl boʻlaklari singari biz ana oʻsha tizimning bir qismiga aylanish uchungina oʻqiymiz, yillarimizni balki keraksiz boʻlgan faoliyatlarga, bilimlarga tikamiz.
Biz oʻqigan tarix ham, yillar aro, umrimiz mobaynida oʻrgangan, koʻrgan narsalarimiz ham aslida oʻsha ramziy hamda real borliqning bir boʻlaklaridir. Dunyoga nazar tashlar ekanmiz, uning oʻtmish, bugun va kelajakdan iborat ekanini butun jamiyat baham koʻradigan kollektiv xotira orqali bilamiz. Aslida bizning xotiramiz ham individual emas, balki boshqalar tarafidan mavjud qilingan ijtimoiy xotiradir, va boshqalarsiz (xususan ustoz oʻlaroq koʻriladigan shaxslarsiz) biz tom maʼnoda oʻzimizda tugʻma bor deb hisoblaydigan dunyoni idrok etish qobiliyatiga ega boʻlolmas edik.
Razmiy borliq bugunning odamlarini ramziy shaklda oʻtmish odamlariga, uning ajdodlariga, oʻtmish voqealariga bogʻlaydi. Ikkisi oʻrtasida allaqanday aloqa shakllantiradi. Bu orqali shundoq ham jismoniy tarafdan mutlaq zaif va yakka holatda qoʻlidan hech bir ish kelmaydigan, koinot bilan taqqoslaganda zarra ham boʻlmagan inson zoti oʻtmishga boqib oʻzining to tugʻilishdan beri yashab kelayotgan hayotiga ma'no va maʼlum ramziy shakllar bagʻishlaydi. Bu koʻrinishda jamiyatning butun aʼzolari o‘zlarini chuqur tarixga ega bo‘lgan mazmunli bir dunyoning vakillari oʻlaroq koʻradilar. Yuqoridagilarni oʻzlaridan olib tashlaganda ibtidoiy odamdan sira farq qilmasliklarini anglamagan holda, mavhum buyuklik va mavhum kelajak sari odim otadilar.
Biz bilgan siyosat, huquq, ijtimoiy fanlar, adabiyot, iqtisod, maʼmuriy tuzilmalar, agrar faoliyat, kasb-hunar, ijtimoiy til, hazillar, tutumlar-u udumlar, qarashlari ustuvorliklar, xurofot-u bid'atlar, barcha-barchasi ramziy borliqning parchalaridir. Aniqrogʻi, bizga berilgan ijtimoiy xotiraning boʻlaklaridir.
469
Hech narsa oʻz-oʻzidan tugʻilib, paydo boʻlib, vujudga kelib qolmaydi. Avvallari menda shunday bir tasavvur bor ediki, dunyoni yaxlit koʻz bilan koʻrar, odamlarga umumiylashtirilgan til va idrok bilan baho berardim.
Biroq tafakkur va bilim sarhadlarining kengroq qamrovi sari kirib borar ekanman, hammasi men, goʻl va g‘oʻr yosh inson oʻylaganchalik tushunarli va ravon emas ekan. Biz bilgan narsalar, shakl topgan tasavvurlar, bilim deb ataydiganlarimiz va ularga koʻra shakllangan kishilik sinflari va tafakkur tarzlari barcha-barchasi oʻzgachalik, ya’ni oʻtmishdan ajralib chiqish yoxud farqlanish, odamlardan yiroqlashish yoxud firqalanish istagi va tinimsiz bir narsa ustida ter toʻkish gʻayrati hosilasi boʻlishi mumkin.
Aniqroq aytganda bizga maʼlum, bilimli deb hisoblaydiganimiz shaxslar yoki kimlardir tarafidan paydo qilingan bilimlar, yozuvlar oʻz-oʻzidan shakllanib qolmagan. Ularning ortida kuchli istak va dunyoni anglashga va anglaganlar asosida unga maʼno berishga urinish ishtiyoqi yotadi. Bizning (bizdan ustunligi yaqqol hisoblanadigan) kimlargadir nisbatan bildiradigan tanqidlarimiz, past baho berishlarimiz, yoxud koʻz oldimizda mukammalligi mutlaq namoyon turgan bilim mahsullariga eʼtiborsiz yondashishimiz ularning ortidagi uzoq yillik mehnatlar va murakkab yoʻllar xaritasini yoʻq qilib yuborolmaydi. Buyuklikka erishish esa biz oʻylaganchalik oson emas, garchi bugungi kunda uning son-mingta hiylakor yoʻllari paydo boʻlgan boʻlsa-da.
