#Nazm
***
Rashk! Nima u?
Tanimayman uni, hattoki,
Bir bora o'tmaganman ko'chasidan ham.
Hatto, suvratini ko'rmadim,
Bir bor!
Yig'lashadi, qilishadi hasrat,
Bir olam ko'z yosh.(hayronman)
"Topib oldim to'lov chekini,
Oylik to'lov, katta xarajat.
Bilaman(poyloqchilik qilganda ko'rganman uni)
Bu o'sha - sariq sochli yalmog'iz,
Sarviqomat, ofatijon!"-
(Yig'laydi ovsinim diydiyo qilib)
Izini poylaguncha,
Ko'nglini poyla!
Tilingni shirin qil!
Yozg'iraverma!
Turishingni qara, ering tugul,
Meni ko'nglim ozmoqda!(buyog'i ovsinchilik)
O'rgan(ovsinginam), masalan men
Rashkni bilmayman!
Tanimayman uni, ko'rmaganman hech...
Qani, yoqangiz kirmasmi, dadajonisi?
Ko'zlaringiz ma'yus, charchadingizmi?
Keling azizim, oling,
Shirin taom, qazak ham qildim.
Barchasi siz uchun, achchiq solmadim.(yoqtirmaysiz bilaman axir)
Sochlarimmi? Rahmat, siz uchun
Bo'yatdim kecha.
Uyaltirmang, Onam shunday,
Chiroyli tuqqan!
Damingizni oling! Men ungacha,
Yuvib qo'yay loy tuflingizni,
O'lsin qaysi ko'cha ekan,
Balchiq qoplagan?!
Ehtiyot bo'ling, tag'in yiqilib..,
Najosat bo'lmasin...
Xudo asrasin!
Oshxonamdan pichoqni olib,
U sevgan taomni boshlayman kechga.
G'ingshiydi ovsinim(uyuga ketsachi, eriga boqsin)
"Nima qilsam ekan, bering maslahat?!"
Qiziq ekansizku, men qaydan bilay(changallayman pichoqni)
Bunchalar rashkchisiz?
Boring,qarang ro'zg'oringizga!
Masalan men, rashkni bilmayman!
Tanimayman uni, hatto o'tmaganman ko'chasidan ham...
O'zim atir sepib qo'yaman,
Oppoq yoqali ko'ylagini kiydirib,
Toza tuflisini qo'yaman poyiga:
Yaxshi boring, azizim,
Ehtiyot bo'ling!
Surinib netib yurmang(axir rang - barang "odamlar" ko'p ko'chada)
Yaxshi boring, doim siz bilanman.
Havotir olmang, faqat uyga qaytishingizni o'ylang!!!
Tabassum aylayman, pichoqni sanchaman ho'l taxtakachga...
Burdalayman uning go'shtini(y'ani qo'chqorning)
Tayyorlayman u sevgan taom
So'z demayman, ortiqcha, tamom!(Bilasizku, juda soddaman!)
Ko'rdingizmi?! (Ovsinjon!)
Men rashkni bilmayman!
Tanimayman uni,
Hattoki, o'tmaganman ko'chasidan ham,
Hatto, suvratini ko'rmadim bir bor...
Mastura.
PS: Opamiz yozolmay qolib nimalarni aljirabdi dedingiz. Oq she'r(qofiyasiz) yozib ko'rdim. Qaysidir shoirning adashib yurgan ilhom parisini aldab chaqirib oldim. Har kim qo'lidan kelgan ishini qilsin ekan.😅Yozuvchi yozuvchiligini, shoir shoirligini...
@NasrNazmNavo