Va ba’zi haqiqatlarni oʻsha haqiqat yashaydigan yoxud yuzaga chiqqan muhit ichida/uning bir qismi boʻlmaguningizcha anglay olmaysiz. Ayni chogʻda, baʼzan bu muhit/makon tashqaridan shu qadar kuchli tarzda ihotalanadiki, uning ichiga odatiy tasavvur va dunyoqarash bilan kirib boʻlmaydi. Minglab kitoblar ichiga shoʻngʻibgina oʻsha haqiqat mohiyati tagiga yetish mumkin boʻlsa-da, real dunyo eshigi qulflig’ligicha qolaveradi.
Lekin eng asosiy haqiqat shuki, biz dunyoda tabiat olamidan tashqaridagi mavjud narsalarning bari odamzod mahsuli, misol uchun biz oʻzgarmas voqelik deb biladigan narsaning oʻzi ham aslida bizdan tashkil topgan subyektiv reallikdir. Nimagadir qarshilik koʻrsatish uchun avval uning mohiyati bilan tanish boʻlish kerak, u mohiyat negizida esa inson fikr-u xayollari, idrok va tasavvurlari yotadi.
469
Pul va mavqe o‘zining salbiy xarakter kasb etgani uchun emas, balki sizni undan-da yaxshiroq narsalardan chalg‘ita oladigan darajada jozibador bo‘lgani uchun xavflidir. Ular ko‘pincha yanglish hayot tarzini hurmatga sazovor, hatto nufuzli qilib ko‘rsatadi. Ular sizni o‘z salohiyatingizni tugal ro‘yobga chiqarmaganingiz uchun mukofotlaydi.
Odamlarning aksariga o‘zini yuksakroq ezgulik yo‘lida safarbar etishi uchun o‘nlab yillar kerak boʻladi, ba’zilar esa bunga umuman erishmaydi. Ustuvorliklaringizni qanchalik yosh holingizda o‘zgartirsangiz, shuncha yaxshi. Yuksak ezgulikni tuban manfaatlardan ustun qo‘yishni naqadar erta o‘rgansangiz, adashib qilingan sa’y-harakatlar oqibatlarini bartaraf etishga umringizning shu qadar kam qismini sarflaysiz.
(C)
469
Xalqning hayoti jonlidir; zero g‘ayrihaqiqiy xalqning o‘zi bo‘lmaydi; ammo burjua bo‘lishga urinayotgan, ziyoli bo‘lishga intilib tipirchilayotgan ozchilikning hayoti o‘likdir. Sun’iydir. Katta xiyobonlar, baland imoratlar sukunat ichradir. Bu ham yopiq bir tizim; ustiga-ustak, qoidalari ham yo‘q. Har bir oilaning farzandlari yoyilib-tarqalib ketadi. Jonli hayotdan mahrum holatlarini shovqin-suron bilan yashirishga, berkitishga urinadilar: ziyofatlar, avtopoygalar, giyohvand moddalar, chegarasiz jinsiy munosabatlar, pul topish ishtiyoqi. Aslida ularning barchasi g‘arblik “og‘a”larining xira nusxalaridir. O‘lchamlari kichikdir; ularning ham qahramonlari bor; ammo tezda so‘nadi, oddiylashib qoladi. O‘yinni oxirigacha yetkazishga madorlari yetmaydi. Ko‘pchiligi mamlakatda bir “sayyoh” – turist kabi yashaydi.
Oğuz Atay, "Kundalik"
469
Repost from Arxetip
+1
Hwang Bo-reum janubiy koreyalik yozuvchi bo‘lib, uning debyut romani “Hyunam-Dong kitob do‘koniga xush kelibsiz” bir kechadayoq mashhurlikka erishgan va bir qancha tillarga o‘girilgan. Kitobning yaponcha tarjimasi 2024 yilda “Yaponiya kitob sotuvchilari” mukofotini qo‘lga kiritgan. Roman Janubiy Koreyada 300 000 dan ortiq nusxada sotilgan.
Hwang kompyuter fanlari bo‘yicha tahsil olgan va bir necha yil davomida LG Electronics kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lib faoliyat yuritgan. Keyin bu ish o‘zi uchun mos emasligini tushunib, ishdan bo‘shagan. U 30 yoshida yozishni boshlagan va uning dastlabki asarlari nashriyotlar tomonidan rad etilgan. “Men har kuni o‘qiyman”, “Kikboksingni birinchi marta sinab ko‘rdim” va “Bu masofa mukammal” nomli esse to‘plamlarini yozganidan so‘ng, u roman yozishga qaror qildi.
“Hyunam-Dong kitob do‘koniga xush kelibsiz” romanini uch oyda yozib tugatdi va uni Brunch nomli adabiy platformaga joyladi. Platforma tanlov e’lon qilganda, u o‘z romanini taqdim etib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Romanning inglizcha tarjimasi keyinchalik boshqa tillarga o‘girish uchun 25 mamlakatga sotildi. Kitob ko‘pincha “shifobaxsh roman” yoxud “kayfiyatni ko‘taruvchi roman” sifatida tasniflanadi.
https://t.me/Arxetipnashr
469
Inson gapirarkan, nafaqat uni tinglayotgan kishi, balki oʻzi ham oʻzini tinglaydi, lekin koʻpchilik buni farqiga bormaydi. Aslida oʻzini tinglay olish katta bir san'at, hammaning ham qoʻlidan kelmaydi. Odatda kishi gapirarkan oʻziga quloq solish, ogʻzidan nimalar chiqayotganini, miyasi qanaqangi gʻoyalarni/fikrlarni til orqali soʻzlarga koʻchirayotganini ilgʻash orqali ham oʻz olamida yuz berayotgan evrilishlar, voqeliklar haqida koʻp narsani bilib olishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan hatto oʻzi bilan oʻzi gaplashishning foydali tomonlari ham bor, deyish mumkindir, ehtimol.
469
“Men odamlarga o‘qing, o‘qing, o‘qing, o‘qing, o‘qing, deyman. Kitob o‘qiganlar dunyoga egalik qiladi; internetga sho‘ng‘iydiganlar yoki haddan tashqari ko‘p televizor ko‘radiganlar esa uni boy beradi... Sivilizatsiyamiz zamonaviy jamiyatning mutolaadan ommaviy tarzda voz kechishi tufayli chuqur yara olmoqda.
— Verner Gersog
469
Nima uchun oʻtmishga qarash muhim?
Biz imkoniyatlari ham moddiy ham maʼnaviy tarafdan cheklangan odamzod sifatida bor-yoʻgʻi bir necha oʻn yilliklarni yashab oʻtamiz va bu vaqt dunyoni, borliqni, tevarak-atrofimizni anglab ularga maʼno berishga juda ozlik qiladi. Hatto ayrimlarimizga bu soniyalardek gap. Zero, baʼzilar butun hayoti davomida oʻzligi, maqsadi, dunyoda yashayotgan hayoti ortidagi maʼnolarni idrok etolmay, arzimagan narsalarni-da tushunolmay oʻtib ketadi, ular uchun bu dunyodagi hayot bir oʻyin atrofida kechadi, Xudo tomonidan tabiat va dunyoda bizga tuhfa etilgan neʼmatlardan shunchaki zavq va surur chiqarishga intiladi. Mana shu ularning nazdida yashalishi kerak boʻlgan chinakam hayot tarzidir. Hatto bunga qarshi chiqib, koʻp narsalarni inkor etib, hamma narsani boshdan, yangidan tartiblashni, maʼnolarni qaytadan yaratishni yoqlaydiganlarni tushunmay oʻtishadi.
Kechmish, garchi kechib oʻtgan boʻlsa-da, shunday cheksiz jarayonki, unda aql sarhadlari qamrab oladigan har qanday maʼno, idrok, tushunish, payqash, shakl berish, his etish, ifoda etish birgina inson emas, balki yuzlarcha inson generatsiyasi, davri aro bajariladi. Chunki uni birgina inson ado etolmaydi. Bu davriy, silsilaviy, vaqt kabi uzluksiz davom etib keladigan, faqat inson aqli va qalbi qodir boʻlgan jarayondir.
Va buning natijasida qadriyatlar, anʼanalar, xalqona tafakkur tarzlari, ijtimoiy normalar, tutumlar, urflar, qarashlar, dunyoni anglashning turfa yoʻllari, maʼnolar, ifodalar nodir shaklda paydo boʻlib boradi. Kelajakka boqmoq uchun mana shu adogʻi yoʻq ijtimoiy shakliyatlarning tizmasini hatlab oʻtmogʻimiz shart – bu esa baland togʻga koʻtarilishdan aslo qolishmaydi. Shu bois ham men birgina insonning ijodiy va ilmiy mehnati, ishlari bilangina cheklanib, uning hayot yoʻlini toʻgʻri deb bilib, unga ergashishni durust deb bilmayman.
469
Biz o‘zimizni boshqalardan chetga olishga intilamiz, chunki oʻzimizni yovuzlikning bir parchasi oʻlaroq ko‘rishni istamaymiz. O‘zimizni undan yuqori qo‘yib, barcha insoniy ayblovlardan xoli bo‘lishni istaymiz. (Bizga maʼlum) Terrorchining tashqi ko‘rinishi ana shu umumiy intilishning eng shiddatli namoyonidir.
Bizni o‘zgartiradigan narsa – bu dunyoni va o‘zimizni sevish, barcha yomonliklariga qaramay, uni ezgu deb bila olish qobiliyatidir. Biroq bu ne’mat bizga faqat o‘zimizni uning bir qismi deb qabul qila olganimizdagina nasib etadiki, bu mas’uliyatni zimmasiga olishdan boshqa narsa emas.
Baayni “bu dunyoda aybdor kimsa yoʻq” materialist inqilobchilarning shiori bo‘lgani kabi, “bu dunyoda hamma aybdor” – Dostoyevskiyning shifogo‘y qahramonlari shioridir. Dunyo va o‘zimiz qamrab olgan barcha yovuzlik va tubanliklarga qaramay, o‘zimizni va dunyoni sevish ma’lum ma’noda chinakam mo‘jizadir. Ammo bu mo‘jiza biz o‘zimizni uning bir qismi ekanligimizni tan olganimizdagina ro‘yobga chiqadi, xolos. Boshqalarning muhabbatini qabul qilishimiz ham buning bir boʻlagidir. Biz sevilibgina sevishga qodir bo‘lamiz;
(C) Charles Taylor, faylasuf, "Oʻzlik manbalari"
469
Irvin Yalom – amerikalik eksiztensial psixiatr, mashhur psixolog. Uning “Creatures of a day” kitobi tarjimasini tamomladim. Nashrdan chiqib qolsa yaxshi yangilik boʻladi psixologiya va psixiatriya sohasi uchun.
469
Yutubda video koʻrayotib shu narsani payqadim. Men murakkab montajli videolarni koʻra olmas ekanman. Instagramda ilmiy reels chiqib qolganda ham baʼzida besabab ensab qotishi, koʻra olmay qolishim, darhol oʻtkazib yuborishim sababi ham qisman shunda boʻlishi mumkin.
Chunki ularda maqsad ilm yoyish emas, balki algoritm qonun-qoidalariga boʻysunish, imkon qadar koʻproq odamni jalb etish boʻladi. Men arizamagan bir minutlik videoni bir soat vaqt sarflab montaj qilish va buni faqatgina obunachilarni keraksiz eʼtibori uchungina qilishni ahmoqona ish deb bilaman, shu vaqtgacha shu narsani anglab yetmagan edim, garchi ongostimda his qilib turgan boʻlsam ham – toki oʻzim video olib koʻrmagunimcha.
Yutubda esa bir soatlik video uchun soatlarcha vaqt ketkazib montajlar - tahrirlar qilish, eʼtiborni hadeb boʻlaveradigan animatsiyalar, kliplar, keraksiz rasmlar qoʻshib tashlash – men uchun keraksiz jarayonlar, ortiqcha ishlar ekan, o'ylab qarasam. Vizuallik qiziqmas men uchun. Lekin algoritm mana shular bilan ishlashi achinarli.
Menga qariya bir faylasuf yoki olimning bir soat davomida bir xil burchakda turib gapirgan videosini eshitib oʻtirish, qiyinchiliklar bilan oʻlim-tirilib montaj qilingan videolarni tomosha qilishdan afzalroqdir.
469
Mutolaa olami tanazzulga yuz tutmoqda, uning o‘rnini esa audiovizual tasvirlar dunyosi jadal egallamoqda. Eng achinarlisi, o‘qishdan yuz o‘girishning ijtimoiy sabablari ham sinfiy asoslarga borib taqaladi.
Elita o‘z farzandlarini nodir va klassik asarlar chuqur o‘rgatiladigan va ularni o‘zlashtirishi shart bo‘lgan dargohlarga yuborishda davom etayotgan bir paytda omma, oddiy xalq texnologiya yordamida yaratilgan ommaviy video va audio kontent ixtiyoriga tashlab qo‘yildi, buning ustiga, yaqin kelajakda bunday kontentning aksariyati avtomatlashtirilgan holda ishlab chiqarilishi ehtimoli katta.
**
So‘nggi bir necha o‘n yillikda kitob va jurnallar mutolaasi kamayib borayotgani statistik tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan, shuningdek, bu holatni ommabop ijtimoiy odatlarni kuzatgan har qanday odam yaqqol sezadi.
Yozma so‘z o‘zining madaniy markaziyatini shaxsiylashtirilgan video va audio orqali uzatiladigan, mohiyatan og‘zaki muloqot shakllariga bo‘shatib bermoqda.
Bu o‘zgarish nafaqat madaniy, balki ayni damda metafizik ahamiyatga ham ega. Biz o‘zimiz sezmagan holda insonning ma’lum bir qiyofasi – mashaqqatli fikr bilan band bo‘la oladigan, teran va vazmin mushohada yurituvchi shaxsning tanazzuliga guvoh bo‘lmoqdamiz.
(C)
469
Ayrimlarning peshonasiga ulkan karvondan ilgarilab ketish, o‘z yo‘lini mustaqil topish yozilgan bo‘ladi. Ularning mehnatini o‘z zamonida anglab boʻlmaydi. Biroq, ancha vaqt o‘tib, qolganlar ham (uning darajasiga) yetib keladi va o‘sha ilk kashshoflar vafotidan so‘ng tan olinib, sharaf qozonadi.
(C) Charles Taylor.
469
Instagramda toʻpori va oʻta sodda hayot tarzi, fikrlash va xatti-harakterli odamlarning aynan jo‘n va yengil-yelpi narsalarni, biror bir sohaning kuchli mutaxassisi boʻlmasdan, uni yuzadan aks ettirish orqali yuz minglab, hatto millionlab obunachini, xususan oʻzbek obunachisini qulaylik bilan toʻplab olishini tushunish qiyin.
Lekin tarixga qarasak, kalavaning bir ichi xalqlarimizning azaldan jangovar va milliy ruhiyatga toʻyingan boʻlgani, ularga bosh, rahbar kishi ketdik desa unga jonini berishga tayyor yuzlab, minglab askarlar toʻshagida uxlab yotgan yerida oʻrnidan shart turib jang uchun safarga ketaverganida boʻlishi mumkin.
Ha. Qadimda turkiy xalqlarning qon-tomirida bor boʻlgan bunday dushmanga qarshi oʻzaro tez birlashib ketish xislati bugungi kunda qaysidir darajalarda oʻzini namoyon ettirmoqda. Masalan Chingizxonning boshqa xalqlarning hech bir qiyinchiliksiz yengga olganining sababini ham shu omil bilan izohlasa boʻladi. Bu Boshligʻiga soʻzsiz itoatda boʻlgan, doimo jangga shay turgan, koʻzi dushmanlardan olinadigan oʻljalar va neʼmatlar bilangina ko‘r qilinib itoat ettirilgan askarlar boshqacha darajadagi yashash va fikr yuritishni taqozo etuvchi bugungi zamonda oʻz yoʻlboshchisini ijtimoiy tarmoq influyenserlarida topayotgan bilimsiz olomonga aylandi. Qadimda bizning foydamizga ishlagan bu xususiyat endilikda ziyonimizga ishlayapti.
Buning sabablari koʻp. Bittasi, qadimda janglar, yurishlar orqali kimgadir, qaysidir xalqlarga nisbatan oʻz ustunligini mana shunday qaynoqqonlilik, koʻzi ochlilik, vajohat, shashtdorlik, jurʼatdorlik orqali koʻrsatib qoʻyish biz uchun oson edi va buning natijasida oʻsha paytda bilingan dunyoning uchdan bir qismini egallay olgan edik, garchi bu keyinchalik har yoqqa yoyilib ketgan urugʻlar, davlatlarni keltirib chiqargan boʻlsa-da. Bugungi kunda esa xuddi oʻshanday zehniyatdagi askar tafakkurli xalq kimlarningdir, hatto begonalarning sahifalarini millionlatishga hissa qoʻshish bilan andarmon, zero bundan boshqasi qoʻlidan kelmaydi.
469
Ayni damda yashab, qoʻnib turgan yerimdan olisroq qayergadir borsam makon sogʻinchidan tamoman ayri va farqli boʻlgan gʻashlik va qisqa muddatli ezginlik his qilaman oʻzimda. Bu koʻngil yoshligi odamzodning naqadar kichkinaligiyu, yer kurrasining nechogʻlik buyukligi bilan qaysidir maʼnoda eshdir. Edirnega borib ham shuni his qildim. Yoʻq, bu gal bu gʻashlik joy bilan emas, balki joyning muayyan bir qismi bilan bogʻliq. Sulton Boyazid II kulliyasi, Sogʻlik muzeyini kezinar, avval bemoriston va shifoxona vazifasini oʻtagan, endilikda esa sayyohlar uchun muzey oʻlaroq faoliyat koʻrsatayotgan bu goʻzal goʻshaning tarixiy tarovatidan bahramand boʻlar ekanman, masofaviy emas, tarixiy bir ezginlik hissini tuydim. Biz yashab turgan hayot tuhfalari bilan 400-500 yil muqaddam yashagan insonlar uchun qulaylik va imkoniyat tushunchalarining nechogʻlik farq qilishini anglashga tutindim u on. Oʻz davrining eng oldi va koʻp funksiyali majmuasi hisoblangan hamda oʻsha davr uchun odatiy holda markaziy masjidga (Boyazid II Jomisi) yondosh holda bunyod etilgan bu bino oʻnlab xonalarga, mamlakatning turli yerlaridan tashrif buyurgan xilma-xil xastalikdagi bemorlarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boʻlgan.
Eng koʻp diqqatimni tortgani musiqa va kuylar orqali davolash usuli boʻldi. Bu oʻsha davr uchun noodatiy davolash usullaridan edi. Tasavvur qiling-a, bemorsiz, balki ruhiy allaqanday xastaligingiz bor, bir tanishingizning taklifi bilan bir qancha kunga oʻsha yerga davolangani keldingiz, oʻlkaning deyarli hech yerida uchratib boʻlmaydigan, benazir bir muhit ichiga tushib qolganingizni anglaboq ichingizda quvonch toʻlqinlari mavj urishni boshladi. Ayniqsa musiqiy kuylarning bir-tekis va ravon sadolari oʻzingizni bamisli jannatdadek his ettirmoqda. Ayni damda siz kabi oʻzga bemorlar bilan suhbatlar qurasiz, har hafta boshida yoxud jumadan keyin yetuk ustozlar tomonidan tashkil qilinadigan maʼruzalarga qatnashasiz, aqlni daqiqlikka chorlovchi intellektual bahs-munozaralarga guvoh boʻlasiz. Bularning barobarida siz umringizning shu pallasiga qadar bundayin ajoyib-u gʻaroyib makonni koʻrmaganingizni idrok etasiz.
Men oʻsha bemorning kelajakdagi versiyasi boʻldim aslida. Xastalikdan xoli odam yoʻqligini inobatga olsak, men ham oʻsha makonga qator xastaliklarim bilan qadam ranjida etgan boʻlsam ajab emas. Va u tuhfa etgan keng ajoyibotlar uzra tentirash-la, xayolot olamim yoʻnalishi allanechuk burib yuborilgandek boʻldi, nazarimda. Koʻngildagi gʻashlik boisiga kelsak, u vaqtlarda yashagan, sevingan, oʻylagan, ogʻrigan, yigʻlagan vujudlarning bugun yoʻqligi, tarixning qa’riga singib ketgani, bir kun kelib biz ham kelajak nasllar uchun tarixning bir parchasi holiga kelishimiz, va bu jarayon, bu evrilish uzluksiz davom aylashi meni. Biz vaqtga nisbatan ham mittimiz, umrimiz oz. Mahdudmiz. Uzun davrni his etish, yashash, idrok qilish ne’matidan ayrimiz. Ayni shu boisdan arzimagan narsalar bizni xursand qila, sevintira olgani yangligʻ, mahzun etishga, ezishga, qalbimizga huzun olib kirishga qodirdir.
Ha, biz buyuk edik, ehtiyojimiz darajasida texnologiya va moddiy neʼmatlar ixtirosi bilan yetarlicha mashgʻul edik. Bugun tarixning osoriga aylangan, qarshimizda koʻrgazma oʻlaroq namoyon boʻlib turgan narsalar bir vaqtlar musulmon sivilizatsiyasining qaynoq qon-tomirlari edi.
469
Nega tarixni oʻrganish kerak? Chunki insonga oʻrganish uchun insoniyat hayoti va kechmishidan oʻzga narsa yoʻq. Tarixni yoqtirmayman deyish – insonlar haqida oʻrganishni sevmayman va oʻz navbatida inson oʻlaroq yashash mening tanlovim emas, deyishga oʻxshaydi.
Chunki modomiki dars olishni istar ekanmiz va yo oʻsishni bilimda koʻrar ekanmiz, bizning qoʻlimizda yolgʻiz tanlov bor, u ham boʻlsa insoniyat tarixi xususida bilimga ega boʻlmoq. Har kim buni turfa xil koʻrinishda koʻradi, baʼzilar buni bor-yoʻgʻi detallar, sanalar, tafsilotlardangina iborat bilgani uchun uni keraksiz va foydasiz deb oʻylashi toʻgʻri va ana oʻsha insonlar hayot yoʻlini u yoki bu shaklda davom aylash uchun koʻpincha xurofotlarga bosh uradi, bu esa ularni oʻtmish qiziqtirmasligini anglatadi. Va bu qiziqmaslik madaniylikka va ulug'vorlikka esh har narsaga befarqlik bilan yakunlanadi.
469
Bugun Oʻzbekiston tarixidagi eng buyuk harbiy lider, ulugʻ tarixiy shaxsiyat Amir Temurning tugʻilgan kuni. U haqida qanday fikrga – ijobiy, salbiy – ega boʻlmaylik uning tarixda tutgan oʻrni, ahamiyati, hayotidagi ishlari bizning tariximizning muhim bir boʻlagi oʻlaroq xotiralardan unutilmasdan qolaveradi.
Garchi koʻpchiligimiz u haqida tugʻilgan va oʻlgan yilidan boʻlak hech vaqo bilmasak va bilishni ham istamasak-da, tarixning oqimi va yoʻnalishini qaysidir maʼnoda oʻzgartira olgan katta shaxsiyat ekani haqiqati oʻzgarmay qolaveradi.
Garchi hayotining katta qismi janglarda, harblarda kechgan, katta ehtimol bilan tasavvurimizdagidek ilmga ega va ilmparvar boʻlmagan va Chingizxonga xos siyosat olib borganiga qaramay uning hayoti tarixi haqida oʻrganishimiz va bulardan bugungi nuqtayi nazardan oʻzimizga mos xulosa va ibratlar chiqara olishimiz kerak.
Chigʻatoy ulusining parchalanish yoqasida turgan holatidan unumli foydalanib tarqoqlashib ketgan turklarning buyuk hududlarini birlashtirgan – u kezlarda katta qismi boʻlinib ketgan koʻchmanchi moʻgʻul-turkiy qabilalardan tashkil topgan butun markaziy Osiyo hududini bir davlat ostida birlashtirgan, shu bilan birga Usmonlilar va Oltin Oʻrta xonligiga oʻta katta zarbalar bergan – Oltin Oʻrda Xonligi shundan soʻng yiqilgan va mintaqa ruslar taʼsir doirasiga kira boshlagan – boʻlsa-da, oʻsha davr tarixini xotiralardan shunchaki unutilib ketishidan saqlab qololgan.
Uning xotirasini har yili takror takror aytilaveradigan she'rlar, oʻzgarmaydigan matn va maqolalar hamda zerikarli tadbirlar bilan emas, uning hayoti va davri haqidagi chinakam tadqiqotlar va qalin ilmiy kitoblar bilan bugunimiz uchun jonlantirishimiz mumkin.
